«Dronlar armiyasi». Ukraina shoshilinch ravishda jangovar dronlar ishlab chiqarishni ko‘paytirmoqda
Ukrainada frontda foydalanish uchun jangovar dronlarning butun bir armiyasini tashkil qilish jadal sur’atlar bilan amalga oshirilmoqda. BBC muxbiri Jo Tidi Kiyev yaqinidagi jangovar dron operatorlari tayyorlanadigan treninglardan biriga tashrif buyurgan.
Ukraina hukumatining ta’kidlashicha, mamlakat jangovar dronlar ishlab chiqarishni imkon qadar tezroq ko‘paytirishi kerak. Chunki bunday dronlarga Ukraina qurolli kuchlarining frontdagi bo‘linmalari tomonidan talab o‘sishda davom etmoqda.
Dron sanoati o‘sishini rag‘batlantirish uchun qonun chiqaruvchilar birinchi navbatda zarur butlovchi qismlarni mamlakatga olib kirish qoidalarini soddalashtirdi va dron ishlab chiqaruvchilarni bojxona to‘lovlaridan ozod etdi.
Qurilmalarni ishlab chiqarish «Dronlar armiyasi» deb nomlangan juda muvaffaqiyatli xalqaro mablag‘ yig‘ish kampaniyasi tomonidan moliyalashtiriladi.
Xayriyalarning umumiy miqdori allaqachon 108 million dollardan oshdi, biroq mablag‘ yig‘ish hali davom etmoqda. Dronlar armiyasiga qiziqish mashhur shaxslarning xayriyalari hisobiga kuchaydi. Masalan, «Yulduzlar jangi»dagi Lyuk Skayuoker roli bilan tanilgan amerikalik aktyor Mark Hemill ham ushbu kampaniyaga qo‘shildi.
Dronlarni xarid qilish va ishlab chiqarish bilan bir qatorda jangovar dronlar operatorlari uchun o‘quv kurslari tashkil qilish ham yig‘ilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
BBC nashri suratga olish guruhi Ukraina poytaxti chekkasidagi yashirin poligonda o‘tkazilgan shunday o‘quv mashg‘ulotlardan biriga tashrif buyurgan.
O‘nlab «masofadan ishlovchi ekipajlar» operatorlar uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni o‘zlashtirgan, u yoki bu harbiy nishonni anglatuvchi, maydonning boshqa bir chetiga o‘rnatilgan markerlarni qidirish bo‘yicha o‘quv topshirig‘ini bajargan.
Slava ismli instruktor jarayonni kuzatib, kursantlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolarga izoh berib borgan va shu bilan birga, ularga o‘rmonda yashirinishning eng yaxshi usullarini o‘rgatgan.
«Dronlar -— bizning ko‘zimiz. Havodan dushman kuchlari yaxshi ko‘rinadi, shuning uchun ularni aniqlash qiyin emas. Biz aniqlangan dushman bo‘linmalarining koordinatalarini o‘q uzish pozitsiyalariga uzatamiz va bizning artilleriyamiz ularni o‘qqa tutadi», deydi Slava.
So‘nggi vaqtlarda har ikki tomon, odatda havodan tasvirga olish uchun ishlatiladigan kichik va nisbatan arzon dronlarga tobora ko‘proq tayanmoqda.
Front chizig‘idagi eng mashhur model DJI Mavic bo‘lib, uning narxi 2000 dollardan oshmaydi.
2022 yil ushbu dronning xitoylik ishlab chiqaruvchisi uni Rossiyaga ham, Ukrainaga ham eksport qilishni to‘xtatib, dronlar «faqat fuqarolik maqsadlarida foydalanish uchun» ekanini ta’kidlagandi.
Slavaning tan olishicha, shundan keyin dronlarni sotib olish biroz qiyinlashdi, biroq Ukraina hali ham minglab bunday qurilmalarni sotib olish imkoniyatiga ega.
Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlariga yanada ko‘proq dronlar kerak va bunga parallel ravishda yangi turdagi dronlarni ishlab chiqish lozim. Chunki tasvirga olishga mo‘ljallangan kvadrokopterlarni o‘qotar qurol bilan urib tushirish yoki elektronika yordamida ularning signalini ushlash unchalik qiyin ish emas.
«Dronlar armiyasi» kampaniyasi tashkilotchilari Ukraina qurolli kuchlari ehtiyojlari uchun o‘zlari yasab, sotib olib yoki boshqa yo‘l bilan 3300 ta «xalq dronlari»ni to‘plaganini ma’lum qildi. Qurolli kuchlarga oldinroq topshirilgan, aerofotosuratga olish uchun ishlatilgan to‘rt yuzta dron esa ularning egalari tomonidan xayriya qilingan.
