Ukrainaning qarshi hujumi sanasi, «Qaqnus zarbasi» va ob-havo prognozi: Pentagon hujjatlaridan yangi mujdalar
Amerikaning Newsweek jurnali Pentagondan sizdirilgan maxfiy hujjatlarning yangi sharhini chop etdi. Unda Ukrainaning qarshi hujumni boshlash sanasi aniq ko‘rsatilgan.
Newsweek jurnalistlari aytishicha, ular 40 dan ortiq maxfiy razvedka hujjatlari bilan tanishib chiqqan, ulardan yigirmatasi birinchi marta nashr etilmoqda.
Hujjatlardagi ma’lumotlardan quyidagi xulosalarni chiqarish mumkin:
— Rossiya armiyasi amalda bir joyda to‘xtab qolmoqda. Rossiyaliklarning asosiy kuchlari jamlangan Baxmut hududidagi oldingi siljish o‘tgan yilning iyul oyidan buyon oyiga 2,7 kilometrni tashkil etyapti;
— Baxmut atrofidagi janglarda qatnashayotgan yollanma jangchilar soni muntazam armiya askarlari sonidan sezilarli darajada ko‘p. AQSh razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, «Vagner»ning 22 ming jangchisi Baxmutdagi harbiy harakatlarda qatnashayotgan kuchlarning 70 foizini tashkil qiladi;
— Hujjatlardan birida ta’kidlanishicha, Rossiya AQSh va NATOning razvedka harakatlariga «reaksiya ko‘rsatgan», shuning uchun razvedkani davom ettirishdan ma’no bor yoki yo‘qligini o‘rganish lozim;
— Yana bir qancha hujjatlarda 30 aprelga rejalashtirilgan Ukraina qarshi hujumi oldidan Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berish haqida so‘z boradi.
Ushbu hujjatlarning barchasi Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasining razvedka boshqarmasi tomonidan tayyorlangan va 27 fevraldan 1 martgacha bo‘lgan kunlik brifinglar uchun asos bo‘lgan. Ularning ahamiyati turlicha baholanadi, ammo ular, shubhasiz, AQSh razvedkasining urush harakatlariga nisbatan qarashlarini aks ettiradi.
«Garchi Baxmut yaqinidagi «Vagner» yollanma askarlarining ulushi haqidagi ma’lumotlar katta qiziqish uyg‘otsa-da, undan ham muhimroq axborot, «qurol yetkazib berish» 2023 yil 30 apreliga rejalashtirilgan «bahorgi hujum» bilan yakunlanishi haqidagi ma’lumotdir», deb yozadi Newsweek nashri.
Hujumdan oldin to‘qqizta brigadaning jangovar kuchi sezilarli darajada oshiriladi.
«To‘qqizta brigada uchun zarur bo‘lgan texnikaning umumiy miqdorini — 253 ta tank, 381 ta piyodalar jangovar mashinasi, 480 ta avtomobil, 147 ta artilleriya quroli, shuningdek AQShning HMMWV rusumli 571 ta zirhli mashinasi tashkil etadi», deyiladi hujjatda.
Qarshi hujum AQSh va ittifoqchilar tomonidan qayta jihozlangan, to‘qqizta brigadadan iborat 10-Ukraina operativ korpusi tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, «to‘liq Ukrainaning o‘zi tomonidan qurollantirilgan» uchta qo‘shimcha brigada ham harakatlarga qo‘shiladi.
Yana bir qiziq jihat shundaki, bu hujjat o‘sha paytda hali NATO a’zosi bo‘lmagan Finlandiya uchun «potensial ochiq» deb klassifikatsiyalangan, ammo ittifoqqa qo‘shilishga hali nisbatan uzoqroq bo‘lgan Shvetsiya uchun esa bunday imkoniyat yaratilmagan.
Newsweek o‘zi qo‘lga kiritgan barcha hujjatlar tahliliga batafsil to‘xtalib o‘tadi.
Ular orasidan quyidagilar ko‘proq qiziqish uyg‘otadi:
«Rossiya-Ukraina, 1 martdagi urush holati» hisobotidan.
Ukraina Belarusda qo‘poruvchilik operatsiyasini amalga oshirgan, ukrainaliklar u yerda, ko‘rinishidan, «buyruqlarga bo‘ysunmagan» va Rossiyaning uzoq masofadagi radarlar va nishonlarni aniqlovchi samolyotiga kichik dron bilan hujum qilgan.
Ushbu hujjatda, shuningdek, Ukraina hududidagi rus batalon guruhlarining 23 foizi (474 tadan 110 tasi) «jangovar qobiliyatga ega emasligi» hamda muntazam armiyaning 166 ta batalonidan 72 tasi (43 foizi) jangovar tayyorgarlikka ega emasligi aytilgan. Rossiya bergan qurbonlar soni 35 500 dan 43 500 gacha, Ukrainaniki esa 16 mingdan 17 minggacha baholangan.
«Rossiya/Ukraina, Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasining kunlik yangilanishi, 2023 yil 28 fevral»
Ushbu hujjatda aytilishicha, Ukrainada maxsus operatsion kuchlarining 97 nafar vakili bor, ulardan 14 nafari amerikalik, yarmidan ko‘pi esa britaniyaliklardir.
Hujjatda, shuningdek, Ukraina maxsus kuchlari uchun Fransiya, Germaniya va Niderlandiya o‘tkazilayotgan, avvallari noma’lum bo‘lgan «Qaqnus zarbasi» mashg‘ulotlari ham tilga olinadi.
2023 yil 22 fevraldagi, «Rossiya-Ukraina, ‘Donbass uchun jang katta ehtimol bilan, 2023 yil davomida boshi berk ko‘chaga kirib qoladiʼ» nomli tahliliy prognozdan.
Ushbu hujjat frontdagi vaziyatning umumiy ko‘rinishini o‘z ichiga oladi. Hujjatda aytilishicha, 2022 yil aprelidan «Rossiyaning quruqlikdagi qo‘shinlari, Donbassdagi ayirmachi kuchlar va Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari har kungi artilleriya zarbalari va havo hujumlari, shuningdek... kichik bo‘linmalarning yurishlari bilan Ukraina mudofaasini asta-sekin yo‘q qilish kampaniyasini boshlagan».
Ushbu taktika «Rossiyaning harbiy kuch va o‘q-dorilar zaxiralarini shu darajada qisqartirdiki, agar kutilmagan qayta tiklash sodir bo‘lmasa, Moskva harbiy maqsadlariga erisha olmaydi va 2023 yildan keyin uzoq davom etuvchi yangi urush bosqichi boshlanadi».
Yashirin hujjatlar ro‘yxatiga tuproqning kelajakdagi holatini baholovchi ob-havo bashoratlari ham tushib qolgan. Unda ko‘rsatilishicha, iyun oyi og‘ir texnikalar harakatlanishi uchun qulay oy.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024