O‘zbekiston | 17:17 / 10.04.2023
18334
10 daqiqa o‘qiladi

Transport vaziri – avtobuslar intervali, parkomat, ko‘p qavatli avtoturargohlar va tramvay haqida

Toshkentda avtobuslar intervali 3-4 daqiqa, pik vaqtlarda esa hatto 2 daqiqagacha kamaytiriladi, deb va’da berdi transport vaziri Ilhom Mahkamov. U parkomatlar tashkil etish kechikayotgani, ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilishi va tramvayni qaytarish haqidagi savollarga ham javob berdi.

8 aprel kuni Toshkentga Xitoydan olib kelingan yangi avtobuslar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda transport vaziri Ilhom Mahkamov ham qatnashib, tadbir doirasida jurnalistlar savollariga javob berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning “King Long” va “Yutong” brendlaridan sotib olinayotgan 12 metrli 300 ta elektrobus, 12 metrli 500 ta tabiiy gazda yuradigan avtobus va 18 metrli 200 ta tabiiy gazda yuradigan avtobus – jami mingta transport vositasining umumiy narxi – 210 mln dollar.

“Mingta avtobusning narxi 210 mln dollarga aylandi. Aprel oyi yakunlanishi bilan barcha mingta avtobusni Xitoydagi zavodlar ishlab chiqarib yuboradi. Bugungi kunda mingta avtobusdan 592 tasi zavodlardan chiqib ketgan, yo‘lda kelyapti. Hozir 233 tasi Toshkent shahriga kelgan. 20 aprelgacha barchasi zavodlardan chiqib ketadi. Xitoy va Qozog‘iston chegaralaridagi tirbandlik hisobiga, avtobuslarning yo‘lda kelishiga 10-12 kun ketmoqda”, – dedi Ilhom Mahkamov.

— Avtobuslar uchun alohida harakat bo‘laklari tashkil etildi, lekin bu bo‘laklar plastik yoki temir to‘siqlar bilan ajratilmagan. Shuning uchun ham haydovchilar orasida qoidabuzarlik yoki avtobuslarning tirbandlikda qolib ketishi kuzatilyapti. Kelgusida bu yo‘laklarni jismoniy to‘siqlar bilan ajratish bo‘yicha rejalar bormi?

— Yo‘l harakati qoidalarida uzluksiz chiziq bor, buni bosib o‘tganlarga nisbatan jarima mavjud. Hozir har bir avtobusga maxsus registratorlar qo‘yiladi. Avtobuslar o‘sha maxsus yo‘laklarda harakatlanayotganda yo‘lini to‘sib qo‘ygan, mumkin bo‘lmagan joyni avtoturargohga aylantirgan avtomobillarning hammasini fiksatsiya qiladi, ma’lumotlar YHXBBga yuboriladi. Bu jarayonda eng samarali jazo bu – jarima. Ikki marta jarima to‘laganidan keyin qoidabuzarlik qilmaslikka harakat qilishadi.

Aytganingizdek, buni alohida to‘siq bilan ajratish uchun alohida katta infratuzilma tuzish kerak. Bu BRT (bus rapid transit – tezkor avtobuslar tizimi – tahr.) bo‘ladi. Jarayonda bekatlarni moslashtirish, piyodalar o‘tishi uchun alohida ko‘priklar yoki yerosti o‘tish yo‘lagini qurish kerak. Bugungi kunda biz tezkor yechimlarni berish bilan shug‘ullanyapmiz. Bu infratuzilma ustida ham Toshkent shahar hokimligi, IIV, Transport vazirligi hamkorlikda loyiha ofisini tashkil qilganmiz. Poytaxtda 34 ta yirik koridor bo‘lsa, mana shu loyiha ofisi bilan birgalikda 13 ta koridorni tanlab oldik. 2023 yilda 13 ta koridorning hammasida chorrahadan o‘tuvchilik qobiliyati, o‘ng tarafga ketish, yo‘llarda jamoat transportiga ustuvorlik berish bo‘yicha ishlanyapti.

