O‘zbekiston | 19:27 / 03.04.2023
32010
4 daqiqa o‘qiladi

Atigi uch xodim ishlaydigan tashkilot. Xorazmdagi voqealar Bolalar ombudsmani e’tiboridan qanday chetda qolgani haqida

Bolalar ombudsmani Xorazmdagi oilaviy mehribonlik uyining 3 nafar tarbiyalanuvchisi jinsiy zo‘ravonlik qurboniga aylangani bilan bog‘liq holatdan nega vaqtida xabar topmaganligi sabablarini izohladi.

Xorazm viloyati Urganch shahridagi 1-oilaviy mehribonlik uyining voyaga yetmagan uch nafar tarbiyalanuvchisi oylar davomida jinsiy aloqaga majburlab kelingani va jinoyatchilarga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangani jamoatchilikni junbishga keltirdi.

1 aprel kuni Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili ham munosabat bildirdi.

Voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq mazkur ayanchli holatga Bolalar ombudsmani nega kech munosabat bildirdi? Vaziyatni o‘rganishga nega endi kirishildi?

Kun.uz muxbirining shu va boshqa savollariga Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova javob berdi.

“Bu holat bo‘yicha rostdan ham biz kech xabar topdik. 31 mart kuni soat 23:20 da «Effekt Makarenko» telegram kanalida xabarni o‘qidim. Shu zahoti masalaga doir materiallarni qayerdan olish mumkinligi haqida so‘radim. «Nemolchi.uz» kanalida ma’lumotlar borligini aytishdi. Sud yopiq tarzda o‘tgani uchun umuman xabarimiz yo‘q edi. Bizga hech kim xabar bergani yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda Senat majlisida aytilgan degan gaplar bor, men o‘sha majlisda yo‘q edim.

Yana bir masala. Bolalar ombudsman instituti 3 yildan beri faoliyat yurityapti. Bizda faqatgina 3 ta xodim ishlaydi. Bolalar ombudsmani, yetakchi mutaxassis va sektor rahbari. Viloyatlarda xodimlarimiz yo‘q hozir, ya’ni strukturamiz yo‘q.

Hozirda bolalar huquqlari ombudsmani bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlangan. Hozircha kutyapmiz, muhokamadan o‘tgach, Qonunchilik palatasiga kiritiladi. Qonun bo‘yicha bizning shtatlar kengaytiriladi va viloyatlarda ham ishlash imkoniyati bo‘ladi. Chunki bolalar ombudsmanining viloyatlarda ham vakillari bo‘lishi shart. Agar mintaqaviy vakillar ishlasa, biz bemalol shunday holatlarni zudlik bilan o‘rganishga harakat qilamiz”, – deydi Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova.

Aliya Yunusova mazkur holat bo‘yicha Bolalar Ombudsmani sifatida ishni nazoratga olganini va oxirigacha batafsil o‘rganishini ma’lum qildi.

“Har bitta holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olinadi. Bu institut mustaqil faoliyat olib boradi. Viz bolalar manfaatlaridan kelib chiqib ishlaymiz. Shuning uchun o‘zimizning tashabbuslar bilan har bitta holatni o‘rganishga harakat qilamiz. Tegishli davlat idoralariga, vazirliklarga o‘z tavsiyalarimizni beramiz va holatlarni nazoratga olib, oxirigacha yetkazishga harakat qilamiz.

Bunday holat bitta emas, rostdan bunday holatlar ko‘p. Biz uch yildan beri monitoring qilyapmiz. Voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan muassasalarda ko‘p holatlarni aniqlaganmiz. Bizning asosiy vazifamiz har bir tushgan murojaat bo‘yicha muammoni tizimli o‘rganishimiz kerak. Bolalarni himoya qilish tizimi hozirgi vaqtda talabga javob bermaydi. Bu borada ixtisoslashgan prokurorlar, sudyalar, advokatlar bo‘lishi kerak. Nima uchunki, bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risidagi qonunda alohida 11-moddasida bolani himoya qilishda birinchidan homiylik-vasiylik organlar sifatida sud va prokuratura ko‘rsatilgan. Nega endi holat sud tomonidan ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, yengil jazo berildi, degan savol bor. Biz masalani qayta tahlil qilib, ko‘rib chiqishimiz mumkin. Lekin birinchi navbatda sud organlari vakolatiga kiradi bu. Albatta, masalani atroflicha o‘rganamiz va kerak bo‘lsa, jabrlanuvchi qizlar bilan yana gaplashamiz. Allaqachon shu’bamizga topshiriq berilgan. Atroflicha ma’lumotlarni olamiz va masala bo‘yicha ishlarni oxirigacha olib boramiz”.

Mavzuga oid