Sport | 16:30 / 18.04.2023
57354
7 daqiqa o‘qiladi

«Bunyodkor» va «Nasaf» o‘yinidan keyin ikki jamoa futbolchilari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv ro‘y berdi

«Bunyodkor» sardori Davron Ergashev qo‘lga kiritilgan 1 ochkoni provokatsion nishonlashi «Nasaf» futbolchilarining g‘azabiga sabab bo‘lgani, bu esa ikki jamoa vakillarining mushtlashuviga olib kelgani aytilmoqda.

O‘zbekiston Superligasining 6-turida Toshkentning «Bunyodkor» va Qarshining «Nasaf» jamoalari o‘rtasidagi bahs 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi. Bahs davomida mehmonlar bir kishiga kam bo‘lib qolgan (uchrashuvning 71-daqiqasida «Nasaf» futbolchisi Umarbek Eshmurodov maydondan chetlashtirilgan) esa-da, so‘nggi daqiqalargacha ustunlik qilishgani aytilmoqda. Shuningdek, qashqadaryoliklar safida Abubakr Rizo Turdialiyev ham 42-daqiqada qizil kartochka olgan, biroq u bu paytda maydonda emas, balki zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgandi.

Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarning so‘nggisida o‘tkazib yuborilgan gol mezbonlarga qimmatli bir ochko keltirgan bo‘lsa, mehmonlarni uch ochkodan mahrum qilgan. Uchrashuvdagi gollar G‘olib G‘aybullayev (40-daqiqa, «Nasaf») hamda Aleksey Nosko (90+6-daqiqa, «Bunyodkor») hisobiga yozilgan.

O‘yin yakunlangach, ikki jamoa vakillari o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro ommaviy mushtlashuvga aylanib ketgan.

«Nasaf» futbolchilari va murabbiylar shtabi uchrashuv bosh hakami Rahimbek Karimovning qarorlaridan norozi bo‘lishganini yashirishmagan. Voqealar markazida bo‘lgan sport jurnalisti Nikolay Yegorichevga ko‘ra, o‘yindan so‘ng zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan vaqtda qizil kartochka bilan “siylangan” Abubakr Rizo Turdialiyev ham tribuna ostidagi xonada hakamni kutib olib, unga e’tirozlarini bildirgan.

Davron Ergashev Foto: Tribuna.uz

«Bunyodkor» sardori Davron Ergashevning harakatlari provokatsion chiqdi – u klub gerbini o‘pdi va turli harakatlari bilan «Nasaf» futbolchilari hamda murabbiylar shtabini g‘azablantirdi. Ushbu videoda ommaviy mojaroning boshlanishi aks etgan. Aftidan, Ergashev raqibiga nimadir degan”, deb yozadi jurnalist.

Jurnalist Shahboz Beg‘amov "Bunyodkor" sardorining qilig‘i o‘ziga ham yoqmagani, ammo bunda aniq bir haqoratomuz harakatni ko‘rmaganini ta’kidlaydi. Uning fikricha, maydon tashqarisida unga bu qilig‘i uchun javob berish yoki tushuntirish so‘rash professionallik tarafidan ham noto‘g‘ri.

“O‘yin haqida aytishim mumkin bo‘lgan narsa shuki, «Nasaf» kuchli o‘ynadi. Suxrob Sultonov bo‘lmaganida katta ehtimol ishonchli g‘alaba bilan ketardi. Lekin «Nasaf» o‘yindagi ushbu ustunligini hisobda aks ettira olmadi va natijada durang.

Hakamlik bo‘yicha ortiqcha savollarga hojat yo‘q menda. Penalti berilgan vaziyatda «Nasaf» foyda ko‘rdi, zarar emas. Qizil kartochka esa oppoq qordek top-toza. Hakam o‘yin natijasiga ta’sir qiladigan qo‘pol xato qilgani yo‘q.

