Jahon | 08:16 / 19.04.2023
6637
2 daqiqa o‘qiladi

RF Davlat dumasi davlatga xiyonat uchun umrbod qamoq jazosi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

Deputatlar davlatga xiyonat uchun umrbod qamoq jazosini joriy etish bilan bir qatorda, bir vaqtning o‘zida bir nechta jinoyatlar uchun javobgarlikning quyi va yuqori chegaralarini sezilarli darajada oshirdi.

Foto: TASS

RF Davlat dumasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda davlatga xiyonat (Rossiya Jinoyat kodeksining 275-moddasi) bo‘yicha umrbod qamoq jazosini joriy qiluvchi qonun loyihasini qabul qildi. Tegishli ma’lumotlar 18 aprel, seshanba kuni Rossiya parlamenti saytida paydo bo‘ldi.

Qonun loyihasi Davlat dumasiga 7 aprel kuni kiritilgan va o‘zgartirishlar matni parlament ma’lumotlar bazasida bir kun avval paydo bo‘lgan. Hozir davlatga xiyonat moddasi bo‘yicha jazo - 12 yildan 20 yilgacha.

Bundan tashqari, deputatlar bir vaqtning o‘zida bir nechta huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning quyi va yuqori chegaralarini sezilarli darajada oshirdi. 

Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi (terakt) bo‘yicha eng yuqori jazo 15 yildan 20 yilgacha kuchaytirilmoqda. Shuningdek, terrorizmga ko‘maklashish (Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi) moddasi bo‘yicha ham muddatlar yuqoriga qarab o‘zgartirilmoqda: birinchi qismga ko‘ra, sudlar 7 yilgacha (oldingi tahrirdagi 5 yil o‘rniga), ikkinchi qismga esa 12 yilgacha (10 yil o‘rniga) ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashi mumkin. Terrorchilik faoliyatida ishtirok etganlik uchun (Jinoyat kodeksining 205.4-moddasi 2-qismi) endi 10 yildan 15 yilgacha (ilgari 5 yildan 10 yilgacha) muddat beriladi.

Bundan tashqari, RF Jinoyat kodeksining 284.3-moddasi paydo bo‘ladi (Rossiya ishtirok etmaydigan xalqaro tashkilotlar yoki xorijiy davlat organlarining «qarorlarini bajarishda yordam berish»). Unda 300 mingdan 1 million rublgacha jarima yoki 5 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan.

Mavzuga oid