Sport | 12:26 / 10.04.2023
42117
16 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul» «Arsenal»ni to‘xtatdi. APLda chempionlik uchun kimda qanday imkoniyat?

«Enfild»da «Arsenal»ning g‘alabali seriyasiga yakun yasaldi.

Foto: eastnews.ru/Jon Super

Angliya chempionatining 30-turi markaziy uchrashuvida aql bovar qilmas 2:2 hisobi qayd etildi.

«Liverpul» – «Arsenal» 2:2
Gollar:
0:1 – 8 Martinelli, 0:2 – 28 Gabriel Jyezus, 1:2 – 42 Saloh, 2:2 – 87 Firmino.
Aniq ijro etilmagan penalti: Saloh, 54.
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Konate, Roberson, Henderson, Fabino (Firmino, 78), Jons (Tiago Alkantara, 60), Saloh, Diogu Jota (Nunes, 60), Gakpo.
«Arsenal» – Remsdeyl, Uayt, Holding, Gabriel, Zinchenko (Tirni, 88), Chaka, Parti, Edegor (Kiver, 80), Saka, Martinelli, Gabriel Jyezus (Trossar, 80).
Ogohlantirishlar: Uayt (23), van Deyk (31), Chaka (41), Aleksander-Arnold (41), Roberson (45), Remsdeyl (53), Fabino (55), Saka (84).

So‘nggi 10 yillikda «Liverpul» va «Arsenal» o‘yini APLning eng yaxshi ikki jamoasi to‘qnashuvi sifatida yodda qolgan holat bo‘lmagandi. 2010-yillar boshida ikki klub ham eng yaxshi davrlarini o‘tkazmayotgandi, ammo «Arsenal» mersisaydliklardan farqli ravishda muntazam ravishda YeChLda ishtirok etib, guruh bosqichidan o‘tar va pley-offda ham yaxshi ishtirok etardi. Keyin qizillar jamoasida Klopp davri boshlandi, «kanonirlar» esa Venger davrining oxirgi yillarida va u ketganidan keyin qora kunlarni boshdan kechirdi.

«Arsenal» «Enfild»da so‘nggi bor 2016 yilda ochko olgan – o‘shanda «Liverpul» safida boshlang‘ich tarkibda Alberto Moreno, Jordan Ayb va Kolo Ture o‘ynagan, gollardan birini Jo Allen urgan. Londonliklarning so‘nggi g‘alabasi – 2012 yilga to‘g‘ri keladi (o‘sha vaqtda jamoaga endi qo‘shilgan Lukas Podolski gol+pas muallifi bo‘lgandi). «Arsenal»ning «Enfild»da o‘tkazgan so‘nggi 6 o‘yindagi natijasi juda qo‘rqinchli holatda: 1:3, 0:4, 1:5, 1:3, 1:3, 0:4.

Ammo joriy mavsumga kelib kuchlar nisbati yana turlicha: «Arsenal» — kutilmaganda chempionlik poygasida asosiy favorit, «Liverpul» esa (bu ham kutilmagan holat) o‘rtamiyona darajasiga tushib qoldi, bu tur arafasida jamoa Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi o‘rindan 13 ochkoga ortda qolayotgandi.

«Liverpul»da mavsum chindan ham juda yomon o‘tmoqda, ammo «Enfild»da qizillar o‘zini ishonchli his qilishadi — APL o‘yinlarida so‘nggi yetti o‘yinda olti g‘alaba va bir mag‘lubiyatga uchralgan, jamoa joriy yil boshidan buyon bu stadionda gol o‘tkazmagandi. Qolaversa, «Liverpul» «kanonirlar»ga o‘z uyida so‘nggi bor 2012 yilda yutqazgandi. Yetmaganiga Klopp o‘tgan turda «Chelsi»ga qarshi o‘yinda rotatsiyaga qo‘l urdi va aftidan «Arsenal» bilan jangga kuch tejadi.

Shunga qaramay, APLda qatorasiga yetti uchrashuvda g‘alaba qozongan mehmonlar bu uchrashuvga favorit sifatida tashrif buyurishdi. Shunisi e’tiborliki, «Arsenal»da kerakli pallada turli qahramonlar o‘zini ko‘rsatadi — hozirda bu rolni jarohatdan tuzalib safga qaytgan va o‘tgan turda dubl rasmiylashtirgan Gabi Jyezus, shuningdek Mudrik transferi barbod bo‘lganidan keyin hujum markazida o‘zini ko‘rsatgan va ayni vaqtda jamoaning eng yaxshi to‘purari bo‘lib turgan Gabriel Martinelli bo‘lmoqda. «Arsenal» uchun jamoaning asosiy himoyachilaridan biri Uilyam Salibaning jarohat olishi katta yo‘qotish bo‘ldi, uning o‘rniga doim zaxira o‘yinchisi bo‘lgan Rob Holding tushmoqda.

