Jahon | 15:03 / 10.04.2023
20340
6 daqiqa o‘qiladi

Zaporijjya yana o‘qqa tutildi, Rossiya raketasi uyni yakson qilgan. Urush suratlari

Ukrainada urushning 410-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Rossiya qo‘shini Zaporijjyani o‘qqa tutdi. 11 yoshli qiz va uning otasi halok bo‘lgan.
  • Ukraina QK Sharqiy qo‘shinlar guruhi vakili Sergey Cherevatiyning xabar qilishicha, «Vagner» XHKning yo‘qotishlari tufayli Rossiya Baxmut yo‘nalishiga muntazam armiya qismlarini yuborishga majbur bo‘lmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Baxmut uchun janglarda XHK «faqat halok bo‘lganlar hisoblanganda» kuniga o‘rtacha yuz kishi yo‘qotmoqda. Rossiya tomoni bu ma’lumotga munosabat bildirmagan.
  • The Washington Post nashri Pentagonning sizdirilgan maxfiy ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, «Vagner» XHK Mali va Ukrainadagi «harakatlar» uchun Turkiyadan qurol sotib olishga harakat qilgan. Ma’lum qilinishicha, xususiy harbiy kompaniya vakillari Turkiyada «ayrim suhbatdoshlar bilan uchrashgan», Malining muvaqqat prezidenti Assimi Goita esa go‘yoki uning mamlakati «Vagner» XHK uchun Turkiyadan qurol sotib olishga tayyorligini tasdiqlagan. Bu muzokaralar nima bilan yakunlangani va bu haqda Turkiya hukumati nimanidir bilishi aniq emas. Turkiya hukumati matbuot xizmati va Malining Vashingtondagi elchixonasi jurnalistlarga izoh berishdan bosh tortgan.
  • Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) o‘zining kunlik hisobotida xabar berishicha, Rossiyaning Ukrainadagi yurishi sur’ati butun front bo‘ylab pasaygan. Ekspertlar yozishicha, Rossiya kuchlari o‘zining yurish qilish imkoniyatlari pasayganini artilleriya orqali yopishga urinmoqda – bu jang maydonida uning qo‘llanishi dinamikasida ham seziladi, ammo Rossiyada o‘q-dorilar yetishmovchiligi yakunda «RF Qurolli kuchlarining zaif tomonlari o‘rtasida muvozanatni topishda davom etish qobiliyatiga putur yetkazadi».
  • Tver oblastida «Svoboda Rossii» legioniga a’zo bo‘lishga urinishda ayblangan Sergey Kolin majburiy davolanishga yuborildi. Tergov versiyasiga ko‘ra, Kolin telegram va yutub orqali (uning Kupala TV kanali bo‘lgan) «maxsus harbiy amaliyot o‘tkazilishi vaqtida Ukraina tomonini qo‘llab-quvvatlashini aytgan», «RF fuqarolariga dushmanligini bildirgan», shuningdek «davom etayotgan maxsus harbiy amaliyoti bilan bog‘liq ravishda RF rahbariyati va hukumatiga nisbatan salbiy munosabatini bildirgan».

Kun kadri. Otishmalar vaqti yerto‘laga yashiringan buvi va nabira

Bogoyavlenka qishlog‘i o‘qqa tutilishi chog‘ida uy yerto‘lasiga tushib olgan 70 yoshli Lyubov o‘zining 10 yoshli nabirasi Kristinani quchmoqda. Bu qishloq Vuhledardan taxminan 15 kilometr masofada joylashgan — bu Donetsk oblastining Rossiya qo‘shinlari tomonidan muntazam ravishda o‘qqa tutilayotgan shaharlaridan biridir. Vuhledar kabi Bogoyavlenka qishlog‘i ham raketa zarbalaridan jiddiy shikastlangan.
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA

Zaporijjya o‘qqa tutilishi oqibatlari

9 aprelga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Zaporijjyani o‘qqa tutdi. Ukraina FVDX ma’lumotiga ko‘ra, raketalarning ikkitasi shahardagi xususiy sektorga kelib tushgan, ikki kishi halok bo‘lgan — 50 yoshli ota va uning 11 yoshli qizi. Ona xarobalar ostidan chiqarib olingan, oilaning katta qizi mehmonda bo‘lgan va omon qolgan.

Otishma vaqti halok bo‘lgan qizcha fotosuratlari
Kateryna Klochko / AP / Scanpix / LETA
Rossiya raketasi kelib tushgan joyda hosil bo‘lgan krater
Kateryna Klochko / AP / Scanpix / LETA
Raketa kelib tushgan uylardan biridagi oshxona stoli
Reuters / Scanpix / LETA
Ukrainalik politsiyachi raketa zarbasi berilgan joyda ishlamoqda
Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina qurolli kuchlarining Donetsk oblastidagi pozitsiyalari 

Ukraina QK jangchilari Chasiv Yar atrofidagi janglarda halok bo‘lgan quroldoshining jasadini tankda olib ketmoqda — Baxmutdan 13 kilometr g‘arbda joylashgan bu shahar Ukraina armiyasining ushbu yo‘nalishdagi bo‘linmalari ta’minoti uchun muhim nuqta hisoblanadi
Kai Pfaffenbach / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrainalik harbiy Baxmut atrofidagi front chizig‘idagi xandaq bo‘ylab harakatlanmoqda. Ukraina QK quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy tasdiqlashicha, Rossiya qo‘shini Baxmut atrofida «yondirilgan yer» taktikasini qo‘llamoqda. «Binolar va pozitsiyalar aviatsiya zarbalari va artilleriya olovi bilan yo‘q qilinmoqda. Baxmut mudofaasi davom etmoqda. Vaziyat murakkab, ammo nazorat ostida», — deya aniqlik kiritgan Sirskiy. Ukraina QK Sharqiy qo‘shinlar guruhi spikeri Sergey Cherevatiy Rossiya qo‘mondonligi Baxmut atrofiga qo‘shinlarning elita bo‘linmalari, jumladan desantchilarni tashlayotgani haqida xabar qilgan.
Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA
Donetsk oblastidagi oldingi chiziqda ukrain qo‘shinlari okopida belkurak va miltiq
Kai Pfaffenbach / Reuters / Scanpix / LETA
Ukraina QK 1-tank brigadasining 57 yoshli xizmatchisi Konstantin Donetsk oblastidagi oldingi chiziqda kaskasini to‘g‘rilamoqda (surat aynan qayerda olinganiga aniqlik kiritilmagan)
Kai Pfaffenbach / Reuters / Scanpix / LETA
Baxmut atrofidagi dala hospitali oldida ukrainalik yarador askarlarning oyoq kiyimlari
Libkos / AP / Scanpix / LETA

Mavzuga oid