Hozirgi kunda Toshkent shahrida 1 100 ta avtobus harakatlanmoqda. Undan 460 tasi kichik sig‘imli Isuzu hisoblanadi. Ayni vaqtda foydalanilayotgan MAN va Mercedes-Benz avtobuslari bilan birga, qo‘shimcha ravishda mingta katta sig‘imli avtobuslar ham olib kelinyapti, shularning hammasini qo‘shganda jami 1 900 ta katta sig‘imli avtobus xizmat qilishni boshlaydi. Shuning 200 tasi 18 metrli avtobuslar hisoblanadi. Albatta, bu tiqilinchni kamaytiradi, intervallarni 3-4 daqiqaga qisqartiradi. “Chas-pik” vaqtlarida oraliq intervallarni 2 daqiqaga ham olib boramiz.

Mingta avtobusni bittada sotib olishimiz yaxshi siyosat bo‘ldi. Mingta avtobus kelgach, yagona vazifamiz yo‘llardagi infratuzilmani yaxshilash bo‘lib qoladi.

— Prezidentning 59-sonli qaroriga ko‘ra, 1 apreldan jamoat transporti uchun yangi, moslashuvchan tariflar joriy etilishi, yo‘lkiralarning narxi o‘zgarishi kerak edi. Nima sabab bu amaliyot kechikmoqda? Hozir loyiha qaysi bosqichda?

— Bu kechikkani yo‘q. Avtobuslar kelganidan keyin, buning normativ bo‘yicha o‘tish yo‘llari bor. Shundan keyin, yo‘lkiraning tannarxi chiqadi.Tannarx aniqlanganidan keyin biz bularni ommaga e’lon qilamiz. Mana shu jarayonlari bilan tarifning o‘zgarishi 15 may sanasiga to‘g‘ri keladi. 15 maydan yangi tariflar joriy etiladi.

— Pulli parkomatlarga ham to‘xtalib o‘tsak. Prezident tomonidan imzolangan 111-sonli qarorda bu tizim o‘tgan yili noyabr oyida joriy etilishi belgilangan. Bu borada 10 ta ko‘chaning nomi ham e’lon qilingandi. Nega bu ham kechikmoqda? Hozir qaysi bosqichda? Qachondan ularni o‘rnatish boshlanadi?

— Albatta, bu parkomatlar bo‘yicha loyiha ishlari ham amalga oshirildi. Bunda ko‘chalarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati tushib ketishi kerak emas. Shularni hisobga olgan holda, loyihaviy ishlar tugatildi. Parkomatlarni tashkil etish to‘g‘ridan to‘g‘ri bitta tashkilotga berilmasdan, tender asosida tashkilotlarga tarqatiladi – talabgorlar juda ko‘p. May oyida tender e’lon qilinadi.

— Mavzudan chetlashmagan holda yana bir savolga javob bersangiz. 59-sonli qarorda ko‘p qavatli avtoturargohlar haqida ham ma’lumot berilgan. Qaror 16 fevralda qabul qilingan bo‘lsa, adashmasam, 1 oy muddatda loyiha ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak edi. Muddat o‘tib bo‘ldi. Nima bo‘ldi shu? Loyiha haqida dastlabki ma’lumotlarni ochiqlay olasizmi? Toshkentning qaysi hududlarida shunday avtoturargohlar qurilishi reja qilinmoqda? Joylar tanlandimi?

— Markazdan asosan 4 ta yirik hudud tashlangan. Qaror chiqqanidan keyin, batafsilroq muhokama qilganimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Asosiy ideologiya shundaki, atrofida “parkovka”ga imkoniyati yo‘q bo‘lgan joylar yoki odamlar va shaxsiy transportlar ko‘p yig‘iladigan manzillarga joylashtirilyapti. 5 yoki 7 qavatli avtoturargohlar bo‘ladi, pastki ikki qavatini yerostiga kirgizishga harakat qilib ko‘ramiz. Bu juda ham mukammal ishlab chiqilishi lozim, chunki injinerlik-kommunikatsiyalar o‘tgan joylar bor. Bu – loyihachilar bilan ishlanadigan, talab qilinadigan masalalar.

