Jahon | 16:51 / 25.04.2023
27853
2 daqiqa o‘qiladi

Medvedev: Rossiya birinchi bo‘lib yadro qurolidan foydalanishi mumkin 

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev yana yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qildi, u ushbu qurolni «Rossiyaning tayanchi» deb atadi. 

Foto: Yekaterina Shtukina/Sputnik Government/AP/dpa/picture alliance

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev yana bir bor yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qildi va «agar davlat mavjudligiga tahdid soladigan tajovuzkorlik ko‘rsatilsa», Rossiya birinchi bo‘lib buni amalga oshirishi mumkinligini aytdi. «Siz Rossiya hech qachon birinchi bo‘lib yadro qurolini qo‘llamasligini aytdingiz, ammo bu to‘g‘ri emas», dedi u 25 aprel, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan «Znaniye.Pervyye» marafonida so‘zlagan nutqida.

Medvedev Rossiya yadroviy doktrinasining bandlaridan biriga ishora qildi. «Unda ochiq aytilgan, agar Rossiya Federatsiyasiga qarshi davlatning mavjudligiga tahdid soluvchi boshqa turdagi qurollardan foydalangan holda tajovuz amalga oshirilsa, yadro qurolidan foydalanish mumkin. Bu, aslida, yadro qurolidan foydalanishdir. Bizning potensial opponentlarimiz buni e’tibordan chetda qoldirmasliklari kerak», - dedi Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari.

Medvedevning fikricha, bugungi dunyoda Rossiya uchun yadro quroli «davlat tayanchi kabi o‘ziga xos ahamiyatga ega». Uning fikricha, xuddi shu sababdan boshqa davlatlar ham yadro quroliga ega bo‘lishga intilmoqda.

Dmitriy Medvedev Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urushi paytida «Rossiyaning mavjudligiga xavf-xatar tug‘ilgan taqdirda» yadroviy quroldan foydalanish bilan bir necha bor tahdid qilgan. Bu bayonotlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi G‘arbda keskin salbiy munosabatga sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, NATO va Yevropa Ittifoqi davlatlari bir ovozdan Rossiyaning qo‘shni davlatga qarshi adolatsiz tajovuzkor urushda g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymasliklarini bir necha bor ta’kidlagan.

Mavzuga oid