Jahon | 15:44 / 11.04.2023
6611
2 daqiqa o‘qiladi

Chaqiruv qog‘ozi olgan rossiyaliklarga mamlakatdan chiqib ketish taqiqlanadi

Foto: Global Look Press

Rossiya Federatsiyasida harbiy ro‘yxatga olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘zgartirishlar chaqiruv qog‘ozi olgan shaxslarga mamlakatdan chiqib ketishni taqiqlashni nazarda tutadi, deya xabar berdi «Interfaks» Davlat dumasi qonunchilik faoliyati bazasidagi hujjatga tayanib

«Harbiy xizmatga chaqirilishi kerak bo‘lgan va harbiy komissarlikdan chaqiruv qog‘ozi olgan fuqarolarga federal qonunga muvofiq chaqiruv hujjati topshirilgan deb hisoblanadi. O‘sha kundan boshlab unga Rossiya Federatsiyasidan chiqib ketish taqiqlanadi», deyiladi hujjatda. 

Qayd etilishicha, bunday chora fuqaro harbiy komissarlik bo‘limiga kelguniga qadar amal qiladi.

Rossiyaning kamida 35 ta hududi chaqiruv qog‘ozlari tarqatilishi va harbiy tayyorgarlik boshlangani haqida 15 mart kuni ma’lum qildi, dedi «Agora» inson huquqlari tashkiloti rahbari Pavel Chikov o‘zining Telegram-kanalida. Unga ko‘ra, Rossiya fuqarolari harbiy ro‘yxatga olish idorasiga «ma’lumotlarini yangilash» yoki harbiy tayyorgarlikdan o‘tish uchun chaqirilyapti.

«Bu hali safarbarlikning ikkinchi to‘lqini emas», deb ta’kidlaydi Chikov o‘z postida ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarga, masalan, Tyumen viloyati hukumati bayonotiga, shuningdek, mintaqaviy ommaviy axborot vositalari va internet nashrlari xabariga tayanib.

Huquq himoyachisi ta’kidlaganidek, «ko‘p savollarga harbiy tayyorgarlikka chaqiruv qog‘ozlari sabab bo‘ladi, bu faqat prezident qaroridan keyin o‘tkazilishi mumkin», biroq bunday farmon bo‘lmagan yoki e’lon qilinmagan. Shu munosabat bilan, harbiy tayyorgarlik uchun zaxiraga chaqirish noqonuniy hisoblanadi, deb yozadi Chikov, agar chaqiruv qog‘ozi olsangiz, «Agora» ishonch telefoniga murojaat qilishni tavsiya etib.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid