Jahon | 22:50 / 15.03.2023
44185
7 daqiqa o‘qiladi

Qora dengizda Amerika droni qulashi. So‘nggi ma’lumotlar

AQSh bu rossiyaliklarning Su-27 samolyoti bilan to‘qnashuv oqibatida ro‘y berganini aytmoqda. Rossiya buni rad etgan. Ekspertlarning hisoblashicha, bu hodisa tufayli ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv kelib chiqmaydi.

Foto: Emerson Nunez / Us Air / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

14 mart tongida amerikaliklarning MQ-9 rusumli uchuvchisiz uchish apparati Qora dengizdagi betaraf hududda rossiyaliklarning Su-27 qiruvchi samolyoti bilan to‘qnashuv oqibatida halokatga uchradi. Bu haqda AQSh Qurolli kuchlarining Yevropa qo‘mondonligi xabar bergan. Rossiya mudofaa vazirligi dron halokati faktini tasdiqlagan, ammo to‘qnashuv haqida hech narsa demagan.

CBS telekanali Su-27 va Amerika droni to‘qnashuvi aks etgan videorekonstruksiyani e’lon qildi. Videodan ma’lum bo‘lishicha, ikki qiruvchi samolyot yarim soat ichida dron atrofida 19 marta aylanib, unga yonilg‘i uloqtirgan. Yonilg‘i dron vintiga tegib, uning ishdan chiqishiga sabab bo‘lgan.

Amerikalik harbiylar versiyasi

Amerika qo‘mondonligiga ko‘ra, rossiyaliklarning ikkita Su-27 samolyoti «odatiy amaliyot»ni bajarayotgan dron yo‘lini to‘sib chiqqan. Qiruvchilardan biri manyovr amalga oshirib, MQ-9 vintini bo‘shatib yuborgan, natijada dron boshqaruvni yo‘qotgan va uni cho‘ktirishga to‘g‘ri kelgan.

Amerikalik harbiylar qiruvchi samolyot bajargan manyovrlarni «xavfli va noprofessional» deb atagan, bu harakatlar «ikki samolyotning ham qulashiga olib kelishi mumkin bo‘lgani»ni bildirgan.

«Bu hodisa rossiyalik uchuvchilarning xalqaro havo hududida, jumladan Qora dengiz ustida AQSh va ittifoqchilarning samolyotlari bilan aloqa qilishdagi xavfli harakatlari ketma-ketligini davom ettiradi. Rossiya ekipajining bunday tajovuzkor harakatlari xavfli va beixtiyor eskalatsiyaga sabab bo‘lishi mumkin», — deyiladi AQSh Qurolli kuchlarining Yevropa qo‘mondonligi press-relizida.

Rossiyalik harbiylar versiyasi

RF mudofaa vazirligi Amerika tomoni bayonotidan taxminan ikki soat keyin rasmiy izoh berdi. Vazirlik versiyasiga ko‘ra, dron transpondyorini o‘chirgan holda urush tufayli parvozlar cheklangan hududga — Qrim hududida «Rossiya chegaralari yo‘nalishi»da parvoz qilgan.

Dronni aniqlash maqsadida havoga qiruvchilar ko‘tarilgan. Keskin manyovrlar natijasida MQ-9 droni nazoratsiz parvozga o‘tgan va suvga qulagan, deya ta’kidlaydi rossiyalik harbiylar. Vazirlik xabarida qiruvchi bilan to‘qnashuv haqida hech narsa deyilmagan.

«Rossiya qiruvchilari bort qurollarini qo‘llamadi, uchuvchisiz uchish apparati bilan kontaktga kirishmadi va baza aerodromga qaytgan», — deya qayd etgan RF mudofaa vazirligi.

Rossiyaning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov Davlat departamentida AQSh davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Karen Donfrid bilan ushbu hodisani muhokama qildi. Antonov Su-27 va dron to‘qnashuvi haqida rasman xabar berilishi bilan Amerika tashqi ishlar idorasiga chaqirilgan, uchrashuv esa bir necha soat o‘tiboq tashkillashtirilgan. Antonov muloqotni «konstruktiv» deb atadi, shu bilan birga, hodisani talqin etish borasida tomonlar o‘rtasida kelishmovchilik saqlanib qolayotganini ta’kidladi. Vashingtondagilar ham tomonlar «to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilish va xavotirlarni aniq yetkazish» imkonini beruvchi ochiq diplomatik kanallarni saqlab qolayotganidan mamnunligini bildirdi.

15 mart kuni RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov prezident hodisadan xabardor qilinganini ma’lum qildi. «Unga xabar berilganmi deb so‘rash — kamida g‘alati. Davlat rahbari va oliy bosh qo‘mondonga bu haqda xabar berilmasligini qanday tasavvur qilasiz? Albatta, bunday bo‘lishi mumkin emas. Albatta, xabar berilgan», — degan u. Peskov shuningdek hodisa yuzasidan oliy darajada aloqa o‘rnatilmaganini qayd etgan. Hodisa yuzasidan izoh berish to‘g‘risidagi savolga javoban u bu haqda RF mudofaa vazirligi tomonidan berilgan bayonotda batafsil keltirilganini aytib, samolyot va dron o‘rtasida «jismoniy kontakt» bo‘lmaganini alohida qayd etdi.

Hodisa AQSh va Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga olib kelmaydi — bu borada harbiy ekspertlarning fikri bir joydan chiqmoqda. Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) har kungi hisobotida AQSh va Rossiya prezidentlari bunday hodisalarga reaksiya tanlashda to‘la erkinlikka egaligi va bunday vaziyatlar avtomatik ravishda eskalatsiya kelib chiqishini anglatmasligini qayd etgan. AQSh prezidenti Jo Bayden bir necha bor Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga kirishmoqchi emasligini qayd etgan, Moskva esa, o‘z navbatida NATO bilan jang qilishni istamasligini namoyish etgan. ISW shuningdek Rossiya harbiylari ko‘p yillardan buyon AQSh va ittifoqchilarning samolyot va kemalariga qarshi «qo‘rqitish taktikasi»ni qo‘llab kelishi va bu hech qachon to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga olib kelmaganini yozadi.

Ukraina rahbariyati bu hodisani Rossiyaning mojaroni keskinlashtirishga qaratilgan ongli urinishi deb baholadi. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov hodisani «Putinning mojaro hududini kengaytirishga tayyorligi» va uchinchi tomonlarni jalb qilishga tayyorligi to‘g‘risidagi signali deb atadi. «Va-bank taktikasi — strategik yutqiziq sharoitida vaziyat o‘zgarishiga umid qilgan holda stavkani doimiy ravishda oshirish», — deya yozgan Danilov tvitterdagi sahifasida.

Dron parchalariga nima bo‘lgani hozircha noma’lum. Hodisa ro‘y berishidan ko‘p o‘tmay rossiyalik g‘avvoslar ularni suv ostidan olib chiqqan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar paydo bo‘lgandi, ammo bu ma’lumot tasdig‘ini topmadi. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Vashington dron begona qo‘llarga tushib qolishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. «Qo‘shma Shtatlar hukumati mulkimizni himoya qilish uchun choralar ko‘rdi. Shubhasiz, biz uni bizdan boshqa birov olishini istamaymiz», deya qayd etdi Kirbi, ammo aynan qanday choralar ko‘rilganiga aniqlik kiritmadi. RF Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev esa, o‘z navbatida Rossiya dron parchalarini dengiz tubidan olib chiqishga harakat qilishini aytdi.

Mavzuga oid