Chempionlik sinovi

Aynan yuqoridagi omillar tufayli «Liverpul»ga qarshi o‘yin «Arsenal»ning chempionlik mentaliteti uchun sinovlardan biri («Siti»ga qarshi o‘zaro o‘yin bilan birga) bo‘lishi kutilayotgandi. Shu bilan birga, bu safar vazifa «uddalab bo‘lmas» darajasidan «haddan tashqari qiyin» darajasigacha tushgandi. «Liverpul» hozirda Yurgen Klopp davridagi eng chuqur inqirozda, hujumchi Darvin Nunes esa o‘yin boshlanishi arafasida kichik jarohati tufayli boshlang‘ich tarkibdan tushib qoldi (uning tezkorligiga Rob Holding ulgura olmasligi tayin edi). 

Ikki jamoa ham ilk daqiqalardan hujumga tashlandi va bu oqshomda tashabbusni raqibga berib qo‘ymoqchi emasligini ko‘rsatishdi. O‘yin qarama-qarshi kurslarda kechdi va 8-daqiqada «Arsenal»ning omadi keldi. Bu mavsumda ko‘p xato qilayotgan van Deyk bu ishni yana bir bor qildi — vaziyatlardan birida u Edegorning Sakaga uzatmasi yo‘liga turib qoldi, lekin to‘p undan jarima maydoniga kirib borgan Martinelliga borib tushdi, braziliyalik hujumchi to‘pni Alissonning yonidan dumalatib o‘tkazdi.

«Arsenal» o‘yinni nazorat qila boshladi, «Liverpul» esa daqiqa o‘tgan sayin o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotayotgandek ko‘rinardi. Mezbonlarning o‘yini ochiqchasiga o‘xshamadi, «kanonirlar» esa bosimni oshirishda davom etdi. Mehmonlar raqib himoyasini turli usullarda to‘zita boshladi — Sakaning harakatlaridan keyin Jyezus ikkinchi golni urishi mumkin edi. Ammo Gabi ko‘p o‘tmay baribir o‘z golini urdi — va bu epizodda «Liverpul»ning joriy mavsumdagi mudofaasining bor kamchiliklari bo‘y ko‘rsatdi. Martinelli Trentning pozitsiya tanlashdagi xatosidan foydalanib, chap qanotda yuzaga kelgan bo‘shliqqa yorib kirib, to‘pni jarima maydoni ichiga uzatdi, van Deyk to‘pga yeta olmadi, Roberson pozitsiyani Jyezusga boy berdi. Bunday o‘yinda 0:2 hukmdek edi.

«Arsenal» birinchi goldan keyin ham, ikkinchi goldan keyin ham bosim qilishda davom etdi, shu qadar kuchli pressing qilindiki, raqib to‘pni jarima maydonigacha qaytarib, Alisson orqali vaziyatdan chiqishga urindi. 
Qolaversa, bo‘lim oxiriga kelib «Liverpul»ning to‘rt himoyachisidan uch nafariga sariq kartochkalar ko‘rsatildi.

Ammo «Liverpul» bu mavsumda APL o‘yinlarida o‘z tribunalari qarshisida juda yaxshi o‘ynamoqda. Jamoaning o‘yini chiqmagan o‘yinda ham tanaffus arafasida bitta javob goli urishga erishildi. Bu vaziyatda chap qanotda yosh Kertis Jons yaxshi o‘ynadi, kombinatsiyani esa kutilganidek Saloh yakunlab berdi.

Bu vaziyatda Rob Holding ishonchli o‘ynay olmadi, u bundan avvalroq ham qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygan, 34-daqiqada bosimga dosh bera olmagan, lekin bu hujumni yakunlashda Salohga aniqlik yetishmagandi. Bu epizod amalda mezbonlarning uyg‘onib, o‘yinga qaytishini boshlab bergandi.

