Illyuziyami yoki ilmiy fakt - vaqt oldingiga qaraganda tezroq o‘tyaptimi?
Inson yoshi ulg‘aygani sari doimiy band bo‘lishi hisobiga xuddi hech narsaga ulgurmayotgandek, uning vaqti juda tez o‘tayotganday tuyuladi. Bolaligini eslasa, kun-u tunlar juda uzun bo‘lganday xotirlaydi. Bu bizning vaqtga bahomiz. Lekin ilmiy tomondan ham vaqtda qisqarishlar kuzatilyapti: Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanish muddati 24 soatdan millisoniyalarga kam bo‘lyapti.
Hech e’tibor berganmisiz, aksar holatda kattalar vaqt tez o‘tayotganidan noliydi. Ba’zida inson haddan ortiq band bo‘lganda rostdan ham vaqt shamolday uchib o‘tayotganga o‘xshab tuyuladi. Aslida ham vaqt o‘tishi tezlashganmi yoki inson oldingiga qaraganda ko‘proq bandmi?
Minnesota universiteti xronobiologi Robert Sotern 48 yil davomida har kuni 5 yoki 6 marta 60 soniyadan sanab chiqadi. Va 69 yoshga kirganda uzoq yillik tajribalaridan so‘ng Sotern aksar kishilarga yoshi katta bo‘lib borgani sari vaqt tezroq o‘tayotganday tuyula boshlaydi, degan xulosaga keladi. Biroq uning xulosasi to‘la ilmiy dalillanmagan.
Asl vaqt va xayolimizdagi vaqt
Insoniyat vaqtni qanday tushunishi turli usullarda o‘rganiladi. Olimlar inson vaqt o‘tishini odamlar qanday baholashini va vaqtning haqiqatda soatda qanday o‘tishini solishtirib ko‘rishgan. Shuningdek, ular biz vaqtni qanday his qilishimizni – tez yoki sekin o‘tayotganini anglashimizni ham o‘rganishadi.
Bundan tashqari, inson vaqtni turli davrlarga bo‘lib, o‘tmish, bugun va kelajak sifatida xotirasiga muhrlaydi. Garchi vaqt tezligi o‘zgarib qolmasa ham, biz xotiramizda uning tezlashganligi haqida illyuziya yaratamiz.
Biroq vaqt illyuziyasini yaratish insonning xronologik yoshiga ko‘p ham bog‘liq emas. 2005 yili o‘tkazilgan tadqiqotlardan birida 20 yoshdan 69 yoshgacha bo‘lgan 100 nafar ishtirokchining vaqtni baholash ko‘nikmasi o‘rganilgan. Ular faqatgina stullar va sekundomer mavjud qorong‘i laboratoriyaga joylashtiriladi va oradan qancha vaqt o‘tganini taxmin qilishlari so‘raladi. Ishtirokchilarning taxminlari yoshga qarab uncha farqlanmaydi. Erkaklar vaqtning aslidagidan ko‘proq o‘tganini, ayollar esa kamroq o‘tganini aytishadi.
Kattalarning vaqti boshqalarnikidan tezroq o‘tmaydi
Ikki psixolog – Uilyam Fridman va Stiv Yanssen bir-biridan mustaqil holda tadqiqotlar o‘tkazib, vaqtning tez o‘tayotganini baholash yoshga bog‘liqmas, degan xulosaga keladi.
Psixologlar fikriga ko‘ra, inson o‘tmishiga nazar solganda o‘sha paytlari vaqt sekin o‘tganday, hozir esa go‘yo tez o‘tayotganday tasavvur qilishadi. Bu esa ularda vaqt o‘tishi yoshga qarab tezlashadi degan ishonch shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Odamlar kichikligida vaqt qanday o‘tgani haqidagi xotirani unutib qo‘yishadi xolos. Bu ularga ulg‘ayganda vaqt tez o‘tayotganday tasavvur beradi.
Ikki psixolog bizning xotiramiz nega vaqtni tez o‘tayotganday anglashiga oid bir qancha gipotezalarni yaratishgan.
