Jahon | 22:17 / 10.04.2025
3970
3 daqiqa o‘qiladi

Qora dengiz sohillaridan 100 dan ortiq o‘lik delfin topildi

Dengiz jonzotlarining o‘limiga Kerch bo‘g‘ozida halokatga uchragan tankerlardan to‘kilgan mazut sabab bo‘lgan.

Foto: Delfacenter

Ekologlar mart oyi davomida Qora dengizning Krasnodar o‘lkasi sohillaridan yana 104 ta o‘lik delfinni topdi. Bunga Kerch bo‘g‘ozida halokatga uchragan tankerlardan to‘kilgan mazut sabab bo‘lgan, deb xabar beradi «Kommersant».

Aprel oyining 10 kuni davomida 23 ta o‘lik delfin aniqlangan. «Delfa» delfinlarni qutqarish ilmiy-ekologik markazining ma’lum qilishicha, 2024 yil 15 dekabrda neft mahsulotlari to‘kilganidan keyin Qora dengiz sohillaridan 84 ta o‘lik delfin topilgan. Mart oyining birinchi haftasida Krasnodar o‘lkasida yana 22 ta delfin jasadi aniqlangan. Shunday qilib, mazut to‘kilishi oqibatida nobud bo‘lgan jonzotlar soni 200 taga yaqinlashmoqda.

Ekologlarning ta’kidlashicha, Qora dengizdagi delfinlarning ommaviy ravishda nobud bo‘lishi har yili mart oyidan iyunga qadar kuzatiladi. Yoqilg‘i to‘kilishining oqibatlari dengiz sutemizuvchilari uchun infeksiyalar va immunitet pasayishi kabi odatiy o‘lim xavfi holatlarini yanada kuchaytirmoqda.

Odatda sohilga chiqib qolgan jonzotlar — bu quvvatsiz va baliqchilar to‘riga tushib qolganidan keyin jarohatlangan delfinlar bo‘ladi. Ba’zida baliqchilar delfinlar to‘rga tushib qolganini yashirish maqsadida jarohat olgan dengiz jonzotlarini o‘ldiradi. «Delfa» mutaxassislarining ta’kidlashicha, 2025 yilda to‘r qo‘yiladigan qalqonbaliqlarni tutish uchun ajratiladigan kvota sezilarli darajada oshgan.

Mart oyida Krasnodar o‘lkasida mazut to‘kilishi oqibatlarini bartaraf etishga yordam berayotgan volontyorlar falokatdan keyin 87 ta delfin, shuningdek, 4123 ta qush o‘lik holda topilganini ma’lum qilgandi. Bundan tashqari, yana 7815 ta qush Vityazevodagi hayvonlarni qutqarish markaziga olib borilgan.

Avvalroq ekolog va zoologlar mazut to‘kilishi oqibatida 10 millionga yaqinga qushlar zaharlanish yoki nobud bo‘lish xavfi ostida ekanidan ogohlantirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 15 dekabr kuni Kerch bo‘g‘ozida, Qora dengizning Krasnodar o‘lkasi sohillaridan 50 kilometr ichkarida «Volgoneft-212» va «Volgoneft-239» tankerlari halokatga uchragan edi. Neft mahsulotlari sizib chiqishi oqibatida suv ifloslangan — rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, dengizga uch ming tonnadan ortiq mazut oqib ketgan.

Mavzuga oid