Tarixdan saboqlar: O‘zbek xalqi va nomining shakllanishi
O‘zbek xalqi va nomining kelib chiqishi haqida ko‘plab taxminlar va farazlar mavjud. Ularning har biri o‘ziga yarasha asosga ega. O‘zbek nomining shakllanishi shu nomdagi xalqning paydo bo‘lishi bilan uzviy bog‘liqdir.
Manbalarda «o‘zbek» nomini XIII asrdan boshlab uchratish mumkin. Jumladan, arab manbalarida Dashti Qipchoqda yashovchi turkiy-mo‘g‘ul qabilalarga nisbatan «o‘zbek» nomi ishlatilgan. Mashhur xorazmshoh Jaloliddin Manguberdining O‘zbektoy ismli sarkardasi bo‘lgan. Xuddi shu davrda Ozarboyjonda hukmronlik qilgan Otabegilar davlatining hukmdorlaridan birining ismi ham Muzaffariddin O‘zbek edi.
O‘zbek nomining asosi bo‘lgan nom — bu Oltin O‘rda xoni O‘zbekxon ismidir. 1312-1342 yillarda Oltin O‘rdani boshqargan, mo‘g‘ullar orasida ilk bor islom dinini davlat diniga aylantirgan O‘zbekxon o‘z davrining eng kuchli hukmdorlaridan biri edi. Uning davrida Oltin O‘rda o‘z qudratining cho‘qqisiga erishgan.
Tarixchi olim, vengriyalik sharqshunos Herman Vamberi «Movarounnahr yoxud Buxoro tarixi» asarida o‘zbek nomi va xalqining O‘zbekxonga bog‘liqligini shunday tasvirlaydi:
«Turk xalqining qadimdan qolgan bir odati bor: agar hukmdorlardan birortasi mamlakatni yaxshi idora qilsa yoxud mamlakatga yangi bir usul va tartib kiritib, o‘ziga xos xizmat ko‘rsatsa, uning nomini mangu qoldirishga intiladilar. Shu tariqa, u bir tarafdan o‘zining hukmdorini qavm boshlig‘i o‘rniga qo‘yadida, bu bilan barobar hukumatning rivoj yo‘liga va umumjahon tarixiga kirishini go‘zal bir suratda ifoda qiladi. Masalan, biz bu holni Saljuqiylar va Usmoniylar misolida ko‘rishimiz mumkin.
Xuddi shu an’ana Ko‘k O‘rdaning sharqida, Volga daryosi bilan Orol dengizi orasida yashovchi turk-mo‘g‘ul qabilalarida ham mavjud; ular Jo‘ji sulolasidan to‘qqizinchi hukmdor bo‘lgan O‘zbekxon ismiga nisbat berib, o‘zlariga bir siyosiy qo‘shma nom — o‘zbek nomini qabul qilganlar (O‘zbekning harfan ma’nosi «shaxsan» o‘ziga mustaqil xo‘jayin, erkin demakdir).
Shoyon diqqatga sazovorki, bu so‘z muhim ma’noli unvon ismi bo‘lib, eski majorlarda (vengerlarda) ham uchraydi. Shu mazmunda 1150 yillarga oid hujjatlarda ham bu ibora mavjud. Abulg‘oziy Bahodirxon «Shajarayi turk» asarida bu haqda shundoq naql qiladi: «U (O‘zbekxon) har kimni xizmatiga qarab hurmat va taqdir etar edi. U o‘z xalqini islom diniga kirgizdi va u orqali ko‘p odamlar islom diniga musharraf bo‘ldi. Shu bois Jo‘ji xalqi o‘ziga o‘zbek ismini qabul etdi va bu nom oxirgi zamongacha qolajakdir».
Hammer Purgshtal haqli ravishda aytganidek, O‘zbekxon o‘z xalqining mahdiysigina emas, balki qipchoq taxtiga ziynat bergan to‘rt ulug‘ hukmdorning (keyingi uchtasi — Botu, Berka, To‘xtamish) uchinchisi ham. Arab sayyohi Ibn Battuta tarafidan zikr etilgan hamda temuriylar hokimiyati vaqtida zohir bo‘lgan bu nom O‘zbekxonning o‘zi davrida ham, undan keyingi yillarda, ya’ni uning nasllari hukmronlik qilgan paytlarda ham bir muhim vazifani bajarmadi. Faqat 150 yildan so‘ng, Oltin O‘rda davlati to‘rt qismga bo‘linib, Ivan Grozniy yuqori Volgada Jo‘ji avlodining hukmronligi tugatgach, o‘zbek siyosiy nomga aylandi. Shundan so‘ng biz o‘zbeklarning hokimi Abulxayrxonning Saroy hokimiyatiga itoat qilishdan bosh tortganini ko‘ramiz», deydi Vamberi.
