Jahon | 23:15 / 04.04.2023
22453
3 daqiqa o‘qiladi

Peterburgdagi portlash uchun javobgarlikni «Milliy respublika armiyasi» o‘z zimmasiga oldi 

Tashkilot bu harakatni mustaqil tarzda tayyorlagani va amalga oshirganini aytdi. 

Foto: Reuters

Sankt-Peterburgdagi «harbiy muxbir» Vladlen Tatarskiyning o‘limiga sabab bo‘lgan portlash uchun javobgarlikni «Milliy respublika armiyasi» (Natsionalnaya respublikanskaya armiya) o‘z zimmasiga oldi. 

Tashkilot bu haqdagi bayonotni «Rospartizan» telegram-kanalida e’lon qildi, uni Ukrainada yashovchi Rossiya Davlat dumasi sobiq deputati Ilya Ponomaryov ham tarqatdi. 

«Biz 2023 yil 2 aprelda bir guruh Z-faollarga va shaxsan taniqli urush targ‘ibotchisi, harbiy jinoyatchi, Vladlen Tatarskiy nomi bilan tanilgan Maksim Fominga qarshi tadbir tashkil qildik va o‘tkazdik. Bu harakatni biz mustaqil tarzda tayyorladik va amalga oshirdik, bizda hech qanday aloqalar yo‘q va hech qanday xorijiy tuzilmalardan yoki maxsus xizmatlardan yordam olmaganmiz», deyiladi tashkilot xabarida. 

Ular tadbir tinch aholiga qarshi qaratilmaganini, «barcha qurbonlar urushning faol tarafdorlari qatorida» ekanini ta’kidladilar. Tashkilot vakillari, shuningdek, rossiyalik huquq himoyachilarini ushbu ishda hibsga olingan Darya Trepova va «boshqa begunoh odamlarga» yordam berishga chaqirdi. 

2022 yil avgust oyida Ilya Ponomarev faylasuf Aleksandr Duginning qizi Daryaning o‘ldirilishi ortida NRA turgani haqida xabar bergan edi. Uning bayonotidan oldin Internetda bu tashkilot haqida hech qanday gap bo‘lmagan. O‘shanda Ponomarev NRA jinoyatga aloqadorligi haqida ishonchli dalillar keltira olmadi. 2 aprelda, Vladlen Tatarskiy vafot etgan kuni sobiq deputat ommaviy axborot vositalarida «harbiy muxbir» qotillarini bilishini ta’kidladi, ammo «ushbu harakatni amalga oshirgan guruhning rasmiy pozitsiyasini» kutayotganini aytgan edi. 

Avvalroq, targ‘ibotchi Vladlen Tatarskiy o‘limiga sabab bo‘lgan portlashni uyushtirganlikda gumonlanib 26 yoshli Darya Trepova hibsga olingan edi. 4 aprel kuni Moskvaning Basmanniy sudi uni ikki oyga tergov izolyatoriga jo‘natdi. 

Mavzuga oid