Jahon | 09:39 / 20.03.2023
6705
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya sobiq rahbari Yunker Ukrainaning YeIga yaqin orada qo‘shilishiga ishonmayapti

Yevrokomissiya sobiq rahbari Ukrainada norealistik umidlarni uyg‘otmaslikka chaqirdi. Jan-Klod Yunkerning fikricha, Ukraina faqat Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istiqbolini belgilashi kerak.

Jan-Klod Yunker / Foto: Getty Images

Yevropa Komissiyasining (YeK) sobiq prezidenti Jan-Klod Yunker Ukrainada Yevropa Ittifoqiga muddatidan oldin qabul qilinishi bo‘yicha norealistik umidlar uyg‘onishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. «Men ma’lum sabablarga ko‘ra Ukrainaga YeIga qo‘shilish istiqboli kerak deb hisoblayman, biroq Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga muddatidan oldin kirishni va’da qilayotgan ko‘plab siyosatchilar, jumladan, G‘arb siyosatchilarining ehtiyotsizligi meni juda g‘azablantirmoqda. Men bunday variantni ko‘rmayapman», dedi Yunker Luxemburger Post gazetasida 19 mart, yakshanba kuni chop etilgan podkastida.

«Urush holatida bo‘lgan va shuning uchun ba’zi bir yuqori darajadagi siyosiy sabablarga ko‘ra islohotlarga o‘z xohish-irodasini to‘liq ochib bera olmaydigan mamlakatni Yevropa Ittifoqiga oddiygina qabul qilib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, joriy voqealardan so‘ng, Ukraina uzoq muddatli istiqbolda Yevropa Ittifoqiga qo‘shiladi, degan fikrdaman», dedi Yunker.

Yevrokomissiya sobiq rahbari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bo‘yicha xavotir bildirib, Xitoy misolida bo‘lgani kabi u hamisha muloqot tarafdori bo‘lib kelganini ta’kidladi. Yunker Rossiya va Xitoy bilan aloqalarni davom ettirish va muzokaralarga tayyorligini bildirish tarafdori ekanini aytib o‘tdi.

Shu bilan birga, Jan-Klod Yunker Rossiya prezidenti Vladimir Putin «jiddiy tinchlik muzokaralari»ga «hech qanday holatda xohish-iroda ko‘rsatmayotganini» ta’kidladi. Unga ko‘ra, Ukraina uchun tinchlik diktati bo‘lmasligi kerak, «adolatsizlik bo‘lib qoladi». Shu bilan birga, Yevrokomissiya sobiq rahbari tinchlik himoya qilinishi kerak bo‘lgan eng oliy qadriyat emas, degan fikrni bildirdi. «Undan ham yuqori qadriyat - ozodlik va erkinlik», deb tushuntirdi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid