Ukraina uchun o‘q-dori ishlab chiqarish kechikmoqda
Bu Ukraina qurolli kuchlarining «snaryad qahatchiligi»ni kuchaytiradi va bo‘lajak qarshi hujumga xalaqit qilishi mumkin.
Ukraina qurolli kuchlari uchun snaryadlar yetkazib berishni va’da qilgan Yevroittifoq davlatlari ishlab chiqarish hajmini oshirishda katta qiyinchiliklarga uchramoqda. Urushdan oldingi davrdagidan ikki barobar ko‘p miqdorda o‘q-dori ishlab chiqarish uchun ularga portlovchi moddalar va porox yetishmayapti. Financial Times nashri bunday muhim tarkibiy qismlarni ishlab chiqarishni tezda oshirish imkonsiz ekani haqida yozdi. Shu tariqa, Ukraina armiyasiga bir necha oyga yetkazishi uchun millionlab snaryadlar yetkazib berish rejasi xavf ostida qolmoqda. Ayni paytda, Yevropa davlatlarining o‘q-dorilar yetkazib berish bo‘yicha allaqachon olgan majburiyatlari ham Kiyevni qoniqtirmaydi: Ukraina mudofaa vazirligi yevropalik hamkorlarga ukrain qo‘shinlari mamlakatning barcha hududlarini muvaffaqiyat bilan ozod etishi uchun har oyda 600 minggacha snaryad talab etilishi, amalda esa ular faqat 120 ming snaryadga ega bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Ukraina ham, Rossiya ham «snaryad taqchilligi»dan aziyat chekmoqda
G‘arb razvedkasi va ekspertlari Rossiya armiyasi snaryadlar yetishmovchiligiga uchrayotgani (yoki tez orada taqchillik boshlanishi) haqida o‘tgan yil kuzidayoq ma’lum qila boshlagandi. RF qurolli kuchlari o‘tgan yil yozida Donbassda amalga oshirilgan yurish davomida juda ko‘p o‘q-dorilarni sarflab yubordi: armiya urush boshidan buyon shaxsiy tarkibda uchralgan katta yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirishga ulgurmagani sababli ukrain pozitsiyalarini kam sonli kuchlar bilan ham egallash umidida artilleriya zarbalariga zo‘r berdi. Bu esa zaxiralar tezda tugashiga olib keldi. Yozda RF qurolli kuchlari kuniga 30 ming snaryad otgan bo‘lsa, qishda bu miqdor 10 minggacha kamaydi
Rossiyada snaryadlar ishlab chiqarish o‘sib bormoqda, ammo aynan qanday sur’atda ekani — noma’lum. Urushga qadar, ekspertlar baholariga ko‘ra, mamlakatda kuniga o‘rtacha ikki ming snaryad ishlab chiqarilgan, shunday ekan, tanqislikni bartaraf etish uchun (o‘q-dorilarning katta iste’moliga asoslangan taktika saqlab qolingan holda) ishlab chiqarish hajmini ikki barobar oshirish talab etiladi, agar bir necha barobar bo‘lmasa.
Ukraina uchun, aftidan, vaziyat yanada yomonroq. Ukraina qurolli kuchlari hamon sovetlar davriga mansub yuzlab qurollar bilan jang qilmoqda. NATO snaryadlari ularga mos kelmaydi, Yevropadagi sovet kalibrlari zaxiralarining katta qismi esa Kiyevga o‘tgan yiliyoq berib bo‘lingan. NATO ishlab chiqargan qurollar yetkazib berilishi vaziyatni vaqtincha yaxshiladi: alyansning ko‘plab mamlakatlarida snaryadlar zaxiralari tezda tugab qoldi; hozirgi ko‘lamdagi ishlab chiqarish esa yuzaga kelgan yetishmovchilikni, ayniqsa Ukraina qurolli kuchlarining o‘sib borayotgan talabini qoplash uchun yetarli emas. G‘arb raqibga zarba berishning asosiy vositasi sifatida artilleriyaga tayanib urush qilishga tayyorlanmagandi; alyans doktrinasi bunda birinchi navbatda aviatsiyadan foydalanishni ko‘zda tutadi.
NATO bir tomondan ishlab chiqarish hajmini oshirishga, boshqa tomondan Ukraina qurolli kuchlari kamroq snaryad sarflagan holda g‘alaba qozonishi imkonini beruvchi taktika ishlab chiqishga harakat qilmoqda. Ikkinchi holatda Ukrainaga jangovar aviatsiya yetkazib berishni keskin oshirish talab etiladi va bunda sovetlar ishlab chiqargan samolyotlar bilan cheklanish kerak emas, — alyans esa hozircha faqat shunday samolyotlarini berishga tayyor.
Nima bo‘lganda ham, Ukraina qurolli kuchlari aviatsiya guruhini kengaytirish ko‘p vaqt talab etadi, snaryadlar yetishmovchiligi esa yaqin kelajakda ularning jangovar qobiliyatiga ta’sir ko‘rsatishi va kutilayotgan yirik yurishga xalaqit berishi mumkin. Mart oyi boshida Baxmutda bo‘lgan g‘arblik harbiy ekspertlar tasdiqlashicha, «snaryad taqchilligi» — Ukraina qurolli kuchlarining ushbu shahar uchun janglardagi muvaffaqiyatsizligining asosiy sababi bo‘lmoqda.
G‘arb ishlab chiqarish hajmini nega keskin oshira olmaydi?
Financial Times nashri yozishicha, muammo (kamida Yevropada) — snaryadlar uchun asosiy materiallar — porox va portlovchi moddalar, shuningdek, ularni ishlab chiqarish uchun boshqa komponentlar, masalan, nitrosellyulozalar yetishmayotgani bilan bog‘liq. Yevropalik qurolsozlar bu materiallarni ishlab chiqarishni zudlik bilan oshirish imkonsizligini aytishmoqda. Nashr so‘rov o‘tkazgan ishlab chiqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, bunday materiallar ishlab chiqariladigan zavodlarni qurish uchun kamida uch yil ketadi.
Defitsit ayni vaqtda kichikroq hajmdagi snaryadlarni ishlab chiqarishga ham ta’sir ko‘rsatadi: xususan, porox yetishmovchiligi tufayli Yevropada snaryad ishlab chiqarish bahosi urush boshidan buyon 20 foizga qimmatlashgan. 155 mm kalibrli bitta oddiy snaryad endi 850 yevro turmoqda.
Taqqoslash uchun, «Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojin bir tonna o‘q-dori unga 50 ming dollarga tushayotganini aytgandi; snaryadning o‘rtacha og‘irligi 50 kilogramm deb olinsa, bitta snaryad taxminan 2500 dollar atrofida turadi.
Mavzuga oid
21:05 / 10.11.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
20:11 / 10.11.2024
Rossiya Kursk oblastiga hujum uchun 50 ming kishilik qo‘shin to‘pladi - NYT
19:02 / 10.11.2024
The Guardian: Buyuk Britaniya hukumat almashganidan keyin Ukrainaga raketalar yetkazishni to‘xtatdi
13:30 / 10.11.2024