O‘zbekiston | 20:05 / 26.04.2023
5516
2 daqiqa o‘qiladi

25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun ijtimoiy soliqni qaytarish 2025 yilgacha uzaytirildi

Mehnat bozoriga kirib kelayotgan kadrlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni ishga olgan korxonalarga ular tomonidan to‘langan ijtimoiy soliqni qoplab berish amaliyoti 2023 yil 1 maydan 2025 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi.

Foto: Getty Images

 “Yoshlarning bandligiga ko‘maklashish hamda ularni doimiy ish bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, 2023 yil 1 maydan boshlab 2025 yil 1 yanvarga qadar ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada to‘lovchilar bundan mustasno) ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi davlat budjetidan to‘liq qoplab beriladi.

Ma’lumot uchun, 2021 yil 1 maydan 2023 yil 1 yanvarga qadar yoshlarni ishga qabul qilishni rag‘batlantirish maqsadida 25 yoshdan oshmagan kadrlarni ishga olgan korxonalarga, ular tomonidan to‘langan ijtimoiy soliqni qoplab berish tartibi joriy etilgan edi.

Bunda, ish beruvchilarga 6 oy davomida uzluksiz ishlagan yosh xodimlar uchun 7-oydan boshlab ijtimoiy soliq summasi davlat budjetidan to‘liq qoplab berildi. Ushbu tizim bo‘yicha 2021-2022 yillarda 170 mlrd so‘mlik ijtimoiy soliq to‘langan. Natijada, 27 ming nafar yoshlar bandligi ta’minlandi.

Mazkur tartib muddatini uzaytirish orqali 2023–2024 yillarda yana 30 ming nafar yoshlar bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 19 milliondan ortiq yoki aholining 55 foizini tashkil qiladi. Mehnat bozoriga yiliga 600 ming nafar yoshlar kirib kelayotgan bo‘lib, kelgusi 10 yilda bu raqam 1 million nafarga yetishi prognoz qilinmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid