O‘zbekiston | 14:49 / 15.04.2023
7742
7 daqiqa o‘qiladi

“Tizimsizlik” - Toshkentning drenaj muammolariga yechim bormi?

Har yili yog‘ingarchilik mavsumlarida, ayniqsa, bahor-kuz oylarida Toshkentning drenaj tizimidagi muammolarni har bir kishi o‘z tanasida his qilmoqda. Kuchli bo‘lmagan yomg‘irda ham talafotli suv toshqinlari yuzaga kelmoqda. Kun.uz’ga intervyu bergan shaharsozlarga ko‘ra, poytaxt bosh rejasi tuzilmas, obektlar shunga muvofiq qurilmas ekan, masala jiddiylashib boraveradi.

Kun.uz Toshkent shahri drenaj tizimidagi muammolarning kelib chiqish sababi, yechimlarini tahlil qilish maqsadida shaharsozlar Temur Ahmedov va Iskandar Soliyev bilan suhbatlashdi. Mutaxassislar drenaj haqida gapirar ekan, uning suv xo‘jaligi tizimidek boshqarilishi kerakligini va va buning uchun esa shahar bosh rejasi bo‘lishi shartligini aytmoqda.

– Dastlab drenaj tizimi nima ekani va u qanday yo‘lga qo‘yilishi, qanday ishlashi kerakligi haqida gaplashsak. Muammoning ko‘lamidan kelib chiqsak, drenaj faqat ariq va lotoklardan iborat emas, shundaymi?

Temur Ahmedov: To‘g‘ri, xuddi shunday. Faqatgina drenaj tizimini emas, umumiy suv ekotizimi haqida gapirish kerak. Bizda yashil zona, daraxtlar, kichkina ariqlar, hovuz va katta ariqlar bo‘ladimi – bularning hammasi 2 ming yildan beri mavjud tizim hisoblanadi. Odamlar 2 ming yildan beri bor bo‘lgan suv tizimini boshqarib kelgan. Shuning uchun ular qishloq xo‘jaligi bilan ham shug‘ullana olgan.

Bunda faqatgina suvni bir joydan, boshqa joyga olib borish emas, balki uning yerga shimilib ketishi, o‘simliklarga yetib borishi ham inobatga olinadi. Mana shu jihatlar hisobga olinsagina, tizim yaxshi ishlaydi. Shu cababli ham bu drenaj tizimi emas, balki umuman suv xo‘jaligi tizimi hisoblanadi.

Menimcha, yog‘ingarchilikdan keyin qaysidir joyda suv yig‘ilib qolganiga e’tibor qaratish noto‘g‘ri. Albatta, o‘sha yig‘ilgan suvni nasos bilan chiqarib tashlasa bo‘ladi, lekin nima uchun bu suv kelayotgani, uni qayerga yo‘naltirish kerakligi, o‘zi suvning aynan shu hududga yig‘ilishi to‘g‘rimi kabi savollarga javob berilishi kerak, muammoning tag sabablarini o‘rganish kerak bo‘ladi.

Iskandar Soliyev: Irrigatsiya-drenaj tizimidagi suv yo‘llarni uch xil toifalash mumkin: magistral yo‘llar (Solar, Anhor, Chig‘atoy), o‘rtacha bog‘lovchi ariqlar va kichik suv yo‘llari.

Muammoning ko‘lamiga nazar tashlansa, oldingi yillarga nisbatan suv toshadigan nuqtalar soni ortib bormoqda. E’tibor berilsa, suv toshishi ko‘proq yangi qurilayotgan hududlarda bo‘lyapti. Ilgari o‘sha hududlar suv singib ketadigan joylar bo‘lgan. Yangi qurilishlar hisobiga u joylar ham betonlashyapti, asfaltlashyapti. Lotoklarning esa integratsiyasi yo‘q, aslida suv ketadigan joylar bir-biriga bog‘langan bo‘lishi va suv qayerdandir chiqib ketishi kerak. Shunaqa o‘ylamasdan loyihalash davom etsa, muammolar ko‘payib boraveradi.