Tanaffusdan keyin «Arsenal» ko‘proq o‘z jarima maydoni atrofida himoyalandi, «Liverpul» esa tashabbusni to‘liq o‘z qo‘liga oldi va 52-daqiqadayoq penalti ishladi — yana Holding jarima maydoni ichida ehtiyotsizlik qilib, Diogu Jotani yiqitdi. Nuqtaga Saloh yaqinlashdi, ammo misrlik futbolchi yaxshi formada emasligini ko‘rsatib qo‘ydi — u uzoq taraddudlanib to‘pni darvoza sohasiga aniq tepa olmadi.

Keyin esa maydonda faqat bir jamoa o‘ynadi. «Liverpul» bosimni kuchaytirishda davom etib, «Arsenal» futbolchilarining oldingi chiziqdagi pressingini uzun uzatmalar orqali yengib o‘tdi. «Arsenal»da yuzaga kelgan bir vaziyatga (ko‘pincha tasodifiy) «Liverpul» beshta vaziyat bilan javob berardi. Natijada jarima maydoni ichidan yo‘llangan zarbalar soni 19 taga yetdi (zarbalar bo‘yicha 21:9) – bu shunday hisoblash amaliyoti boshlanganidan buyon «Arsenal»ga qarshi qayd etilgan rekord ko‘rsatkich. Faqatgina Aaron Remsdeyl va omad keskinlik o‘yin oxirigacha saqlanib qolishini ta’minladi, ammo muqarrar hodisa baribir ro‘y berdi.

Arteta avvaliga futbolchilarni almashtirishga shoshilmadi, faqat 80-daqiqaga kelib, hujum chizig‘ining ikki vakilini almashtirdi – Saka o‘rniga Trossar, Edegor o‘rniga himoyachi Kivior tushdi (polshalik himoyachi tushishi bilanoq qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va bu vaqtda maydonga zaxiradan tushib ulgurgan Darvin Nunes birga-bir vaziyatga chiqib ketdi, Ramsdeyl yana qutqardi). 

Ko‘pchilik Artetani o‘yin oxirida uch markaziy himoyachi sxemasiga o‘tgani uchun tanqid qilmoqda. Ammo murabbiy maydondagi vaziyatdan kelib chiqqan holda yana bir himoyachiga ehtiyoj sezdi, bu vaqtga kelib «Arsenal» holdan toygan va ortiq pressing uyushtira olmasdi. Murabbiy hisobni saqlab qolish uchun avtobus qo‘yishni ma’qul ko‘rdi – bu burilish nuqtasi emas, ko‘proq o‘yindagi muammolar natijasi edi. Arteta bu orqali Kloppning almashtirishiga javob qaytargandi, germaniyalik mutaxassis bir necha daqiqa oldin Fabino o‘rniga Roberto Firminoni tushirgandi.

O‘yin oxirida esa Trent Aleksander-Arnold himoyadagi xatolari uchun qancha tanqid qilishmasin, hujumda ajoyib harakat qilishini yana bir bor namoyish etdi. 87-daqiqada u qanotda Zinchenkoni aldab o‘tib, jarima maydoniga kirdi va to‘pni Firminoga uzatdi — jamoada oxirgi mavsumini o‘tkazayotgan faxriy futbolchi osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi.

O‘yin oxirida «Liverpul» sensatsion ravishda g‘alabani ilib ketishga juda yaqin keldi — Saloh uchun bor o‘ta qulay pozitsiyadan zarba berdi, ammo birinchi holatda darvozabon hududidan turib aniq zarba bera olmadi, qolgan ikki holatda Ramsdeyl a’lo darajada o‘ynadi. Ushbu darvozabon o‘yin oxirida, Konate ko‘kragi bilan to‘pni darvozaga olib kirayotganida yana bir aql bovar qilmas seyv amalga oshirdi va «Arsenal»ning durangini saqlab qoldi.

2:2. «Liverpul» tishlarini ko‘rsatdi va boy berilgandek ko‘ringan o‘yinda ochko oldi. «Arsenal»ning g‘alabali seriyasi esa jamoa uchun «la’natlangan» «Enfild»da to‘xtatildi. «Manchester Siti» bilan oradagi farq — 6 ochko, ammo «shaharliklar»da zaxira o‘yini bor, qolaversa, aprel oyi oxirida ushbu ikki jamoa «Etihad»da chempionlik uchun hal qiluvchi jangda maydonga tushishadi.

Chempionlikka da’vogar ikki jamoada taqvim qanday?

