Jahon | 19:15 / 24.03.2023
4763
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Gurjistonga Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishda yordam beradi

Foto: Picture Alliance

Berlin Tbilisini Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod maqomini olish yo‘lida qo‘llab-quvvatlashga tayyor, dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok. Shu bilan birga, u islohotlarni to‘xtatmaslikka chaqirdi

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Gurjistonni Berlin YeIga yo‘lda – hatto Rossiyaning jarayonga ta’sir o‘tkazish urinishlariga qaramay – qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi va Tbilisini keyingi islohotlarga chaqirdi. «Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomi uchun eshiklar keng ochiq. Endi qolgan o‘n ikki qadamni qo‘yish sizning qo‘lingizda», - dedi u 24 mart, juma kuni Tbilisida gruziyalik hamkasbi Ilya Darchiashvili bilan muzokaradan so‘ng. 

Gurjistonning Yevropa oilasiga tegishli ekanligini ta’kidlagan Berbok, Gurjiston BMTning Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiv urushini qoralagan qarorlarini qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi. U qonun ustuvorligi, demokratik standartlar va ommaviy axborot vositalari erkinligini Yevropa Ittifoqiga kirish jarayonining asosi deb atadi. 

Germaniya tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab bahs-munozaralarga va norozilik to‘lqiniga sabab bo‘lgan «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun bekor qilinganidan so‘ng, Tbilisi hukumati hozirda «qutblanishni yengib o‘tish, ishonchni qayta tiklash va bo‘lajak islohotlarni qat’iy boshlash» vazifasini qo‘ymoqda.

O‘z navbatida, Ilya Darchiashvili Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish «gurji xalqining buzilmas irodasi», nomzod davlat maqomi esa bu borada «tugun nuqta» ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Gurjiston hukumati uni olish uchun Yevrokomissiya tomonidan belgilangan o‘n ikki mezonni bajarish ustida jadal ishlamoqda. 

Ukraina va Moldovaga 2022 yil iyun oyida Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod maqomi berilgan bo‘lsa, Gurjiston bu maqomga ega bo‘lish uchun muayyan islohotlarni amalga oshirishi zarur. YeI tomonidan sanab o‘tilgan o‘n ikkita eng dolzarb yo‘nalishlar orasida siyosiy qutblanishga qarshi kurash, sud-huquq islohoti, korrupsiyaga qarshi mustaqil organ yaratish, ommaviy axborot vositalari erkinligi va «deoligarxizatsiya» bor. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid