Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyalik vazir RFda o‘zbek muhojirlari soni karrasiga oshganini iddao qildi. O‘zbekiston buni rad etdi
Oxirgi 7 yilda Rossiyaga ishlash uchun kelgan O‘zbekiston fuqarolari soni 4 baravarga oshdi, deb da’vo qildi RF iqtisodiyot vaziri Maksim Reshetnikov. O‘zbekiston Migratsiya agentligi bu ma’lumotni rad etib, aksincha, oxirgi 7 yilda Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni 25 foizga kamayganini ma’lum qildi. Iqtisodchi Rossiya tomonining iddaosidan maqsad propaganda va bosim o‘tkazish ekanini aytdi.
Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov uning mamlakatida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni keskin oshganini iddao qildi.
“Oxirgi 7 yilda Rossiyaga ishlash uchun kelgan O‘zbekiston fuqarolari soni 4 baravar oshdi”, dedi u Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro investitsiya forumida.
O‘zbekiston Bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bu ma’lumot noto‘g‘ri ekanini ta’kidlab chiqdi.
“O‘zbekistonlik mehnat migrantlarining asosiy qismi Rossiya Federatsiyasi hissasiga to‘g‘ri kelsa-da, ammo xabarlarda ta’kidlanayotgandek so‘nggi 7 yilda ushbu davlatga ketayotgan yurtdoshlarimiz soni 4 barobar oshmagan.
Agar raqamlarga murojaat qilinsa, Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonlik migrantlar soni 2016 yilda taxminan 2 million nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda bu 1,5 million nafarga yaqinni tashkil etadi”, – deyiladi agentlik axborotida.
Migratsiya agentligiga ko‘ra, oxirgi yillarda mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish, xususan, xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni dunyoning rivojlangan davlatlariga manzilli ishlarga jalb qilish bo‘yicha qator natijalarga erishilgan.
“Jumladan, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida qurilish, ishlab chiqarish, tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohalarining turli yo‘nalishlarida ishchilarga talab yuqori. Bugungi kunda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va 33 ta davlatning 500 ga yaqin ish beruvchi tashkilotlari o‘rtasida kelishuvlar mavjud”, – deyiladi rasmiy munosabatda.
Iqtisodchi Otabek Bakirov Rossiya tomoni tarqatgan axborotdan maqsad propaganda va O‘zbekistonga bosim o‘tkazish deb hisoblashini aytdi.
“Agar Reshetnikovga ishonilsa, O‘zbekistonda odam qolmagan, hamma Rossiyaga mardikorchilikka ketgan. Avval ham ko‘p bora ta’kidlaganimizdek, bugungi Rossiyaning imperiyacha va shovinistik mafkurasi hatto fuqarolarning mamlakatlar o‘rtasida harakatlanishida ham o‘zining kasal xohishlarini ifoda etadi. Vergul va abzatslar orqali o‘qilsa, ularning ishoralari aniq va osmondan olingan bu raqamlardan maqsadi ham tayin. Ya’nikim, biz [go‘yoki] Rossiyaga qarammiz, uzib bo‘lmas darajada bog‘liqmiz, o‘zimizni bilib, ularning qosh-qovog‘iga qarab ish tutishimiz kerak”, – deya yozdi u.
Otabek Bakirov Rossiya Federatsiyasining rasmiy statistikasiga murojaat qilgan. Rosstatga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvar holatiga, Rossiyada jami 1 mln 223 ming nafar o‘zbekistonlik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda. Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarning soni 2022 yil 1 yanvarga nisbatan jami 12,8 ming nafarga kamaygan.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
10:23 / 28.05.2025
Davlat departamenti spikeri: Rossiya Trampning so‘zlarini jiddiy qabul qilishi kerak
09:03 / 28.05.2025
WSJ: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqida o‘ylayapti
21:34 / 27.05.2025