O‘zbekiston | 15:01 / 16.03.2023
17015
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda metro qurilishi sabab 22 tup chinor kallaklanib, boshqa yerga ko‘chirilyapti

Yangihayot tumanidan o‘tgan yerusti metrosining 5-bekati oldidagi ko‘p yillik chinor daraxtlarini metro qurilishi bahonasida «boshqa joyga ko‘chirish»ga qaror qilingan. Mutaxassislar 5 yoshdan oshgan daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish noto‘g‘ri ekanini aytishgan.

Toshkent shahri Yangihayot tumanidan o‘tgan yerusti metrosining 5-bekati oldidagi qator chinor daraxtlari kesib tashlanayotgani yuzasidan Kun.uzʼga murojaat kelib tushdi. Murojaatda aytilishicha, mas’ullar mahalliy aholiga metro qurilayotgani sabab bu daraxtlar kesilayotganini ma’lum qilgan.

«Daraxtlar turgan joyni tender orqali sotib olishgan ekan, shuning uchun tag-tugi bilan kesib olib ketishayotgan ekan. Buning uchun Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi (hozirgi Toshkent shahar tabiat resurslari boshqarmasi) ruxsat bergan emish.

Hozir kesib, transportlarga ortib ketishyapti. Bu bo‘yicha hokimiyatga murojaat qilsak, metroga xalal bergani uchun olib tashlashayotgan ekan. Lekin metro o‘tishi uchun bu yerda ortiqcha joylar bor, daraxtlarning umuman zarari tegmaydi», deyiladi murojaatda.

Kun.uz holat yuzasidan Tabiat resurslari vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonov bilan bog‘landi. Unga ko‘ra, bu ko‘p yillik daraxtlar joylashgan hududda Chilonzor hamda Do‘stlik metro liniyasini bog‘lovchi stansiya barpo qilinadi, shu sababli 22 tup chinor daraxtining shoxlari kesilib, ularni boshqa joyga ko‘chirish ishlari ketmoqda. Uning aytishicha, daraxtlarni ko‘chirish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga ruxsat berilgan, vaziyat nazorat ostida.

«Bu hudud metro loyihasiga tushib qolgan, loyihadan tashqari bitta novda ham kesilayotgani yo‘q. Maksimal darajada metro atrofidagi bir qator daraxtlar saqlab qolinmoqda. O‘sha vaqtlarda bu daraxtlarni ham (ko‘chirishni) so‘rashgandi. Endi hozir iloji yo‘qligi uchun 22 tup daraxtni ko‘chiryapmiz. Bu jarayonda hammasini o‘zimiz nazorat qilib boryapmiz, hududga hamma mutaxassislar chiqib turibdi. Daraxtlar ko‘chirib o‘tkazilgach 3 yil davomida parvarishlanadi», dedi u.

Bundan tashqari, Dehqonov nima sabab daraxtlar bu tarzda kallaklanayotganiga ham izoh berdi.

«Bu chinorlar ko‘p yillik katta daraxtlar hisoblanadi, shu hududning o‘zida o‘sgan. Deylik kun davomida bu daraxtlar 100 litr suvga ehtiyoji bo‘lgani, tanasining yuqori qismlariga ham yetib borishi uchun shuncha miqdorda suv ichadi. Lekin ularni boshqa joyga ko‘chirgandan keyin patak, mayda ildizlari uziladi, shu vaqtda 100 litrni torta olmay qoladi. O‘ziga keraklicha suvni tortib olishi uchun ham tepasidagi shoxlari kesib tashlanyapti. Ya’ni bu jarayonda xarajatlarini kamaytirish kerak, bizda shunday uslub bor. Endi bu daraxtlar dumaloq shaklda yonlaridan bachki beradi. Bu tarzda kesilgan daraxtlar dumaloq bo‘lib, sada bo‘ladi. Ënidan yaxshi shox berib, tepaga qarab o‘sib ketaveradi», deydi boshqarma boshlig‘i.

Ta’kidlanishicha, bu chinorlar o‘zining avvalgi holatiga qaytishi uchun 2-3 yil vaqt kerak bo‘ladi. Dehqonovga ko‘ra, chinorlarni Toshkent viloyatidagi o‘rmon xo‘jaligi yerlariga ko‘chirish tavsiya etilgan. Qolaversa, Farhod Dehqonov bu hudud hech qanday tadbirkorga berilmaganini qayd etib o‘tdi.

«Yerosti suvlari yaqin, Chirchiq daryosining eski o‘zani o‘sha yerda bo‘lgani uchun shu joy tavsiya etilmoqda. Yangihayot va Sergeli tumani hokimiyatlari daraxtlarni qayerga ko‘chirishni ko‘rsatadigan bo‘lgan. Umuman olganda, chinorlar suvi bor, bemalol o‘sishga sharoiti bor joylarga ko‘chiriladi», deydi u.

Mutaxassislar avvalroq Kun.uz’ga daraxtlarni qonun-qoidaga asosan bahorgi va kech kuzgi mavsumlarda ko‘chirib o‘tkazish kerakligini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, ko‘chirilgan daraxtlarning qayta ko‘karib ketishi 80 foizgacha deb baholangan. Bundan tashqari 5 yoshgacha bo‘lgan daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish mumkinligi, yoshi katta daraxtlarni ko‘chirish noto‘g‘riligi, ularning yashab qolish imkoniyati 50/50 bo‘lib qolishi aytilgandi. Shuningdek, mutaxassislar diametri 100 smdan ziyod bo‘lgan daraxtlarni ko‘chirish mumkin emasligini ta’kidlagan.

Qayd etish joiz, Sergeli—Qo‘yliq yerusti metrosi qurilishi natijasida 785 tup daraxt boshqa joyga ko‘chirilishi ma’lum qilingandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentda 2021 yilda ekilgan 75 ming daraxtdan 52 mingdan ortig‘i qurib qolgan. 2022 yil sentabr boshida Uchtepa tumanidagi Lutfiy va Katta Xirmontepa ko‘chalarining kesishmasi («Vatan» kinoteatri), sobiq tramvay deposi o‘rnidagi qurilish joyida 42 tup daraxt joyidan ko‘chirib, quritib qo‘yilgandi. Oqibatda tabiatga 425 mln 100 ming so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘lgandi.

Poytaxtda ko‘chirilgan daraxtlarning qurib qolish holati yangilik emas. Jumladan, Kun.uz 2021 yil iyunida «Daraxtlar qabristoni» — bugungi Toshkent timsoli nomli maqola e’lon qilgan va unda Yashnobod tumanining Alimkent ko‘chasiga ko‘chirilgan daraxtlarning qurib qolgani haqida yozgandi.

Ma’lumot uchun, 2019 yildan prezident farmoni bilan o‘rmonlardan tashqaridagi daraxtlarni kesishga moratoriy joriy etilgandi. 2022 yil yanvar oyida moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgandi.

 

Mavzuga oid