Oddiyroq so‘zlar bilan aytadigan bo‘lsak, Oltin O‘rdaning qudratli xoni O‘zbekxon islom dinini qabul qiladi va mamlakat aholisiga ham ushbu dinga o‘tishni buyuradi. Bosh tortganlar shafqatsiz jazolanadi. Shunday bo‘lsa-da, O‘rda aholisining katta qismi yashirincha o‘z dinida qolaveradi.
Islom dinini qabul qilgan, O‘zbekxon va Oltin O‘rda saroyiga yaqin insonlar «O‘zbekxon dinini qabul qilganlar» yoki «o‘zbeklar» deb atala boshlanadi. Sekin-asta islom dini keng tarqala borishi bilan o‘zbeklar soni ham ortib boradi hamda Dashti Qipchoqdagi ko‘plab turkiy va mo‘g‘ul qabilalari o‘zbek nomini o‘z nomi sifatida qabul qiladi.
1282-1350 yillarda yashab o‘tgan tarixchi va geograf Hamdullah Qazviniy o‘zining «Tarixi G‘uzida» (Tanlangan tarix) asarida Oltin O‘rdada yashovchi xalqlarga nisbatan «o‘zbekiyan» nomini qo‘llaydi va Sharqiy Dashti Qipchoqni «memlaketi o‘zbek» deb ataydi.
Bu orqali bilishimiz mumkinki, XIV asr o‘rtalaridanoq o‘zbek nomi xalq nomi sifatida ishlatila boshlangan.
Ba’zi taxminlarga ko‘ra esa, «o‘zbek» nomi Dashti Qipchoqda O‘zbekxondan oldin ham mavjud bo‘lgan. Xususan, Ulug‘bekning «Tarixi arba ulus» (To‘rt ulus tarixi) asarida O‘zbekxonning taxtga o‘tirishi haqida shunday deyilgan — «O‘zbek ulusi unga berildi».
Shunday qilib, Oltin O‘rda parchalangach, Abulxayrxon boshchiligidagi o‘zbeklar janubi-sharqqa yurib, Sirdaryo bo‘yida «O‘zbek ulusi»ga asos soladi. Aynan shu davrda o‘zbek va qozoq xalqlarining ajralishi yuz beradi. Ya’ni Abulxayrxon bilan ziddiyatga borgan bazi qabila sardorlari O‘zbek ulusini tark etadi va alohida xonlikka asos soladi. Aynan bir ildizga egaligi sabab o‘zbek va qozoq urug‘lari deyarli bir xil.
Abulxayrxon hukmronligi davrida o‘zbeklar Sirdaryo shimolida muqim o‘rnasha boshlaydi. Ular Temuriylar hukmronlik qilayotgan Movarounnahr ishlariga ham tez-tez aralashib turadi. Xususan, Abulxayrxon taniqli temuriyzoda Ulug‘bekka o‘zining qizini uzatadi. Ulug‘bek fojiali tarzda halok bo‘lgach, Abulxayrxon boshqa temuriy shahzoda Abu Saidga taxtni egallashda yordam berish uchun Samarqandga yurish qiladi va Ulug‘bekning qizi Robiya Sulton Begimni o‘z nigohiga oladi.
Biroq Abulxayrxon 1468 yilda vafot etgach, uning davlati taxt uchun ichki kurashlar oqibatida tanazzulga yuz tutadi. O‘zbek ulusi yerlari Qozoq xonligi tomonidan bosib olinadi. Abulxayronning avlodlari qochib ketib, Dashti Qipchoq va Movarounnahrdan panoh topadi.
Ulardan biri, Abulxayrxonning nevarasi Shayboniyxon bobosi davlatini tiklash uchun kurash boshlaydi. Sirdaryo bo‘yidagi shaharlarni bo‘ysundirgan Shayboniyxon 1499 yilda ichki urushlardan zaiflashib qolgan Temuriylar davlatiga hujum qiladi. Temuriylardan unga faqatgina Bobur Mirzo jiddiy qarshilik ko‘rsatadi. Shayboniyxon va temuriy Bobur Mirzo kurashi o‘zbek shahzodasining g‘alabasi bilan tugaydi.
Muvorounnahrda Dashti Qipchoq o‘zbeklari hukmronligi o‘rnatiladi.
Shayboniyxon 1510 yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan jangda fojiali tarzda halok bo‘ladi. Biroq uning avlodlari, Ubaydullaxon va Muhammad Temur 1512 yilda Safaviylar va Boburning birlashgan qo‘shinini tor-mor etib, Movarounnahr ustidan hukmronlikni saqlab qoladi. Bu yerda mintaqa aholisining shia safaviylaridan ko‘ra, sunniy o‘zbek shahzodalarni qo‘llab-quvvatlashi ham katta rol o‘ynaydi.