Lekin manzillarimiz ham, qaror loyihasi ham tayyor. Shu kunlarda buni Vazirlar Mahkamasiga kiritamiz. Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘lib chiqadi.

— Metroda qanday yechimlar qilinyapti? U yerda ham tiqilinchlik yuqori. Bekatlar, poyezdlar soni ko‘paysa ham, muammo saqlanib turibdi.

— Sababi, odamlarning mobilligi oshyapti. Yechim sifatida yo‘llarni kengaytirish – xato. Yo‘llar ustida ko‘priklar qurish ham samarali yechim emas. Bitta chorrahaning masalasini yechganingiz bilan, tirbandlikni keyingi chorrahalarga ko‘chirasiz.

Biz shahar hokimligi va IIV bilan Toshkent shahrining transport makromodelini ishlab chiqdik – bu birinchi marta qilingan narsa. 2 yil oldin hurmatli prezidentimiz Toshkent shahrining bosh rejasini qilishga topshiriq bergandilar. Biz Turkiya va Rossiya Federatsiyasi mutaxassislarini olib kelib, 2 yil davomida tahlil qilib, yo‘lovchilar oqimini o‘rganib, makromodelni ishlab chiqdik.

Bu – 1-2 kunda joriy etiladigan narsa emas. Bu – butun Toshkentdagi 34 ta koridorni chorrahama-chorraha har bitta ko‘chasini umuman qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘lgan konsepsiya. Hozirda bu detalli loyihalashtirishga beriladi. Keyinroq bu bo‘yicha alohida brifing ham, juda batafsil tushuntirib beramiz.

Brutto-shartnoma tizimiga qachon o‘tiladi? Shu orqali avtobus haydovchilari uchun “plan” bekor qilingan bo‘lardi.

— To‘ppa-to‘g‘ri. Bizga faqat yangi avtobus sotib olish emas, eski tizimdan voz kechib, yangisiga o‘tish vazifasi ham yuklatilgan. 15 apreldan boshlab brutto-shartnoma uchun birinchi tenderlar boshlanadi. 167 ta yo‘nalish tashkil qilingan, xorijiy mutaxassislar bilan shu yo‘nalishlar uchun tenderlar o‘tkazamiz. 15 maydan shahardagi jamoat transportlari faqat brutto-shartnomada ishlashni boshlaydi.

— Tramvayni qaytarish rejasi yo‘qmi?

— Endi, bitta narsani aytish kerak... Mana, o‘zinglar drenaj masalasini ko‘tardinglar, metrodagi, yo‘llardagi tirbandliklarni aytyapsizlar. Hozir bizga mutaxassislar eng katta yechimini aytyapti: “Ishni Yangi Toshkent bilan eski Toshkentni bog‘laydigan tramvay yo‘lidan boshlanglar; hozir Toshkent shahrining ichiga tramvay qurishni kiritganinglar bilan, biz kattaroq tirbandlikka duch kelamiz”.

Tramvay yurgandan keyin emas, qurilishi jarayonida tirbandliklar kelib chiqadi. Bu juda katta vaqtni talab qiladi. Shuning uchun men o‘ylaymanki, yaqin orada Yangi Toshkent bilan eski Toshkentni bog‘laydigan tramvay loyihasini prezidentimizga taqdimot qilamiz.

— Qo‘yliq-Sergeli yo‘nalishida metro bekatlari qurilishining oxirgi bosqichi qolgandi. Hozir sinov jarayonlari ketmoqda. Qachondan aholiga foydalanish uchun topshiriladi?

— 25 apreldan 5 ta stansiyani ishga tushiramiz. Ya’ni 7-bekat Qo‘yliqdan 12-bekatgacha. 3 ta bekatda hali qurilish ketyapti.

Raqamlar bilan nomlangan metro bekatlariga nom tanlash masalasini 18 aprelgacha ovozga qo‘ydik. Bekatlar nomlarini xalqning o‘zi tanlaydi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi. 

Mavzuga oid