Jahon | 21:18 / 23.04.2023
22894
3 daqiqa o‘qiladi

ISW ukrain harbiylari Xerson oblastida Dniproning chap sohiliga o‘tgani haqida xabar qildi 

Alex Babenko / Reuters / Scanpix / LETA

Ukrainalik harbiylar Xerson oblastida Dnipro daryosining so‘l sohiliga desant tushirgan. Bu haqda Amerikaning Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) yangi hisobotida, rossiyalik harbiy muxbirlarning kadrlari geolokatsiyasiga tayangan holda xabar tarqatdi.

ISW hisobotida aytilishicha, 22 aprel holatiga ko‘ra, ukrainalik harbiylar Aleshki shahridan shimoldagi pozitsiyalarni egallashga va Ye97 trassasi bo‘ylab uning shimoliy chekkalarida ilgarilashga, shuningdek Dachi posyolkasidan g‘arbdagi hududlarga yaqinlashishga muvaffaq bo‘lgan. Aleshki Xersondan yetti kilometr, Dachi — o‘n kilometr masofada joylashgan.

ISW tahlilchilari qayd etishicha, Dniproning so‘l sohiliga o‘tgan ukrain guruhidagi harbiylar soni va uning vazifasi aniq emas. Rossiyalik harbiy muxbirlarga ko‘ra, gap to‘laqonli platsdarm tashkil etish haqidamas, balki, katta ehtimol bilan ukrain harbiylarining «epizodik mavjudligi» haqida bormoqda. 

Insitut tahlilchilari taxmin qilishicha, Ukraina qurolli kuchlari daryoning chap sohiliga o‘tgani fakti Rossiya kuchlari Konka va Chayka daryolaridagi orollarni nazorat qila olmayotganini ko‘rsatadi.

Ukraina janubidagi mudofaa kuchlari matbuot kotibi Natalya Gumenyuk esa ISW ma’lumotiga izoh berarkan, «sabrli bo‘lish»ga chaqirgan. «Men juda istardimki, masalan, Dnipro kabi to‘siqni yengib o‘tish kerak bo‘lganida, juda murakkab ish olib borilayotganini barcha tushunsin. Front chizig‘i shunday keng, kuchli daryo orqali o‘tgan holatda. Shuning uchun harbiy amaliyot shartlari, bu bizning harbiylarimiz uchun yetarlicha xavfsiz bo‘lguniga qadar, axboriy sukutni talab qiladi», — deya Gumenyukning so‘zlarini keltirgan «Gromadske».

Xerson oblastining annexia qilingan qismining Kreml tomonidan tayinlangan «rahbari» Vladimir Saldo RIA Novosti agentligiga ayni vaqtda Dnipro daryosining chap sohiliga ukrain harbiylari tushirilgani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiy xizmatchilar regionning chap sohildagi qismini to‘liq nazorat qilmoqda.

RF mudofaa vazirligi bu ma’lumotga munosabat bildirmadi.

Mavzuga oid