Yangi tajribalar kamroq esda qoladi. Odam ulg‘aygani sari esa bunday tajribalar kamroq bo‘ladi
Kishilar vaqt oraliqlarini undagi qancha voqeani eslab qolish mumkinligiga qarab o‘lchaydi. Bolalik ilk marta velosiped haydash, birinchi do‘stlarni topish kabi turli yangiliklar va tajribalar bilan to‘la. Va ayni mana shuning uchun ham bolalikni uzoq jarayon sifatida miyaga muhrlab qolamiz. Katta bo‘lgan inson esa yangi tajribalarni ko‘p qilmaydi, kun tartibi odatiy tizimga tushib qoladi. Bu ham vaqt o‘lchovini tasavvur qilishda ahamiyatli.
Qanchalik band bo‘lsak, vaqt shuncha tez o‘tishiga ishonch
Bajariladigan ishlarning ko‘pligi, ularning anchayin diqqat va kuch talab qilishi ulg‘aygan insonlarning hayotidagi odatiy hayot sifatlaridan biridir. Inson yumushlari ko‘pligi, lekin ularning hammasini bajarish uchun yetarli vaqt topa olmayotganini his qilishi uning xuddi vaqt tez o‘tayotganday xayolga borishiga sabab bo‘ladi.
Yer shoshilyapti
Inson vaqt qanday o‘tayotganini anglashi uning o‘ziga bog‘liq holda kechadigan tasavvur bo‘lsa, bu tasavvurdan tashqari Yerning o‘z o‘qida aylanish muddatida ham o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda.
Yer o‘z o‘qi atrofida 24 soat ichida, ya’ni 1,440 daqiqa, 86,400 soniyada aylanib chiqishi kerak. Bu muddat Yerda bir sutka – bir kecha-yu bir kunduz hisoblanadi.
O‘tgan yili 29 iyulda Yer o‘z o‘qi atrofida odatiy vaqtga qaraganda 1,50 millisoniya qisqaroq vaqt ichida aylanib chiqqan. Biroq bu shunchaki tasodif emas, 2020 yilning o‘zida 28 ta qisqa kunlar qayd etilgan.
Bu vaqt tushunchasiga ta’sir qiladimi?
Bizda vaqt muvofiqlashtirilgan universal vaqtga qarab sozlanadi. Universal vaqt esa Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanib chiqish muddati asosida hisoblanadi. Yerning o‘qi atrofida aylanish tezligi oshgani sayin Yer tezligini kuzatib borish va uni sinxronlashtirish uchun 24 soatlik muddatdan tushib qolayotgan millisoniyalarni ham vaqtda aks ettirish kerak bo‘ladi.
Hozirgacha eng oxirgi marta vaqt yaxlitligini saqlab qolish uchun 1970 yildan 2016 yilgacha “27 tushib qolgan soniya” vaqt hisobiga kiritilgan.
Albatta, kichik millisoniyalar biz uchun unchalik ahamiyatli emas. Biroq aniq vaqt yuqori sifatli texnologiyalar uchun juda muhim, shuning uchun ham millisoniyalar ham hisoblanib, ular tushib qolgan vaqt sifatida umumiy vaqt hisobiga kiritiladi.
Yerning tezlashuviga nima sabab?
Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanish tezligi oshishiga sabablar ko‘p bo‘lsa-da, asosiylari baland tog‘ cho‘qqilarida muzliklarning erib borayotgani bilan bog‘liq. Muzliklar erigani sayin cho‘qqilarning og‘irlik hajmi pasaygan. Iqlim muammolaridan tashqari Yerning ichki va tashqi qatlamlari holati, okeanlar va suv toshqinlari bilan bog‘liq jarayonlar ham bunga ta’sir qiladi. Bundan tashqari, “Chandler chayqalishi” degan tushuncha ham bor. Bunda to‘lqinlar o‘zgarganda yoki shamollar suvni siljitganda yo zilzilalar sodir bo‘lganda Yer o‘z o‘qi atrofida aylanishi vaqtida tebranishni boshdan kechiradi va u aylanish tezligiga ta’sir qiladi.
Mavzuga oid
16:27 / 29.10.2024
Yer atmosferasining ifloslanishi rekord darajaga yetdi
11:26 / 01.10.2024
Olimlar Quyosh qachon “o‘lishini” ma’lum qildi: Yerga nima bo‘ladi?
11:21 / 23.09.2024
Yer “ikkinchi Oy”ga ega bo‘ladi, faqat bu vaqtincha davom etadi
22:13 / 03.04.2024