Jahon | 22:18 / 14.04.2023
14079
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Slovyanskni o‘qqa tutdi: uylar vayron bo‘ldi, halok bo‘lganlar bor 

Bu 2023 yil boshidan beri sodir bo‘lgan eng ommaviy o‘qqa tutishlardan biri deb aytilmoqda. 

Foto: Telegram / ermaka2022

Rossiya qo‘shinlari 14 aprel kuni Ukrainaning Slovyansk shahrini (Donetsk viloyati) o‘qqa tutdi va bir necha uyni vayron qildi. Biroz avvalroq, rossiyaliklar shaharga S-300 raketalari bilan ham zarba bergan edi. 

Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak so‘zlariga ko‘ra, shahardagi 8-maktab hududida kamida 7 ta portlash sodir bo‘lgan. 

«Bir uy qisman vayron bo‘ldi. Ikkisida yong‘in chiqdi. Atrofdagi uylar ham zarar ko‘rdi», dedi u. 

Slovyansk ma’muriyati rahbari Vadim Lyax yozganidek, rossiyaliklar S-300 raketalari bilan zarba bergan. U bugungi zarbalarni 2023 yil boshidan beri sodir bo‘lgan eng ommaviy o‘qqa tutishlardan biri deb atadi. 

«Bir vaqtning o‘zida shaharning turli qismlariga bir nechta zarbalar berildi. Ko‘p qavatli binolar vayron bo‘ldi, maktabga zarar yetdi», dedi Lyax. 

Viloyat ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko so‘zlariga ko‘ra, beshta ko‘p qavatli uy, beshta xususiy uy, do‘kon, xo‘jalik markazi, klub, uchta dorixona va avtomobillar zarar ko‘rgan. 

Ko‘p qavatli uylardan birining kirish qismi deyarli butunlay vayron bo‘lgan. U yerda olti kishi halok bo‘lgani, ulardan biri yosh bola ekani aytilmoqda. 

«Bola vayrona ostidan tiriklayin olib chiqildi, biroq tez yordam mashinasida vafot etdi», dedi Ukraina prezidenti devonining aloqa bo‘yicha maslahatchisi Darya Zarivnaya. 

Yana olti nafar mahalliy aholi vayronalar ostida qolgan bo‘lishi mumkin. 15 kishi turli darajada tan jarohati oldi. O‘qqa tutilgan hududda portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassislar, shifokorlar, qutqaruvchilar va politsiya ishlamoqda. 

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy voqeaga izoh berar ekan, «Terrorizmning har bir ko‘rinishi uchun adolatli javobgarlik bo‘ladi. Biz o‘z yerimizda Rossiyadan biror asar qoldirmaymiz. Va biz birorta ham dushmanni jazosiz qoldirmaymiz», deb yozdi ijtimoiy tarmoqda. 

Slovyansk shahri front chizig‘idan 50-60 kilometr uzoqlikda joylashgan. Rus qo‘shinlari bu shaharni muntazam ravishda o‘qqa tutmoqda. Baxmut va Seversk to‘liq ishg‘ol qilinmaguncha, ular Slovyanskka hujum qila olmaydi. 

Mavzuga oid