Davron Ergashevning quvonchi provokatsion chiqqani bor gap. Lekin bu uning qarori, u golni yoki qo‘lga kiritilgan 1 ochkoni shunday nishonladi. Nishonlash vaqtida aniq bir haqoratomuz harakatni ko‘rmadim. Agarda biror videoda aniq bir kamsitish yoki haqoratomuz harakat bo‘lgan bo‘lsa, unda tartib-intizom qo‘mitasi tegishli jazolarni beradi. Muammo yo‘q. Bu futbol va unda bu kabi emotsiyalar normal, hattoki kerakli holat. Shu uchun futbolni yaxshi ko‘ramiz.

Lekin vaziyat ommaviy mushtlashuv, janjallargacha borgani va bunga Ergashevning gol quvonchidagi holatini sabab qilib keltirish noto‘g‘ri. Muammo boshqa tarafda.

«Bunyodkor» tartibli, hech kim bilan ortiqcha konfliktga bormaydigan yoqimtoy jamoa. Uning aybi oxirgi daqiqalarda o‘z uyida yana raqibga gol urib, xursandchilik qilganimi? Istaganicha quvonishi mumkin va buni qoidadan chetga chiqmagan holda nishonlashga haqli.

Yutsak biz zo‘r, yutolmasak hakamdan ayb izlash yoki chidolmay raqibni xursandchiligini muhokama qilish noto‘g‘ri”, deb yozadi u.

Internetda tarqalgan videolarda hakamning final hushtagi yangragach, maydonni tark etish asnosida futbolchilar bir-birini turtib, munosabatlarga oydinlik kiritishga urinishgani aks etgan. Mojaroga zaxira o‘rindig‘idagilar ham qo‘shilgan. Ziddiyat qarshiliklar ustozi Ro‘ziqul Berdiyev va mezbonlar sardori Davron Ergashev o‘rtasidagi aytishuvdan so‘ng kuchayib ketgani aytilmoqda.

Kiyinish xonasiga kirish oldidan futbolchilar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘lgan. Hodisa guvohlariga ko‘ra, kelishmovchilikda kamida 40-50 kishi ishtirok etgan. Voqea aks etgan videolarning birida «Bunyodkor» futbolchisi Avaz O‘lmasaliyevning yuzida qon ko‘ringan.

Huquq-tartibot xodimlari futbolchilarni tinchlantirishga, jamoat xavfsizligini saqlashga urinishgan, biroq g‘azab otiga mingan har ikki jamoa vakillarini quyushqonga solish oson kechmagan. Jurnalist Nikolay Yegorichev hamkasblari bergan ma’lumotga tayanib, o‘yinchilardan biri huquq-tartibot xodimini urib yuborgani, bu esa mojaroga qo‘shimcha bo‘lgani haqida yozgan.

«Nasaf» klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida o‘yindan keyin hamma tinchgina tarqalayotgan paytda Davron Ergashev xunuk qiliqlar qilganini aytarkan, istalgan odam bunga javob qaytargan bo‘lardi, deya ta’kidlaydi.

“Kap-katta odamsan, nega bunday jyestlarni ko‘rsatyapsan? Chiroyli emas bu harakating”, deb aytdim unga. O‘yinni yutqazganing yo‘q, uyingda durang o‘ynading, dedim. U birinchi marta bunday qiliq qilayotgani yo‘q. Buni bilasizlar”, deya jurnalistlarning savollariga javob bergan Berdiyev.

Holat yuzasidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham munosabat bildirgan.

“Coca-Cola Superliganing 6-turidan o‘rin olgan «Bunyodkor» — «Nasaf» (1:1) uchrashuvi tugagach ikki jamoa vakillari o‘rtasida yuzaga kelgan vaziyat Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Hozirda O‘FA va O‘zPFL mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tomonidan mavjud videomateriallar hamda uchrashuv rasmiylari hisoboti o‘rganib chiqilmoqda.

Barcha ma’lumot va materiallar Tartib-intizom qo‘mitasiga taqdim etiladi. Aybdorlar aniqlanib, ularga nisbatan o‘rnatilgan tartibda chora ko‘riladi”, deyiladi O‘FA bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yili O‘zbekiston Kubogining 1/4 finali doirasida «So‘g‘diyona» va «Nasaf» jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda ham ommaviy mushtlashuv sodir bo‘lgandi

 

Mavzuga oid