— Toshkent shahar yangi hokimi Shavkat Umrzoqov Kun.uz’ga bergan intervyusida drenaj muammolariga qurilishlar sabab bo‘layotganini, qaysidir ma’noda aholining aybdorligini aytgandi. Balki, bu jarayonda tadbirkorlar ham hissador hisoblanar? Aslida muammoning tag ildizi qayerda?

Temur Ahmedov: Tadbirkor ham aslida aholining bir qismi. Ular qoida bo‘yicha ishlashadi. Ya’ni kimgadir do‘kon yoki boshqa obekti uchun yer ajratilsa va o‘sha yerda qurilishni boshlasa, qandaydir qonun-qoida asosida ishlanadi. Uni hokimiyat, Qurilish vazirligi nazorat qilib boradi. Keyin inspeksiya standartlar asosida qurilayotgani yoki aksi ekanini tekshiradi. To‘g‘ri, tadbirkor qoidani, standartni buzishi mumkin, lekin talab shahardan, Qurilish vazirligidan kelishi kerak. Oxirgi bir necha yildan beri bosh reja haqida gapiramiz. Bunday talablar bosh rejada aks ettiriladi.

Quruvchi biror hududda ish boshlasa, faqat o‘sha joygagina javobgar bo‘ladi. Qurilish davomida suv ketadigan ariqlar boshqa hududlardagisiga ulanmas ulanmasa, mana shu jarayonda muammo shaharnikiga aylanadi. Bu muammoni quruvchining o‘zi yuzaga keltirgani yo‘q, u yozib berilgan qonun-qoida asosida ishlaydi. Shu qoida bo‘yicha o‘ziga qarashli hududdagi lotoklarni o‘rnatadi. Bu lotokning boshqa lotoklarga qanday ulanishi, suv qayerdan kelib, qayerga ketishi esa uning muammosi emas. Shuning uchun shaharning, tumanning yoki bir nechta binoning kompleks ravishda bosh rejasi tuzilishi, talab baribir shahar (hokimiyat)dan kelishi, qoidasini tuzib berishi kerak. Shundan keyin aholidan, tadbirkordan talab qilsa bo‘ladi. Hozir shaharda qoida yo‘q.

Men qurilish madaniyati nima ekanini yaxshi tushunaman, to‘g‘ri, odamlarimizda ham qo‘l siltash bor, qurib bitkazib bo‘lgan joyini qayta buzgisi kelmaydi, lekin aholida ham tushuncha bo‘lishi kerak, chunki ular qurayotgan bino – shaharning bir qismi. Shundan so‘ng keyingi qadam nazorat bo‘ladi. Boshida loyiha ishlab chiqilyotganda nazorat bo‘lishi kerak, qurib bo‘lingandan keyin nazorat qilish qiyin.

Iskandar Soliyev: Birinchi o‘rinda bosh reja, bir necha yillik strategiya bo‘lishi kerak. Unda asosiy jihatlarga e’tibor berilishi, suv tizimi, ekologiyasi va boshqa tomonlari hisobga olinishi kerak. Bizda bir necha yildan beri bosh reja qilingani yo‘q. Tez-tez almashayotgan amaldorlar oldingi ishni davom ettirolmay, yana boshidan qilishga urinyapti. Menimcha, muammoning sababi shunda. Aslida, kim almashishidan qat’i nazar tizim ishlashi kerak. Ya’ni bosh reja bo‘lishi kerak. Shunda 50-amaldor keladimi, nechanchisi kelsa ham bosh rejaga qarab ishni boshlab olar edi. Shu narsa yetishmayapti. Bizda tizim yo‘q, oqibatda qurilishlar sabab suv toshadigan nuqtalar ko‘payib ketaveradi. Deylik, o‘rtamiyona hududda qurilayotgan birorta obekt baland qilib qurilmoqda, uning katta hajmdagi suvlari chiqib ketishi kerak. Obekt esa eski tizimga ulanib qo‘ygan bo‘ladi, tekshiruv bo‘lmaydi, kollektorlar uzoqroq bo‘lsa, uni o‘tkazmasligi mumkin. Tizim bo‘lib, hamma narsa aniq va tushunarli qilinsa, qurilishni tekshirish ham oson bo‘lardi.

Intervyuni to‘liq yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,
Tasvirchi Muhiddin Nido.

Mavzuga oid