O‘zbekiston | 13:04 / 10.04.2023
10268
2 daqiqa o‘qiladi

“Davlatning ko‘magi bilan o‘limdan qoldim” – navoiylik bemor

9 aprel kuni Navoiy shahrida “Konstitutsiya – o‘zimizniki” targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda jigar tserrozi bilan og‘rib, o‘lim to‘shagida yotgan Yulduz Mamarahimova davlatning yordami bilan qanday sog‘ayib ketgani haqida gapirib berdi.

Uning bildirishicha, 2017 yilda jigar sirrozi bilan kasallangan. 3-4 yil davolanishiga qaramay, sog‘ligi kun sayin yomonlashib borgan.

Hindiston davlatida operatsiya qilishni maslahat berishdi. Biroq operatsiya narxi 25 ming AQSh dollari ekan. Bizda buncha mablag‘ yo‘q edi.

2021 yil ahvolim juda og‘irlashib, jonlantirish bo‘limiga tushib qoldim. Hech qanday dori-darmon ta’sir qilmay qo‘ydi. Shifokorlar yaqinlarimga umrining oxirini oilasida, farzandlari bag‘rida o‘tkazsin, olib ketaveringlar, deyishgan. Chunki ahvolim juda ham og‘ir edi.

Shunda Navoiy viloyati hokimligi tomonidan menga mablag‘ ajratildi va 20 kun ichida, 2021 yilning 23 noyabr kuni Hindistonga olib borishdi. U yerda 15 kunlik tayyorgarlikdan so‘ng operatsiya qilishdi. Mana, ko‘rib turganingizdek, hozirda ahvolim juda yaxshi”, — deya ta’kidladi Yulduz Mamarahimova.

Targ‘ibot tadbirida viloyatdagi ilg‘or fermerlar, shoira va ijodkorlar, huquqshunoslar so‘zga chiqib, sohalarda amalga oshirilgan islohotlar o‘z samarasini bera boshlagani haqida fikr bildirishdi.

Yulduz Mamarahimova va boshqa so‘zga chiqqanlar referendumda faol ishtirok etishlarini ma’lum qilishdi ham jamoatchilikni konstitutsiyaviy islohotlarga befarq bo‘lmaslikka chaqirishdi. 

Mavzuga oid