Jahon | 10:23 / 06.04.2023
33557
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada ukrainlarning yengil motorli samolyoti halokatga uchradi, uchuvchi hibsga olingan

Bryansk oblastidagi chegarachilar tomonidan olingan videoda uchuvchi Rossiya hududi ustida harakatlanayotganini bilmaganini aytadi.

Rossiyaning Bryansk oblastida chegara yaqinida ukrainlarning A-22 «Letuchaya lisitsa» rusumli yengil motorli samolyoti halokatga uchragan. Bu haqda FXX chegara xizmati hududiy boshqarmasi xabar berdi.

«Ukraina hududiga qochishga uringan (Ukraina fuqarosi) chegarachilar naryadi tomonidan qo‘lga olindi», — deyilgan xabarda. Hodisa Butovsk aholi yashash manzili yaqinida ro‘y bergan, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Mash ma’lumotiga ko‘ra, avariyaga uchragan samolyot — Aeroprakt A-22 «Letuchaya lisitsa». Telegram-kanal biror manbaga havola bermagan holda bu shunday rusumli samolyotning RF hududiga ilk bor parvoz qilishi emasligini xabar qilgan.

Rosgvardiyadagilar tasdiqlashicha, uchuvchida qurol va ammunitsiya bo‘lgan. «[Pilot] qurollangandi. Unda avtomat, [avtomatga] o‘qdonlar, zirhli nimcha bo‘lgan. FSB xodimlari u bilan kelgusida nima bo‘lishini hal qilishmoqda», — deya idora vakilining so‘zlarini keltirgan TASS. Agentlik suhbatdoshi uchuvchini dastlab mahalliy aholi vakillari payqab qolishgani va huquq tartibot organlariga murojaat qilishganini qayd etgan. Shot telegram-kanaliga ko‘ra, samolyot halokatga uchraganidan keyin uchuvchi qurol va zirhli nimchani ko‘mib qo‘ygan, qo‘lga olinganida qurolsiz bo‘lgan.

Mash va Baza manbalari samolyot boshqaruvida bo‘lgani aytilgan shaxs so‘roq qilinishi aks etgan videoni namoyish etdi. U o‘zini Aleksandr Morozov deb tanishtiradi va fuqarolik uchuvchisi ekani va topshiriq bo‘yicha aerofotos’yomka bilan shug‘ullanishini aytadi: topshiriqqa ko‘ra u boshqa samolyot ortidan past balandlikda uchib, ko‘rsatma berilganida fotosuratga olishi kerak bo‘lgan, buning uchun unga 50 ming grivna to‘lashni va’da qilishgan. Ushbu shaxs RF hududida uchayotganini bilmaganini aytadi — uning so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina hududida «janubga qarab» uchishi kerak bo‘lgan, havoga ko‘tarilganidan so‘ng uning plansheti o‘chib qolgan va u o‘z koordinatalaridan bexabar bo‘lgan. U zirhli nimcha va avtomat unga tegishli ekanini tasdiqlagan, ularni parvozdan oldin «xavfsizlik uchun» berishgan.

«Bizning hududiy mudofaa kuchlarimiz va havo hujumidan mudofaa kuchlarini [tekshirish uchun] past balandlikdagi nazorat parvozi. Ammo ular osmondagi hamma narsani o‘qqa tutishi tufayli zirhli nimcha kiygan ma’qul», — degan u. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘nganidan so‘ng u o‘zini hududiy mudofaa jangchilari qurol bilan ko‘rib otib tashlamasligi uchun avtomatini uloqtirib yuborgan.

Video qachon va qayerda tasvirga olinganini mustaqil manba orqali tasdiqlab bo‘lmaydi. Bu video chegara xizmati va boshqa kuchishlatar idoralarning rasmiy sahifalarida ham e’lon qilinmagan. 

Mash xabariga ko‘ra, samolyot «Drujba» neft quvuri tomon uchgan.

Aleksandr Morozov ism-sharifli ukrainalik uchuvchi haqida 2018 yilda «Nastoyashcheye vremya» yozgan. U 2000-yillar oxirida, 50 yoshida mashg‘ulotlarda qatnashib, uchishni o‘rgangan. Keyin Morozov o‘ziga kichik samolyot sotib olgan, undan keyinroq esa «aerodrom qurish va o‘z zavqi uchun uchishga qaror qilgan». Donbassdagi mojaro vaqtida u yarador ukrain askarlarini shifoxonaga yetkazib turgan. U shuningdek Xarkiv oblasti chegarasida navbatchilik qilish bilan shug‘ullangan. Morozov tashkil etgan aerodrom bazasida «Fuqarolik havo patruli» ko‘ngilli uchuvchilar uyushmasi faoliyat yuritadi, uning uchuvchilari harbiy harakatlarda ham qatnashmoqda. «Agenstvo» nashri videoni tahlil qilgan holda Morozov va videoyozuvdagi kishi — bir odam ekani haqida xulosaga kelgan.

Ukraina rasmiylari bu hodisa yuzasidan munosabat bildirishmadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid