Jahon | 17:55 / 29.03.2023
38383
13 daqiqa o‘qiladi

«Ukrainalik harbiylar yosh bolali ayolni kamsitgani» va unga ruscha gapirishni taqiqlagani haqidagi video feyk bo‘lib chiqdi

Buni Z-kanallar ham tan oldi.

Foto: Videodan kadr

Bu qanday video?

27 mart kuni Rossiya ta’siridagi nashrlar, telegram-kanallar va ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarda videoregistratorda olingan video tarqala boshladi. Unda Ukraina qurolli kuchlarining identifikatsiya (tanish) belgilari aks harbiy libosdagi odamlar go‘yoki tinch aholi vakillari bo‘lgan mashinani to‘xtatishadi — ayol va uning yosh bolasi (lekin kadrda faqat «harbiylar» ko‘ringan). Formadagi odamlar avtomobil egasini u go‘yoki harbiy texnikalar kolonnasini quvib o‘tgani uchun haqorat qila boshlaydi (masalan, «maraz» deb ataydi), unga tahdid qiladi, rus tilida gapirmaslikni talab qiladi va o‘t ochadi. O‘qlar aynan qayerga tekkani — aniq emas.

Videoda nimalarni ko‘rish mumkin?

Rolik noma’lum ayol boshqaruvidagi mashinaga o‘rnatilgan videoregistratorda olingan. S’yomka boshida ekranning o‘ng burchagida vaqt va kun ko‘rsatilgan — 2023 yil 24 mart, soat 12:17. Video boshida ayolni Ukraina qurolli kuchlari belgilari aks etgan mashina quvib o‘tadi (orqa oynada Ukraina bayrog‘i, yukxonada — teng qirrali oq xoch aks etgan). Harbiylar signal chalishadi, ayolni yo‘l chetiga siqib qo‘yishadi va to‘xtashga majbur qilishadi.

Ayol asabiylashadi va chaqalog‘ini tinchlantirishga urinadi (videoda tili endi chiqa boshlagan bolaning noaniq g‘uvranishi va yig‘isi eshitiladi, ammo kadrda u ham, uning shartli onasi ham ko‘rinish bermaydi). Ukraina qurolli kuchlarining «pikselli» harbiy formasida bo‘lgan va niqob taqqan kishilar mashinadan chiqishadi, ulardan biri ayolning avtomobiliga yaqinlashib kelib, uni «yaramas» deb ataydi va u nega «texnikalar kolonnasi»ni quvib o‘tgani va «uning odamlari»dan birini «urib yuborishiga sal qolgani»ni so‘raydi.

Keyin u hujjatlarni taqdim etishni so‘raydi, avtomobil tomiga urib, «tezroq, tezroq» deb baqiradi. Keyin, ayol o‘z hujjatlarini «harbiy»ga berganidan so‘ng, u uning familiyasini o‘qiydi — «Mustafayeva Aida Sapferovna».

Shundan keyin formadagi odam ayolga tahdid qiladi va «cho‘chqa tili»da — ya’ni rus tilida gapirmaslikni, — balki Ukrainaning «davlat tili»dan foydalanishni talab qiladi.

Keyin kadr ortida o‘q ovozlari eshitiladi (o‘qlar qayerga ketgani — noayon), ayol mashinasida yosh bola borligini aytib baqiradi va bas qilishni so‘raydi. Formadagi shaxs bir necha o‘q uzib, sherigi kutib turgan mashina tomon ketadi — sherigi ham niqobda (ayol va bolasi bu vaqtda tinmay yig‘lab turadi).

Formadagi kishilar o‘z mashinasiga chiqishadi, qayrilib ayolning avtomobili oldiga kelib yana to‘xtashadi va keyin kadrdan g‘oyib bo‘lishadi. Rolik shu yerda tugagan.

Video propagandachilar Readovka, «voyenkor» Aleksandr Kots (uning posti keyin o‘chirilgan), shuningdek «Operatsiya Z: Voyenkory Russkoy Vesny», «Rybar» va «Zapiski Veterana» telegram-kanallarida ham joylashtirilgan. Shu bilan birga, «Meduza»ning aniqlashicha, video birinchi bo‘lib tvitterda e’lon qilingan — «Yuriy Alekseich Z V» nikli foydalanuvchi tomonidan.

Video nafaqat propaganda resurslarida, balki Rossiya TIVning tvitterdagi rasmiy akkauntida #Think4Yourself va #See4Yourself («o‘zingiz o‘ylang» va «o‘zingiz ko‘ring») heshteglari bilan joylashtirilgan. Vazirlik videoga quyidagi so‘zlarni ilova qiladi:

Bir marta natsistlik qilgan — hamisha natsist. Mana ukrainlar qanday terrorda yashamoqda: ko‘ring, ukrain harbiylari orqada chaqalog‘i o‘tirgan onani qanday so‘kib, unga qarata o‘q otishmoqda, shunchaki... ruscha gapirgani uchun «cho‘chqa» va «tagi past» deb atashmoqda. Tag‘in hech qanday natsistlar yo‘q deyishadi….