Angliya premer-ligasida chempionlik poygasi qizigandan qizimoqda. «Arsenal» mavsum yakuniga sakkiz tur qolganida «Manchester Siti»ni olti ochkoga ortda qoldirmoqda, ammo «shaharliklar» bitta kam o‘yin o‘tkazgan. Xosep Gvardiola jamoasida taqvim «kanonirlar»nikidan qiyinroq – «Siti» chempionatdan tashqari, Angliya Kubogi va Chempionlar ligasida kurashni davom ettirmoqda. Quyida «Arsenal» va «Manchester Siti»ning mavsumning qolgan qismidagi taqvimi ko‘rib chiqiladi va «shaharliklar»ning APLda g‘olib chiqish imkoniyatlari baholanadi.

«Arsenal»

«Arsenal» 30 turdan keyin 73 ochko jamg‘ardi. Mikel Arteta jamoasi 23 o‘yinda g‘olib bo‘lgan, to‘rt bor durang o‘ynab, uch o‘yinda yutqazgan (birinchi davrada «MYu» va «Siti»ga 1:3 hisoblarida hamda «Everton»ga 0:1 hisobida). Oldinda «Arsenal»ni to‘rtta uy va to‘rtta safar o‘yini kutmoqda. Birinchi davrada «kanonirlar»ning qolgan raqiblarga qarshi natijalari quyidagicha bo‘lgan: «Vest Hem» (3:1), «Chelsi» (1:0), «Brayton» (4:2), «Nottinghem Forest» (5:0), «Vulverhempton» (2:0) mag‘lub etilgan, «Sauthempton» (1:1) va «Nyukasl» (0:0) bilan ochkolar bo‘lishib olingan, «Manchester Siti»ga mag‘lub bo‘lingan (1:3).

Five Thirty Eight superkompyuteri «Arsenal»ning Angliya chempionligi uchun imkoniyatini 42 foizga baholagan. Tizimning hisoblashicha, «kanonirlar» 87 ochko jamg‘argan holda ikkinchi bo‘lishadi. «Manchester Siti», superkompyuter fikricha, 88 ochko bilan birinchi o‘rinni egallaydi («Liverpul»ga qarshi o‘yin arafasida superkompyuter buning aksini ko‘rsatayotgandi – «Arsenal»ning chempionlik imkoniyati 51 foizga baholanayotgandi).

«Arsenal»ning mavsum oxiriga qadar taqvimi:

  • 16 aprel, «Vest Hem» (safar);
  • 21 aprel, «Sauthempton» (uy);
  • 26 aprel, «Manchester Siti» (safar);
  • 29 aprel, «Chelsi» (uy);
  • 7 may, «Nyukasl» (safar);
  • 14 may, «Brayton» (uy);
  • 20 may, «Nottinghem Forest» (safar);
  • 28 may, «Vulverhempton» (uy).

«Manchester Siti»

«Manchester Siti» uchta turnirda ishtirok etayotgani tufayli «Arsenal» bilan oradagi farqni yo‘qqa chiqarishi oson bo‘lmaydi. Qolaversa, «shaharliklar» Chempionlar ligasidagi ishtirokini davom ettirishiga qarab, APLda navbatdagi o‘yinlar yana ko‘chirilishi va turnir jadvalida jamoa yanada ortda qolib ketishi mumkin.

«Manchester Siti»ning mavsum oxiriga qadar taqvimi:

  • 11 aprel, «Bavariya» (uy), Chempionlar ligasi;
  • 15 aprel, «Lester» (uy);
  • 19 aprel, «Bavariya» (safar), Chempionlar ligasi;
  • 22 aprel, «Sheffild Yunayted» (uy), Angliya Kubogi yarimfinali;
  • 23 aprel, «Brayton» (safar), ko‘chiriladi;
  • 26 aprel, «Arsenal» (uy);
  • 30 aprel, «Fulhem» (safar);
  • 3 may, «Vest Hem» (uy);
  • 7 may, «Lids» (uy);
  • 14 may, «Everton» (safar);
  • 20 may, «Chelsi» (uy);
  • 28 may, «Brentford» (safar).

«Man Siti» birinchi davrada «Sauthempton» (4:0), «Lester» (1:0), «Brayton» (3:1), «Arsenal» (3:1), «Fulhem» (2:1), «Vest Hem» (2:0), «Lids» (3:1) va «Chelsi»ni (1:0) mag‘lub etgan, «Everton» bilan durang (1:1) o‘ynab, «Brentford»ga yutqazgan (1:2). 

Opta Analyst superkompyuteri esa «Arsenal»ning chempionligini bashorat qilmoqda — 56,4 foizlik ehtimol bilan, «Siti»ning imkoniyati 43,6 foizga baholanmoqda.

Mavzuga oid