Jahon | 11:58 / 23.03.2023
27218
7 daqiqa o‘qiladi

Baxmut uchun jang davom etmoqda. Ukraina armiyasi endi nima qiladi va bu kutilayotgan hujumga qanday ta’sir qiladi?

Baxmut, 2023 yil 15 mart. Foto: Roman Chop / AP / Scanpix / LETA

Baxmut uchun janglar boshlanganiga yetti oydan oshdi. Bu yo‘nalishdagi Rossiya kuchlarining asosiy kuchi bo‘lgan «Vagner» XHK yollanma jangchilari oldinga siljiyotganiga qaramay, ukrain armiyasi shahar mudofaasini davom ettirmoqda. Mart oyi boshida harbiy kompaniya rahbari Yevgeniy Prigojin Baxmut deyarli qurshab olinganini aytib, Ukraina qurolli kuchlariga shaharni tark etishni taklif qilgandi. Harbiy tahlilchi Rob Li tvitterdagi sahifasida Baxmut uchun janglar va Ukraina armiyasi kutilayotgan yurish arafasida qanday holatda ekani to‘g‘risida tred yozdi. 

Rob Lining ta’kidlashicha, Rossiya qo‘shinlari yurish davomida frontning bir necha uchastkalarida ilgarilashga harakat qilishdi, ammo ularning muvaffaqiyatlari kamtarona bo‘ldi. Shu bilan birga, masalan, Vuhledarda Rossiya armiyasi ukrainlarga qaraganda «ancha katta yo‘qotishlar»ga uchradi. Rossiya Baxmutda ham jiddiy yo‘qotishlar berdi, ammo bu yerda ular janubiy va shimoliy qanotdan yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lishdi. Natijada yo‘qotishlar nisbati Ukraina qurolli kuchlari uchun ham yomonlashdi.  

Rossiya kuchlarining qanotlarda oldinga siljishi shunga olib keldiki, Ukraina armiyasining asosiy ta’minot yo‘nalishlari rossiyaliklarning artilleriya zarbalari yetib boradigan doiraga kirdi. 

Fevral oyi oxirida Rossiya artilleriyasi Baxmutga hujumlarni kuchaytirdi. Rob Li buni 106-havo-desant diviziyasi faoliyati bilan bog‘laydi. Rossiya mudofaa vazirligi 22 fevral kungi hisobotida Donetsk yo‘nalishida «shturmchi ko‘ngilli otryadlar Rossiya havo-kosmik kuchlarining shturmchi aviatsiyasi bo‘lmish Tula havo-desant qo‘shinlari bo‘linmasi ko‘magida muvaffaqiyatli yurish harakatlari»ni davom ettirayotganini ma’lum qildi. Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) gap aynan 106-diviziya haqida ketayotganini taxmin qilgan. 

Rob Li shuningdek Baxmutda jang qilayotgan «Vagner» XHK yollanma jangchilariga «ular qanday kerak deb hisoblasa shunday jang qilishlari» va raqibning zaif nuqtalarini topishi uchun [RF qurolli kuchlari bo‘linmalariga qaraganda] «ko‘proq harakat erkinligi taqdim etilgan». 

Ukraina qurolli kuchlari qanday vaziyatda?

Ukraina ataylab asosiy zaxiralarini saqlab turibdi va ularni Baxmut va frontning boshqa uchastkalariga yubormayapti. Rob Lining qayd etishicha, Ukraina armiyasi uchun hozirda ustuvor vazifa — bahorgi yurish uchun yangi bo‘linmalarni shakllantirish va tayyorlash hisoblanadi. Shu bilan birga, ular front chizig‘ini ushlab turishga urinmoqda. Tahlilchining fikricha, Ukraina qurolli kuchlarining bahorgi qarshi hujumi Rossiya armiyasining hozirda davom etayotgan yurishidan ko‘ra sezilarli darajada muvaffaqiyatga erishishi mumkin.

