Jahon | 13:59 / 24.03.2023
8236
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadan qochgan va Qozog‘istondan deportatsiya qilingan mayor 6,5 yilga qamaldi

Foto: RIA Novosti

Barnaul sudi safarbarlikdan qochgan va Qozog‘istondan deportatsiya qilingan «FSO» xodimi Mixail Jilinni 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. U dezertirlik va chegarani noqonuniy kesib o‘tishda aybdor deb topildi.

Barnaul garnizoni harbiy sudi Rossiyadan Qozog‘istonga qochib ketgan va u yerdan deportatsiya qilingan «FSO» mayori Mixail Jilinni safarbarlik paytida qochoqlik va chegarani noqonuniy kesib o‘tishda aybdor deb topib, olti yil-u olti oyga qattiq rejimli koloniyaga hukm qildi. Bu haqda 24 mart, juma kuni yuqori turuvchi Ikkinchi sharqiy okrug harbiy sudi matbuot xizmati xabar berdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, zaxiradagi mayor Jilin «harbiy xizmat vazifalarini bajarishni istamay va Ukrainadagi jangovar harakatlar zonasiga yuborilishidan qo‘rqib» ko‘chmas mulkni sotgan, qo‘mondonlikka o‘zining nogironligi haqida yolg‘on ma’lumot bergan va nazorat punktini chetlab o‘tgan holda Rossiya davlat chegarasini kesib o‘tgan, u yerda chegarachilar tomonidan qo‘lga olingan.

Xabarda aytilishicha, Jilin harbiy unvonidan mahrum qilingan. Hukm hali kuchga kirmagan.

21 mart kuni Barnaul garnizoni harbiy sudi saytida 20 mart kuni xuddi shunday ayblov bo‘yicha ismi-sharifi oshkor etilmagan, lekin A. deb belgilangan ofitserga nisbatan xuddi shu muddatga hukm chiqarilgani haqida xabar e’lon qilindi. «Novaya gazeta» taxminiga ko‘ra, gap aynan Mixail Jilinning ishi haqida ketmoqda.

Mixail Jilin «FSO»da 18 yil xizmat qilgan. Safarbarlik e’lon qilinganidan besh kun o‘tib, u oilasi bilan Rossiyani tark etishga qaror qildi. Uning rafiqasi Yekaterina va bolalari Qozog‘iston chegarasini qonuniy ravishda kesib o‘tishgan, Mixail o‘zini mamlakatdan chiqarmasliklaridan qo‘rqib, chegarani noqonuniy kesib o‘tishga qaror qilgan.

Er-xotin Ostona yoki Olmaota shahriga borib, qochqinlik maqomini rasmiylashtirish uchun murojaat qilishni rejalashtirgan. Biroq Qozog‘iston chegarachilari Jilinni qo‘lga olishdi. Rossiya ham, Qozog‘iston ham uni davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlikda ayblagan. Rossiya tomoni dezertirlik ayblovlarini ham ilgari surdi.

Jilinga 30 noyabr kuni Qozog‘istonda qochqin maqomini berish bo‘yicha rad javobi taqdim etildi. 2 dekabr kuni sud «FSO» xodimini mamlakatdan chiqarib yuborish haqida qaror chiqardi. Shundan so‘ng, er-xotin sudning deportatsiya to‘g‘risidagi qarori ustidan apellyatsiya berdi, shuningdek, qochqin maqomini berishni rad etish ustidan shikoyat qilish tartibini boshladi. 

Rossiya «FSO» xodimini «chegarani noqonuniy kesib o‘tish» (Jinoyat kodeksining 322-moddasi) va «dezertirlik» (Jinoyat kodeksining 338-moddasi) moddalari bo‘yicha xalqaro qidiruvga bergan. 29 dekabr kuni Qozog‘iston hukumati uni Rossiyaga deportatsiya qildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid