Jahon | 20:20 / 10.04.2023
37054
12 daqiqa o‘qiladi

Pentagon hujjatlari sizdirilishi Ukrainaning zaif tomonlarini ko‘rsatdi. Biroq bu ataylab qilingan bo‘lishi ham mumkin

2023 yil boshidan beri Kiyev va G‘arbda tez-tez gapirilayotgan Ukrainaning qarshi hujum operatsiyasiga tayyorgarlik kutilmagan burilishga uchradi. Ilgari, bu haqda ma’lum bo‘lgan barcha ma’lumotlar navbatdagi harbiy yordam paketlari, Ukraina siyosatchilarining noma’lum tarkibdagi «hujum gvardiyasi»ni yaratish haqidagi izohlaridan iborat edi. Endi juda ko‘p fakt materiallar paydo bo‘ldi: AQSh harbiy va razvedka hujjatlari g‘alati tarzda sizdirildi (fevral oxiri va mart oyi boshlarida), ularning kattagina qismi esa Ukrainadagi urushga bag‘ishlangandi.

Foto: Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA

AQSh ularni norasmiy ravishda «haqiqiy» deb tan oldi, ammo «sizib ketish» dushmanga (ya’ni Kremlga) noto‘g‘ri ma’lumot yetkazish uchun G‘arb tomonidan atayin uyushtirilgan operatsiyaligi yoki aksinchaligi borasida shubhalar saqlanib qolmoqda. Muhimi, sizdirilgan hujjatlardan Ukraina armiyasining zaifligi va keng ko‘lamli hujum operatsiyasini o‘tkazishga qodir emasligi haqida xulosa chiqarish mumkin.

Shuningdek, ma’lumotlardan G‘arb Ukraina qurolli kuchlarida va Ukraina rahbariyatida sodir bo‘layotgan voqealar haqida barcha ma’lumotlarga ega emas degan qarashga kelish ham mumkin.

Bular o‘zi qanday hujjatlar?

Bu hujjatlar ma’lum bir taqdimotda ishlatilgan A4 varaqlarining fotosuratlari (jami yuzdan ortiq). Ehtimol, ushbu taqdimot 1 mart kuni Germaniyada bo‘lib o‘tgan NATO va Ukraina qurolli kuchlari vakillari uchrashuvida qatnashgan amerikalik ishtirokchilar uchun tayyorlangan.

  • Ko‘pgina varaqlarda «mutlaqo maxfiy» va «xorijiy vakillar uchun emas» belgilari mavjud.
  • Ba’zi fotosuratlar sifatsiz, xira, ba’zilaridan muhim tafsilotlarni aniqlab olish mumkin emas.
  • Hujjatlarning sezilarli qismi Ukrainaga taalluqli emas: to‘plamda AQShning turli razvedka agentliklarining dunyo bo‘ylab — Xitoydan Yamangacha bo‘lgan voqealar haqidagi hisobotlari mavjud. Amerika razvedka xizmatidagi manbalar jurnalistlarga tushuntirishicha, bu hujjatlar mamlakat rahbariyati uchun tuzilgan kundalik razvedka hisobotlariga o‘xshaydi.
  • Ukrainadagi urushga oid hujjatlar frontdagi mavjud vaziyatni (2 mart holatiga ko‘ra) ham, strategik masalalarni ham tasvirlagan. Xususan, qarshi hujum uchun yangi Ukraina tuzilmalarini jalb qilish, tomonlarning kuchlari va yo‘qotishlari muvozanati, Ukrainaning havo hujumidan mudofaasi holati, turli qurollarni yetkazib berish tezligi kabilar.
  • Alohida razvedka hisobotlarida frontdagi vaziyat bo‘yicha Ukraina rahbariyatidagi muhokamalar va Rossiya Bosh shtabidagi shunga o‘xshash muhokamalar to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan. Masalan, The New York Times gazetasi tasdiqlashicha, Ukraina yetakchilari fevral oyi oxirida Baxmut yaqinidagi vaziyatni (uni «halokatga yaqin» deb atagan holda) muhokama qilgan va rus qo‘shinlarining olg‘a siljishini hamda shaharni o‘rab olishini to‘xtatish uchun bu yerga elita qismlarni tashlashga qaror qilgan. Sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Baxmut himoyachilarining ruhiy holati yomon bo‘lgan, chunki ular haqiqatan ham qurshab olinganiga ishongan. Gazeta havola qilgan hujjatning surati boshqa hech qayerda uchramaydi.

Nega barcha hujjatlar sizdirilmadi? Ular o‘zi qanday qilib paydo bo‘ldi?

Internetda taqdimotning faqatgina bir necha varaqlari keng tarqaldi va ularda soxta ma’lumotlar mavjud. Sizdirilgan ma’lumotlarning qalbakilashtirilgan qismi 5 aprel kuni Rossiyadagi urushni qo‘llab-quvvatlovchi telegram-kanallarda paydo bo‘ldi va tezda ushbu segmentda tarqaldi. Ushbu ma’lumotlarni tarqatgan ilk manba aniqlandi — bu ingliz tilida yuritiladigan Donbass Devushka kanali edi. Rossiyaliklar tarqatgan hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, bosqin boshidan beri Rossiya armiyasi bor-yo‘g‘i 17 mingga yaqin askarni yo‘qotgan, Ukraina armiyasi esa 70 mingdan ortiq odamdan ayrilgan.

The New York Times nashri ushbu ma’lumotlar yuzasidan izoh olish uchun Pentagondagi manbalariga murojaat qildi. Ular hujjatlar haqiqiyligini tasdiqladi, faqat yo‘qotishlar haqidagi raqamlardan tashqari. Ularning aytishicha, Ukraina tomonidagi qurbonlar soni oshirib yuborilgan, Rossiya tomondagi yo‘qotishlar miqdori esa kamaytirilgan.

AQShda darhol sizdirilgan ma’lumotlar yuzasidan tergov e’lon qilindi.

7 aprel kuni anonim 4chan imijbordida xuddi shu taqdimotdagi hujjatlarga aloqador bo‘lgan yana bir necha o‘nlab fotosuratlarning bir qismi topildi. Sanalarga ko‘ra, 4chan’dagi fotosuratlar Donbass Devushka kanaliga bir necha hujjatlar rasmlari joylashtirilishidan bir necha soat oldin paydo bo‘lgan. Ammo bunga ko‘pchilik e’tibor qaratmagan.

4chan’dagi hujjatlar orasida yo‘qotishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud varaq ham bor bo‘lgan, ammo undagi raqamlar butunlay boshqacha: unga ko‘ra, fevral oyi oxiriga kelib Rossiya kuchlari 43,5 ming kishini, Ukraina armiyasi esa 17,5 ming kishini yo‘qotgan.

Tez orada 4chan’dagi fotolar birinchi manba emasligi ma’lum bo‘ldi. Xuddi shu hujjatlar mart oyi boshida filippinlik yutub-bloger WaoMao muxlislarining Discord platformasidagi guruhiga joylashtirilgan. Biroq, Thug Shaker Central deb nomlangan boshqa Discord serverida sizib chiqishning yanada eskiroq izlari topilgan. Bu yerda 30 ga yaqin ishtirokchilar muntazam ravishda pravoslavlik, o‘yinlar, musiqa va kanadalik vlogger Oxide videolarini muhokama qilgan. Oxide turli o‘q o‘tkazmaydigan zirhli nimcha va kaskalarni otish bo‘yicha tajribalarni tasvirga olgan.

Aytilishicha, serverga sizdirilgan ma’lumotlarni chiqarish yanvar oyidayoq boshlagan, jami yuzlab hujjatlar Discord platformasiga joylashtirilgan.

Hozirda hujjatlar bu infomaydonlarning baridan o‘chirib tashlandi. Shuningdek, Pentagondagi manba ma’lumotlar sizib chiqishini tan olgan paytdan boshlab, hujjatlar Twitter, Reddit va boshqa joylardan tizimli ravishda olib tashlanmoqda. Biroq, bir necha o‘nlab qog‘ozlar keng tarqalishga ulgurdi va ular rus tilidagi forumlar, messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarda hamon tarqalmoqda.

Sizib chiqqan hujjatlardan qanday xulosalar chiqarish mumkin?

Sizdirilgan hujjatlardan shuni bilish mumkinki, amerikaliklarning ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyi boshida ikkala urushayotgan armiya ham yomon ahvolda bo‘lgan va nisbatan kichik kuchlar bilan harakat qilgan. Rossiya qurolli kuchlari frontga Ukraina qurolli kuchlariga qaraganda bir oz ko‘proq qo‘shinni (taxminan 140 ming kishi) joylashtirgan.

Ikki armiya ham zaxiralarni yaratgan. Hujjatlarda Rossiya zaxiralari haqida ko‘p narsa yozilmagan, biroq bir necha sahifa Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujum uchun ikkita zarbdor korpus yaratishiga bag‘ishlangan. Ushbu korpuslar uchun to‘qqizta brigadani G‘arb mamlakatlari, yana uchtasini Ukrainaning o‘zi o‘qitishi va qurollantirishi kerak bo‘lgan. Barcha brigadalar yangi tashkil etilgan.

«Zarbdor korpuslar»ning kuchsiz tarkibi e’tiborni o‘ziga tortadi. Ulardagi brigadalar va shaxsiy tarkib soni ham (taxminiy soni 40 ming kishidan kamroq; sentabr oyida Xarkivga ham shuncha miqdordagi kuchlar bilan qarshi hujum uyushtirilgan deb ishoniladi), brigadalarning qurollanishi (AQSh armiyasi brigadasidagi zirhli texnikalardan qariyb ikki baravar kam) ham ancha kamtarona.

Ammo, hujjatlarga ishonilsa, bu Ukraina qurolli kuchlarining asosiy muammosi emas. Mart oyi boshida Ukraina havo mudofaasi, ayniqsa, yomon ahvolda bo‘lgan. Uning deyarli 90 foizi SSSR davrida ishlab chiqarilgan havo hujumidan mudofaa tizimlardan (asosan C-300 va «Buk») tashkil topgan bo‘lib, ularning o‘q-dorilari tugagan. G‘arbning havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun o‘q-dorilar iste’moli ham NATOning ularni yetkazib berish qobiliyatidan yuqori edi.

Hujjatlarga ishonilsa, aprel oyida Ukraina havo mudofaasi o‘q-dorisiz qoladi, bu esa Rossiya Aerokosmik kuchlarining havoda ustunlikni qo‘lga kiritishiga, front chizig‘iga ham, ichki hududlarga ham zarba berish imkoniga ega bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, rossiyaliklar vertolyotlardan ham foydalanishni boshlashi mumkin bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, Ukrainaning qarshi hujumi barbod bo‘lishiga olib kelishi mumkin. AQSh «ittifoqchilardan» shoshilinch ravishda C-300 va «Buk» tizimlari uchun o‘q-dorilar topishni rejalashtirgan.

Hujjatlarda aytilishicha, Ukraina qurolli kuchlari G‘arb artilleriyasi o‘q-dorilarning keskin tanqisligini ham boshdan o‘tkazgan. Shuningdek, Ukrainaga AQSh tomonidan yetkazib berilgan oddiy aviabombalarni «aqlli» aviabombalarga aylantirish qurilmalari ham ayrim hollarda samarasiz bo‘lib chiqqan, ammo buning sabablari to‘liq aniqlamagan.

Bu hujjatlarga ishonish mumkinmi? Ular soxta emasmi?

Buni aniq aytib bo‘lmaydi.

Hujjatlar, aftidan, bir-biriga mos keladi va ular, shubhasiz, AQSh harbiy hujjatlarni boshqarish tizimi va o‘ziga xos lug‘ati (masalan, qisqartmalar) bilan yaxshi tanish bo‘lgan shaxs tomonidan tuzilgan. AQSh harbiy tizimidan tashqarida bo‘lgan qandaydir odam o‘nlab bunday hujjatlarni jiddiy xatolarsiz yoza olishi shubhali taxmin.

Hujjatlar Kreml va Rossiya Bosh shtabini chalg‘itish maqsadida AQSh harbiylari yoki razvedka xodimlarining o‘zlari tomonidan yaratilgan deb taxmin qilish ham mumkin. Masalan, Ikkinchi jahon urushi paytida ittifoqchilar «Qiymalangan go‘sht» nomli yolg‘on axborot operatsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirgan va Germaniya Bosh shtabini 1943 yilda ittifoqchilar qo‘shinlari Sitsiliyaga emas, balki Gretsiyaga tushishiga ishontirgan.

Germaniya ham, o‘z navbatida, SSSR rahbariyatini 1942 yilda Vermaxt asosiy zarbani Don va Kavkazga emas, balki Moskvaga berishiga ishontirish uchun «Kreml» dezinformatsiya operatsiyasini uyushtirgandi.

Yanada yangiroq misol ham bor: 2022 yilning yozida Kiyev kuzgi qarshi hujum kampaniyasining asosiy nishoni Xerson oblasti bo‘lishi haqida mish-mishlarni faol ravishda tarqatdi. Haqiqatan ham avgust oyi boshida Dniproning o‘ng sohilida hujum boshlandi, ammo asosiy zarba sentabr oyida Xarkiv oblastida berildi.

Biroq, hozirgi holatda, ushbu «nazorat ostidagi sizdirish»ning maqsadlari mutlaq aniq emas. Hujjatlarda aniq bir hujum rejasi haqida hech qanday so‘z yo‘q, hech qanday taxminiy sana ham yo‘q (faqat «zarba korpuslari»ni shakllantirishning so‘nggi muddati bor), Shuningdek, hujum yo‘nalishlari, ehtimoliy nishonlar haqida ham umuman gapirilmagan. Katta ehtimol bilan, dezinformatsiyaning yagona maqsadi – Kremlni Ukraina qurolli kuchlari kuchsizligiga ishontirishdir.

Ehtimol, Kreml bunga ishonmaydi: masalan, Donbassdagi janglarda Rossiya tomondan ishtirok etayotgan jangchining tasdiqlashicha, so‘nggi kunlarda Rossiya qurolli kuchlari Ukraina qarshi hujumini to‘xtatib qolish uchun zaxiralarga ega bo‘lish maqsadida o‘q-dorilarni tejamoqda.

Va nihoyat, Kremlni yolg‘on axborot bilan chalg‘itish uchun «taqdimot»ga haqiqiy razvedka hujjatlari ataylab kiritilgan deb taxmin qilish mumkin. Biroq, bu holatda, bunday operatsiyaning muvaffaqiyati uchun narx juda yuqori bo‘lishi mumkin: sizib chiqish AQSh ittifoqchilari va AQShning o‘ziga tegishli juda ko‘p nozik ma’lumotlarni oshkor qildi.

Mavzuga oid