Video Rossiyaning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi rasmiy tvitter-akkauntida ham e’lon qilingan. Diplomatlar yozishicha, rolikdagi ukrain harbiylari ayol — rus tilida so‘zlashadigan musulmon ayol ekanini bilishgach, «baqirgan, tahdid qilgan, uni haqoratlagan, „cho‘chqa“ deb atagan, bolani qo‘rqitgan, bir necha o‘q uzgan».

Bu video nima uchun navbatdagi spektakl deb baholanmoqda?

  • Qisqacha javob: birinchi navbatda shuning uchunki, rolik katta ehtimol bilan Rossiya armiyasi nazoratidagi ichki hududda olingan.

GeoConfirmed loyihasidagi OSINT-tadqiqotchilari videoning ilk soniyalarida ko‘rinib qolgan elektr uzatish liniyalari ustunlari, shuningdek kadrga tushib qolgan daraxt va butalar shaklidan kelib chiqqan holda s’yomka qilingan joyni topishga muvaffaq bo‘lishgan. Ularga ko‘ra, rolik Makiyivkada olingan — bu shahar Donetsk oblastida joylashgan bo‘lib, Donetsk shahriga chegaradosh va 2014 yildan buyon Rossiya qo‘shinlari tomonidan nazorat qilinadi (aniq koordinatalar – 47.977044, 37.953754).

Shundan keyin rossiyaparast Moscow calling telegram-kanali kuzatuvchisi (u o‘zi Donetskdan ekanini aytadi) o‘sha joyga borgan va videoregistrator kadriga tushib qolgan daraxtlarni suratga olgan.

Boshqa mustaqil tadqiqotchilar ham s’yomka geolokatsiyasini tasdiqlashgan. Kadrga tushib qolgan obektlarni ko‘rsatuvchi so‘nggi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ham koordinatalar to‘g‘ri aniqlanganini ko‘rsatadi.

OSINT-mutaxassislari s’yomka joyini Rossiya nazoratidagi hududdan qidirgani bejiz emasdi — ularda kadrdagilar ukrain harbiylari ekaniga shubhalanish uchun ko‘plab sabablar bor edi. Ulardan ba’zilari tvitterda «Tatarigami_UA» taxallusida yozadigan foydalanuvchi tomonidan keltirilgan:

  • Videodagi «soldatlar» bilagiga sariq rangli bog‘ichlar taqib olgan. Hozirda Ukraina armiyasi ko‘proq yashil rangdan foydalanmoqda — bog‘ichlar fevral oyi boshida o‘zgartirila boshlangan (shunga qaramay, hozir ham ba’zida sariq rangli bog‘ichlar front chizig‘ida olingan videolarda uchrab turadi). Shu bilan birga, rolik yangi, videoregistratordagi sana — 2023 yil 24 martni ko‘rsatadi.
  • Ukrainada o‘tgan yil martidayoq videoregistratorlardan foydalanish taqiqlangan — bu qo‘shinlar ko‘chirilishini sir tutish maqsadida qilingan. Ukraina armiyasi harakati haqidagi ma’lumotni tarqatganlik uchun jazo sifatida jinoyat sodir etilgan holatga qarab 3 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etish nazarda tutiladi. Blokpostlarda registratori bor haydovchilar to‘xtatilishi va jarimaga tortilishi mumkin. Videodagi ayol esa hech narsadan xavfsiramay  registratordan foydalanmoqda, buni «harbiylar» osongina payqashi mumkin, formadagi odamlar esa oqibatidan xavfsiramagan holda kamera qarshisida fuqaroga tahdid qilib, o‘t ochishi notabiiy.
  • «Harbiylar» avtomobili kuzovidagi xoch Ukraina qurolli kuchlari foydalanayotgan an’anaviy xochga o‘xshamaydi. U balkenkroyts uslubida ishlangan — bu Ikkinchi jahon urushida Vermaxtning tanish belgisi edi. Bu esa oq xochni — natsistlar Germaniyasi qurolli kuchlariga taqlid deb iddao qiladigan Rossiya propagandasi narrativiga mos keladi. «Meduza» aniqlagan tvitterdagi birinchi manba ham video haqidagi postda voqeani shunday tasvirlaydi: «Natsistcha xoch va Ukraina bayrog‘i tushirilgan „Folksvagen“ yosh bolasi bor ayolni to‘xtatdi». 