Xuddi shu davrda Dashti Qipchoq o‘zbeklari Movarounnahrda ikkinchi o‘zbek davlatiga asos soladi. Bu Xiva xonligi edi. Xiva xonligiga ham Jo‘jining beshinchi o‘g‘li Shaybon avlodlari asos soladi. Xiva xonligining birinchi xoni Elbarsxonning otasi Bureke sulton O‘zbek ulusi taxti uchun kurashda Shayboniyxon tomonidan o‘ldirilgan edi. Shu sabab Xivadagi o‘zbek xonlari va Buxorodagi o‘zbek elitasi o‘rtasida ziddiyat mavjud edi. Biroq ularning har ikkisi ham Dashti Qipchoq o‘zbeklari bo‘lib, Abulxayrxonning «O‘zbek ulusi» davlatida yashagan.
Shayboniyxon Movarounnahrni egallab, yangi o‘zbek davlatiga asos solgach, Dashti Qipchoqdagi ruslar va qozoqlar hujumidan charchagan yuzlab o‘zbek qabilalari shiddat bilan Movarounnahrga ko‘chib kela boshlaydi. Ularning bu migratsiyasi butun Shayboniylar va Ashtarxoniylar sulolasi hukmronligi davrida davom etadi. Jumladan, Ashtarxoniylarning o‘zi ham Dashti Qipchoqdan Buxoro xonligiga Shayboniyxondan yarim asr keyin, 1558 yilda kelgandi.
Har ikki xonlikka ham o‘zbeklar keng ko‘lamda ko‘chib kelib o‘rnashadi.
O‘zbeklarning yirik migratsiyasi ortidan o‘lkada turkiy urug‘larning soni keskin oshadi va turkiy til fors tilini Movarounnahrdan tamomila siqib chiqaradi.
Bu yerda hozirgi o‘zbek xalqi ajdodlarining barchasi Dashti Qipchoqdan XVI asrda ko‘chib kelgan, o‘lkaning bundan oldingi tarixida o‘rni bo‘lmagan degan ma’no yo‘q.
Turkiy urug‘larning Movarounnahr yoxud hozirgi O‘zbekiston yerlarida muqim o‘rnasha boshlashi XI asrdan, Qarluq-qoraxoniylar davridan boshlangan edi. Keyingi asrlarda ham turli turkiy qabilalarning mintaqaga migratsiyasi to‘xtamagan. Ammo ular o‘zbek deb atalmagan.
XVI asrdan O‘zbekiston zaminiga kirib kelgan turkiy o‘zbek qabilalari bu yerda oldindan yashab kelayotgan boshqa turkiy qabilalar bilan aralashib, qo‘shilib ketadi. Zero, bu davrda hali milliy birliklar shakllanmagan, o‘lka xalqlari o‘zlarini birinchi navbatda musulmon va turkiy deb hisoblar edi. Movarounnahrning musulmon turkiy qabilalari va Dashti Qipchoqning musulmon o‘zbek urug‘lari tezda bir-biri bilan assimilyatsiyaga kirishadi.
Xalqlarning milliy etnogenezi juda murakkab jarayon, shu jumladan o‘zbek xalqiniki ham. Unda juda ko‘plab xalqlar, qabilalar va urug‘lar ishtirok etgan, biroq ularning katta qismi turkiy xalqlar edi va bu turkiylarning katta qismi XVI asrdan mintaqaga kirib kela boshlagan o‘zbeklar edi.
O‘zbek qabilalarning yirik migratsiyasidan so‘ng Shayboniyxon asos solgan davlat O‘zbeklar yurti yoki O‘zbekiston deb atala boshlangan.
Masalan, Safaviylar shohi Tahmasp o‘z hujjatlarida Shayboniylar davlatini O‘zbakiston deb atagan. Mintaqa shoirlaridan Turdi Farog‘iy ilk bor «O‘zbekiston» atamasini qo‘llagan:
Dur ahdu tang chashmu besaru ya’juj vazʼ,
Muxtalif mazhab guruhi o‘zbakistondur bu mulk.
Yoxud
Tor ko‘ngulli beklar, manman demang kenglik qiling,
To‘qson ikki bovli o‘zbek yurtin tenglik qiling.
Shayboniylar va Joniylar boshqargan Buxoro xonligining ikkinchi nomi O‘zbekiston hisoblanib, o‘sha davrdagi Yevropa xaritalarida ham Buxoro yerlari O‘zbakiston deb yozilgan. Shu tariqa, o‘zbek nomi xalq va davlat nomiga aylanadi hamda qadimgi Movarounnahr aholisining katta qismi o‘zini o‘zbeklar deb atay boshlaydi.
