O‘zbekiston | 16:15 / 29.04.2023
8217
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qizamiq bilan bog‘liq epidemik vaziyat barqaror va to‘liq nazorat ostida - Sanepidqo‘m

2023 yil boshidan beri O‘zbekistonda 37 nafar bemorda qizamiq kasalligi aniqlangan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi qizamiqqa qarshi zarur profilaktik choralar ko‘rilayotgani, epidemik vaziyat barqaror va to‘liq nazoratga olinganini ma’lum qildi.

Foto: Getty Images

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda qizamiq bilan kasallanganlar soni ortayotganligi to‘g‘risidagi xabar tarqalgach, holat bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rasmiy munosabat bildirdi.

Qo‘mitaga ko‘ra, 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida olib borilgan epidemiologik surishtiruvlar natijasida O‘zbekistonda 37 nafar bemorda qizamiq kasalligi tasdiqlangan.

Ta’kidlanishicha, qizamiq kasalligi bo‘yicha murakkab epidemik vaziyatning oldini olish maqsadida, respublikada 2022 yilning 16 noyabr – 30 dekabr kunlari 6 oylikdan – 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qizamiq-qizilchaga qarshi ommaviy emlashlar o‘tkazilgan. Rejadagi 3 355 900 nafar bolalarning 3 303 582 nafari yoki 98,4 foizi emlash bilan qamrab olingan va hozirda ham emlash ishlari davom ettirilmoqda.

Hozirda respublikamizda kasallikka qarshi barcha zarur profilaktik choralar ko‘rilmoqda, epidemik vaziyat barqaror va to‘liq nazoratga olingan”, – deyiladi qo‘mita xabarida.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qizamiq va qizilcha kasalligi bo‘yicha dunyoning 150dan ortiq mamlakatida murakkab epidemiologik vaziyat saqlanayotganini qayd etgan. Ma’lumot uchun, 2022 yilda dunyo bo‘yicha 155 ming holatda qizamiq kasalligi ro‘yxatga olingan.

Mavzuga oid