Tadqiqotchilar aniqlagan s’yomka joyi shiddatli to‘qnashuvlar kechayotgan front chizig‘idan (masalan, Avdiyivka va Maryinkadan) taxminan 30 kilometr masofada joylashgan. Rolikdagi qurolli shaxs aytgan Ukraina qurolli kuchlari texnikalari «kolonnasi» tanish belgilari bilan Rossiya qo‘shini tomonidan egallagan hudud ichkarisiga 30 kilometr kirib borishi va askarlardan biri yo‘l harakati qoidasini buzgan ayolga dakki berish uchun shuncha vaqt sarflashga qaror qilishi aqlga sig‘maydi.

Bu soxtalikni nega hatto Z-kanallar ham tan olishdi (ammo Rossiya TIV emas)?

Rossiya taraf bo‘lgan mashhur telegram-kanallardan biri «Rybar» (uning milliondan ortiq obunachisi bor) rolik e’lon qilinganidan ma’lum vaqt o‘tib unga quyidagi gapni qo‘shib qo‘ydi: «video feyk bo‘lib chiqdi». «Rybar»ning original postida bu rolik «Ukraina qurolli kuchlari Ukraina davlat mafkurasi aslida ikkinchi darajali odamlar deb hisoblovchi odamlarga qanday munosabatda bo‘lishini»ni ko‘rsatishi, Ukraina esa «Rossiya uchun doimiy ravishda tahdid solishi» haqida yozilgan.

«ZAPISKI VeTeRANA» telegram-kanali (300 mingdan ortiq obunachisi bor) ham video — feyk ekanini tan olgan va uni «biznikilarning beo‘xshov mashqi» deb atagan. «Biznikilar bu kabi axborot operatsiyalari amalga oshirishi uchun hali ko‘p o‘qib o‘rganishlari kerak», — deya xulosa qiladi muallif.

U oldingi postlarida «[Ukraina qurolli kuchlaridagi] „xaloskorlar“ Qrimga yoki Mariupol, Donetsk, Luhansk»ka kelishini tasavvur qilishni taklif etgan va «ukrain fashistlari mashinasidagi xoch Ikkinchi jahon urushi davridagi nemislarniki kabi» ekaniga e’tibor qaratgandi.

OSINT-tadqiqotchilari s’yomka joyini aniqlashganidan keyin, Rossiya TIVning tvitterdagi rasmiy akkaunti videoni o‘chirib yubordi, ammo bu qaror yuzasidan hech qanday izoh bermadi.

Rossiyaning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi esa videoni o‘chirmagan va foydalanuvchilar tvitga izohlarida yoppasiga bu navbatdagi sahna ko‘rinishi ekanini aytayotgan bo‘lishsa-da, hech qanday tushuntirish bermagan.

Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi ham holat yuzasidan munosabatida bu juda sifatsiz ishlangan tomosha ekanini bildirib, quyidagi faktlarni keltirgan:

  • Donetsk va Makiyivka o‘rtasidagi bosib olingan hududdagi lokatsiya: bu halqa yo‘lidan «DXR» o‘q otish poligoniga qayrilish joyi; video sizdirilgan manbalardan biri - «Yuriy Alekseich Z V» nikli foydalanuvchi;
  • ukrain harbiylari o‘z avtolariga butun xochlarni o‘rnatishadi, videoda esa - vermaxt xochi;
  • Ukrainada front ortidagi ichki hududlarda va mamlakat g‘arbida ham avtomobil registratorlari taqiqlangan;
  • go‘yoki ukrain harbiylari harakatlangan avtomobil kuzovi Rossiyada tayyorlangan va hech qachon Ukrainaga yetkazib berilmagan;
  • sifatsiz montaj: «1:35 daqiqada mashinaga juda yaqin turgan harbiy avtomatdan o‘t ochadi. Ammo o‘q ovozi baland emas. Mashina oynasi esa ochiq. Muloqot oyna orqali ketadi. Oyna yopilgani ovozi eshitilmagan. Mashina ortiga burilib kelganida ham oyna ochiqligini bilish mumkin. O‘t ochilgandi, chunki videoda gilzalarni ko‘rish mumkin. Bu vaqtda esa qandaydir ovoz bo‘lishi kerak edi».

«Rossiyaliklar Ukraina qurolli kuchlari  jangchilarini qoralash, ularni shafqatsiz va noxolis ko‘rsatishga, shuningdek musulmon jamoatchiligi bilan ziddiyat uyg‘otishga harakat qilmoqda. Bu safar qrim tatarlari bilan», deya razvedka boshqarmasi bayonotini keltirgan «Interfaks-Ukraina».

Mavzuga oid