U yurish boshlanguniga qadar Ukraina uchun eng yaxshi strategiya — raqibga qaraganda kamroq yo‘qotish berish va kamroq o‘q-dori sarflashga erishiladigan janglarni tanlash, shu bilan birga o‘zining yurish qilish qobiliyatini sezilarli darajada zarar yetkazmagan holda Rossiya qo‘shinlarini kuchsizlantirish hisoblanadi.

Baxmutdagi yo‘qotishlarga to‘xtalarkan, Rob Li hozirda Ukraina qurolli kuchlari uchun vaziyat og‘irlashgani, chunki Rossiya qo‘shinlari shahar mudofaasi qanotlaridagi pozitsiyalarni egallashga muvaffaq bo‘lganiga e’tibor qaratadi. Rossiyaning asosiy yo‘qotishlari esa — «Vagner» XHKga yollangan mahbuslar bo‘lmoqda. 

Tahlilchining fikricha, ukrainlarning yurishi «strategik jihatdan muhim va amalda hal qiluvchi» bo‘ladi. Bu G‘arb yordami hajmi 2023 yil bahori va yozida maksimumga yetishi, [zaxiralari tugaydigan G‘arbda] ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun esa yillar talab etilishi bilan izohlanadi. Havoda ustunlik yo‘qligi va Rossiya mudofaasi bu safar o‘tgan yil kuzida ukrainlar muvaffaqiyatli yurish qilgan Xarkivda kuzatilganidan farqli o‘laroq kuchli ekani tufayli, Ukraina, katta ehtimol bilan, «faqat artilleriya zarbalari evaziga lokal ustunliklarga erishishi mumkin» (ya’ni asosiy zarba yo‘nalishlarida).

«Hujum qilish vaqtida muvaffaqiyat uchun yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘lish uchun Kiyev o‘z resurslarini tejashi zarur», — deb hisoblaydi Rob Li. 

Ammo har qanday variantdagi harakat Kiyev uchun tavakkalchilik degani. Masalan, Baxmutdan qo‘shinlarni olib chiqish Seversk yoki Donbassning boshqa hududlariga bosimni oshirishi mumkin. Shu bilan birga, agar Ukraina qurolli kuchlari shaharni hozir tashlab chiqsa, keyin qachondir qaytarib olishiga hech kim kafolat bera olmaydi.

«Shu bilan birga, Baxmut mudofaasi uchun qo‘shimcha kuchlar ajratsa, Ukraina strategik jihatdan muhimroq sanalgan bahorgi yurish uchun zarur bo‘lgan resurslarning bir qismini sarflab yuboradi», deya yozadi Rob Li. 

Yana bir risk — Baxmut to‘liq qurshovga tushib qolishi mumkin. Rossiya kuchlari Chasiv Yarni egallash maqsadida g‘arb tomon harakatlanishda davom etmoqda. Bir necha kilometr g‘arbda joylashgan bu shahar Ukraina qurolli kuchlarining Baxmutdagi bo‘linmalari ta’minoti uchun o‘ta muhim hisoblanadi.

Rob Lining qayd etishicha, Baxmutni qurshovga tushirish — «Rossiya uchun Ukrainani jiddiy mag‘lubiyatga uchratishda eng yaxshi imkoniyatdir». U Rossiya mudofaa vazirligi bu maqsad uchun katta resurslar ajratganini aytadi. Ukraina shaharda qolgan qo‘shinlarini olib ketish yoki Baxmut mudofaasiga qo‘shimcha kuchlar yuborishiga kuchli loygarchilik ham to‘sqinlik qilmoqda. 

«Ukraina nima qilishi kerak? Men bilmayman. Vaziyat oq-qora emas, unda mavhumlik ko‘p. Rossiya [Baxmut] shahrini egallash yo‘lida holdan toyishi va qarshi hujum qarshisida zaif bo‘lib qolishi ham mumkin. Alaloqibat, gap Ukraina qaysi nuqtada tavakkal qilishiga bog‘liq bo‘ladi», — deya qayd etadi Rob Li. Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat Ukrainaning bo‘lajak yurishi yakunlariga ko‘ra «Baxmut mudofaasini davom ettirish qanchalik to‘g‘ri qadam bo‘lgani» to‘g‘risida bir xulosaga kelish mumkin.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid