O‘zbekiston | 12:55 / 05.04.2023
12234
2 daqiqa o‘qiladi

“Said Ahmad 3 tomlik asariga bor-yo‘g‘i 3 quti sigaret olardi” - shoir Muhammad Ismoil

Sirdaryo viloyatida “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki” targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. 

Unda taniqli san’atkorlar, turli soha faollari ishtirok etdi. Shoir Muhammad Ismoil tadbir ishtirokchilari oldida nutq so‘zlab, konstitutsiyada intellektual mulk huquqi alohida qayd etilayotganini ta’kidladi.

“Bir qancha dardlarim bugungi kunda Konstitutsiyaga kiritildi. Bu dardlar nima? Mening 200 ga yaqin qo‘shiqlarim (qo‘shiq bo‘lgan she’rlar), 15 ga yaqin kinoasarlarim, 100 ming nusxada chiqqan kitoblarim bor. Ammo 30 yilki, biror marta ularga qalam haqi olmaganman. Endi mening intellektual huquqim konstitutsiyaning 53-moddasida belgilanib qo‘yilmoqda. Bundan bag‘oyatda xursandman. 

Nafaqat men, balki Oshiq Erkin degan shoirning ham ko‘plab she’rlari qo‘shiq bo‘lgan. Ammo o‘zlari 80 yoshda ham bir xonali uyda yashardi. Chunki u kishiga qalam haqi to‘lanmagan. Uning mualliflik huquqi hech qachon himoya qilinmagan. Shuningdek, zo‘r adibimiz — Shukur Xolmirzayev 70 yoshdan o‘tsa ham bir kapada yashab o‘tdi. Uning ustiga hatto shifer ham qo‘yolmagan. Lekin u o‘zbekning faxri, iftixori edi. 

Buyuk adibimiz Said Ahmad ham uch tomlik asariga bor-yo‘g‘i uch “pachka” sigaret olardi. Chunki mualliflik huquqi hech qayerda belgilanmagandi. Endi bu konstitutsiyamizda kimning intellektual mulki himoya qilinishi qayd etilmoqda. 

Buyuk shoiramiz Xalima Xudoyberdiyeva 24 yil uy qamog‘ida o‘tirdi. 24 yil televideniyega chiqmadi. Bugun mana shunday ajoyib zamonlar keldi”, — dedi shoir Muhammad Ismoil.

Shoir tadbir ishtirokchilarini 30 apreldagi referendumda faol ishtirok etishga, jamoatchilikni konstitutsiya islohotlariga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.

Targ‘ibot tadbirlari respublika hududlari bo‘ylab davom etmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid