O‘zbekiston | 14:40 / 25.03.2023
25707
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan yagona chegarasidan maxsus reportaj

Surxondaryo O‘zbekistonning 3 ta davlat (Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston) bilan chegaradosh viloyatidir. O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan 143 kmli umumiy chegarasida yagona – “Ayritom” chegara bojxona posti faoliyat ko‘rsatadi. Kun.uz respublika janubidagi ushbu postdan fuqarolar ikki davlatga qaysi maqsadlarda kirib chiqayotgani, chegaralarda ularga qo‘yilayotgan talablar bo‘yicha afg‘onistonliklar va o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi.  

 

Yagona chegara posti

Termiz shahridan 15 km, ikki davlat chegarasidan esa 700 metr masofada joylashgan “Ayritom” chegara bojxona posti 1991 yil 26 oktyabrda tashkil etilgan. 2021 yilning iyun oyidan esa raqamli texnologiyalar asosida yangidan faoliyatini boshlagan edi. O‘zbekistonni Janubiy Osiyo bilan bog‘lovchi yagona o‘tkazuv punktida poyezd, avtotransport va fuqarolarga xizmat ko‘rsatiladi.

Viza rejimi

Ayni paytda chegara postidan har ikki davlatga fuqarolar viza rejimi asosida o‘tib qaytishmoqda. Hozirda faqat biznes maqsadida va O‘zbekistonda yashash uchun uzoq muddatli vizasi bor afg‘onistonlik fuqarolar chegaradan o‘tishlari mumkin. O‘zbekiston orqali boshqa davlatlarga va Afg‘oniston orqali Eron yoki Janubiy Osiyo davlatlariga tranzit o‘tish yoki sayyohlikni maqsad qilganlar uchun hozirda har ikki davlat fuqarolariga chegaradan o‘tishga ruxsat yo‘q.

Chegaradan o‘tishdan maqsad...

“Ayritom” postida chegaradan o‘tib-qaytayotgan afg‘onistonliklar bilan suhbatlashdik.

Asadullo Eshonzoda:

—  O‘zbekistonga 30 yildan beri o‘tib qaytaman. Biznes bilan shug‘ullanamiz. O‘zbekistondan Afg‘onistonga yog‘, un, bug‘doy olib ketamiz. Ilgari turist vizasi bor edi. 40-50 kishi ortidan navbatga turib, uzoq kutardik. Hozir odam kam, 1-2 daqiqada postdan o‘tib olyapmiz. Bemalol bo‘lib qolgan. Endi O‘zbekistonda 2-3 oy bo‘lamiz. Toshkentda turamiz. Buxorodagi zavodga bug‘doy olib boramiz. Uni zavod tegirmonidan chiqarib, unini Afg‘onistonga yuk ulovlari yoki vagonlarda olib ketamiz. Afg‘onistondan esa hech narsa olib kelmayman. Lekin boshqalar mandarin, kartoshka olib kelishadi u yoqdan.

Bekzod Daraugar:

—  Men O‘zbekistonga 2007 yildan beri kelib ketaman. Asosan quruq mevalar eksport-importi bilan shug‘ullanaman. Afg‘onistondan turshak, danak olib kelaman. O‘zbekistondan esa mayiz olib ketaman. O‘zim Afg‘onistonning Mozori Sharif shahridanaman. Samarqand, Toshkent shaharlarida bo‘laman endi. Biz Afg‘oniston o‘zbeklarimiz. O‘zbekiston ham o‘z uyimizdek. Biz uchun juda yaxshi. Shuning uchun hozir bu yerda yashaymiz. Bizga 6 oylik, 1 yillik ishchi vizasi berishadi. 6 oyda 2 marta Afg‘onistonga borib kelamiz. Zarurat bo‘lsa, yana ariza berib ko‘paytirishimiz mumkin.

Afg‘onistondagi vaziyat

Chegara postidan o‘zbekistonliklar Afg‘onistonga asosan eksport maqsadida yuk olib o‘tishadi. O‘zbekistonga endigina yuk mashinasida kirib kelgan hamyurtimiz Mahmud Berdimurodov bilan Afg‘onistondagi sharoitlar, yuk tashish tartiblari haqida gaplashdik.

“6 kun Afg‘onistonda bo‘ldim. Afg‘onistonga un, bug‘doy, gumanitar yordam olib boramiz. U yoqdan esa hozirgi mavsumda kartoshka, shakar, dori-darmon olib kelamiz. Afg‘onistonda 100 kmcha masofa yuramiz. Uzog‘i Mozori Sharif shahrigacha boramiz. Afg‘onistonga kiradigan har bir yuk mashinasining o‘z odamlari bo‘ladi. Ular sizning hujjatlaringiz, yurish-turish, yeb-ichish, yotoq joyingiz - hammasi bilan shug‘ullanadi. Yukni olib boradigan joyingizgacha yoningizga odam qo‘shadi. Afg‘oniston hududida ham o‘zbek tilida muloqot qilamiz. Forschani bilganlar forschada gaplashishadi. Hujjatlarga kelsak, hammasi joyida bo‘lsa, ikki davlatga ham kirib-chiqishda muammo bo‘lmaydi”, deydi u.

Chegaradan o‘tayotganlarning kunlik o‘rtacha soni

Chegara pasport nazorati bo‘limida faoliyat olib boruvchi DXX kichik serjanti Murodjon Fayzullayevga ko‘ra, hozirda kuniga o‘rtacha 400-500 nafar ikki davlat fuqarolari Afg‘oniston va O‘zbekiston chegarasidan o‘tib qaytishmoqda. Shulardan 150-200 nafari piyoda tartibida, 200-250 nafari esa avtotransportda chegaralardan o‘tishmoqda.

Aniqlangan qonunbuzarliklar

“Ayritom” chegara bojxona posti katta inspektori Nargiza Ibodovaning ma’lum qilishicha, 2021 yildan faoliyati raqamlashtirilgan bojxona punktidagi bodi skaner qurilmasi orqali 2 yil ichida 6 ta qonunbuzarlik holati aniqlangan.

Patron o‘qdorilari va turli giyohvandlik vositalarini Afg‘onistondan O‘zbekistonga olib o‘tishga uringan fuqarolar ushlab qolingan. Umumiy holatda esa 2022 yilda bojxona posti xodimlari tomonidan 19 ta holatda 138.74 kilogramm giyohvandlik vositalari, 150 dona tramadol tabletkalari va 410 dona psixotrop tabletkalarining yurtimizga kirib kelishi oldi olingan.

Sardorbek Usmoniy suhbatlashdi

Mavzuga oid