O‘zbeklar asos solgan Buxoro va Xiva xonliklarida o‘zbek birligi mustahkam bo‘lgan. Hukmron sulola o‘zbek bo‘lgach boshqalar ham o‘zbek bo‘lishga harakat qilgan. Xonliklarda o‘zbeklarni aniqlash uchun 92 o‘zbek urug‘i ro‘yxati ham tuzilgan. U orqali qaysi urug‘lar o‘zbek nomiga ega bo‘lishi ko‘rsatilgan.
Biroq o‘zbek xalqi va uning urug‘larni ajratolmaslik hollari ham ko‘p uchragan. Oddiy aholi ko‘p hollarda mang‘it, qo‘ng‘irot, qiyot kabi urug‘ nomlari va o‘zbek nomining farqiga bormagan. Asosan poytaxtlar aholisi o‘zini to‘liq o‘zbek deb atagan.
Qo‘qon esa o‘zbek markazlaridan uzoqroqdaligi hamda qozoq va qirg‘iz urug‘lari ham hududda ko‘pligi bois biroz murakkabroq vaziyatda bo‘lgan, ammo bu yerda ham o‘zbek birligi baribir kuchli bo‘lgan. Buni qo‘qonlik shoira Anbar Otinning ushbu misralaridan ham bilish mumkin:
Qo‘shilib mulki Farg‘ona o‘rusga bu saro bo‘ldi,
O‘rus o‘zbek eliga bir tug‘ushgandek ag‘o bo‘ldi.
To‘g‘ri bu sherda aslida juda yoqimsiz mano bor, ammo tarixiy manba o‘laroq bu misralar Qo‘qon xonligi aholisi ham o‘zbek deb atalganini tasdiqlaydi.
Biroq Markaziy Osiyoda fransuz inqilobidan so‘ng paydo bo‘lgan zamonaviy aniq milliy birliklar bo‘lmagan albatta. Yevropada fransuzlar boshlab bergan milliy bo‘linishni o‘zlashtirgan ruslar Markaziy Osiyoni bosib olgach, bu yerda ham milliy birliklarni shakllantirishga kirishadi. Xalqlarni millatlarga bo‘lishda asosan ko‘chmanchilik va o‘rtoqlikka tayaniladi: o‘zbek, qirg‘iz va qozoqlar ko‘chmanchilar deb hisoblanadi.
O‘troq aholidan sun’iy sart millatini yaratishga harakat qilinadi. Lekin jadidlar va millat fidoyilari xizmati bilan Markaziy Osiyoda sun’iy millat yaratish loyihasi amalga oshmaydi. Aksincha, jadidlar «o‘zbek» nomini ko‘proq qo‘llab, aholi orasida ushbu nomni keng tarqatadi. Ular o‘troq aholi o‘zbek ekanligini ta’kidlab, Moskvadagilarni ham bunga ishontiradi.
Rossiya imperiyasi qulatilib, bolsheviklar hokimiyatga kelgach, ular imperiyachilarning emas, jadidlarning milliy o‘zliklar borasidagi qarashlarini qabul qiladi. Shu asosda 1924 yilgi milliy-chegaralanishlar o‘tkazilib, O‘zbekiston SSR davlati tashkil qilinadi hamda uning tarkibiga o‘zbeklar yashovchi Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklari yerlari kiritiladi. Tojikiston ASSR ham tarixan o‘zbeklar hukmron bo‘lgan xonlik tarkibida bo‘lgani bois, O‘zbekiston SSR tarkibida qoldiriladi. Biroq oradan 4 yil o‘tib alohida respublika sifatida tashkil etiladi.
Sovet tarixchilari o‘lka xalqlarini bir-biridan uzoqlashtirish uchun ularning tarixi, tili va boshqa o‘zliklarini sun’iy ravishda o‘zgartirdi. Xususan, o‘zbeklar tarixi Dashti Qipchoqdan kelgan o‘zbeklarga emas, miloddan avvalgi davrlarda yashagan qabilalarga bog‘landi. Shayboniyxon va Bobur kurashi asnosida butun shayboniylar va ular bilan kelgan o‘zbeklar yomonotliq qilindi.
O‘zbekiston davlati shu tariqa paydo bo‘ldi, rivojlandi, tarqaldi. O‘zbek nomi va o‘zbek xalqi faqatgina 1924 yilda tashkil topgan degan qarash mutlaqo asossiz va xatodir.
O‘zbek nomi bir necha asrlar davomida ishlatildi va mashhur bo‘ldi. O‘zbek xalqi ajdodlari bu nomni va bu nomdagi xalq yashovchi yerlarni yuzlab yillar davomida boshqardi va himoya qildi.
Muhammadqodir Sobirov