Pul yig‘ish kampaniyasi 2022 yil iyul oyida, Ukraina harbiy aviatsiyasiga yordam berish va dron operatorlarini tayyorlash uchun ochilgan edi.
Loyiha ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilariga yaxshi tanish: u yerda «Lyuk Skayuoker» (Mark Hemill) o‘zining ko‘p sonli muxlislariga «Dronlar armiyasi» haqida gapirib bergan mavzuli videoroliklarni faol ravishda ulashishadi.
Ukrainadagi ko‘plab do‘konlar va yonilg‘i quyish shoxobchalarida dronlar armiyasini yaratishga qaratilgan boshqa milliy loyihalarning reklamalarini ko‘rish mumkin. Ukraina armiyasi qo‘mondonligi dronlar jang maydonida Ukraina harbiylariga sezilarli ustunlik berishini tinmay takrorlaydi.
Aprel oyi boshidan buyon «Dronlar armiyasi» kampaniyasi doirasida har birining narxi 16 ming dollarga atrofida bo‘lgan o‘nta RQ-35 Heidrun razvedkachi droni xarid qilinib, frontga jo‘natilgan.
24 aprel kuni Ukrainada ishlab chiqarilgan 100 dona xudkush dronlarning yana bir partiyasi Baxmutga yuborilgan.
Mart oyida Ukrainaning Raqamli transformatsiya vazirligi mamlakatga dronlar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlarni olib kirish qoidalari yengillashtirilishi va tartibi soddalashtirilishini e’lon qildi.
Bunga qadar, masalan, GPS modullari yoki infraqizil kameralarni sotib olish kamida bir necha hafta davom etgan, chunki bojxona rasmiyatchiligi va boshqa byurokratik amallarni hal qilishga shuncha vaqt sarflangan.
Shuningdek soliq qoidalari ham yumshatildi: dron va ularning butlovchi qismlarini import qiluvchi ukrainaliklar bojxona to‘lovlari va QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) to‘lashdan ozod etildi.
«Bugungi kunda dronlar fundamental ahamiyatga ega bo‘lgan texnologiyadir», degan yangi qoidalarni e’lon qilgan Ukraina Raqamli transformatsiya vaziri Mixail Fedorov.
Fedorov «Dronlar armiyasi»ni yaratish uchun boshlangan mablag‘ yig‘ish kampaniyasiga shaxsan o‘zi rahbarlik qilgan. U Kiyevdagi vazirlik idorasiga tashrif buyuruvchilarga Ukrainada ishlab chiqilayotgan yangi maxfiy kamikadze droni prototipini faxr bilan ko‘rsatgan.
U ishlab chiqilayotgan dronlarning maqsadi haqida ochiqcha gapirgan — dronlarning nishonlari rossiyalik harbiy xizmatchilar, shuningdek, tanklar, artilleriya va boshqa og‘ir harbiy texnikalar bo‘ladi.
Biroq, u ham hukumatning qolgan a’zolari kabi Rossiya hududiga yaqinda bo‘lgan dronlar hujumini muhokama qilishdan bosh tortgan.
Mart oyida Ukraina bilan chegaradan 400 kilometr uzoqlikda joylashgan Rossiyaning Kireevsk shahrida dron portlab ketgan edi. Rossiya davlat nashrlari xabariga ko‘ra, portlash oqibatida mahalliy aholi vakillaridan kamida uch nafari jarohatlangan.
Fevral oyida esa Ukrainada ishlab chiqarilgan dronlardan biri Moskva oblastiga qulagani, shundan so‘ng Moskva Ukrainani energetika obektiga zarba berishda ayblagani xabar qilingandi.
Rossiya Ukrainaga qarshi allaqachon yuzlab dronlardan, asosan Eronda ishlab chiqarilgan Shahed rusumli apparatlardan foydalanadi.
Rasmiy Kiyev Rossiya hududida harbiy amaliyotlar o‘tkazish uchun dronlardan foydalanganini hali hech qachon tan olmagan.
Rossiya hududiga Ukraina dronlarining ehtimoliy hujumlari haqida qanday fikrda ekani so‘ralganda, Fedorov oddiy javob bergan — «Men Rossiya bosqinini to‘xtatishga va g‘alaba qozonishimizga yordam beradigan har qanday harakatni qo‘llab-quvvatlayman».
Fedorov o‘zining telegram-kanalida Ukrainaning R18 dronini ham maqtagan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu dron Kiyevdan Moskvagacha parvoz qilib, ortga ham qayta oladi.
U Moskvaga dronlar orqali zarba berishga chaqirgani haqidagi mish-mishlarni qat’iyan rad etgan.
«Bizda harbiy operatsiyalarni rejalashtiruvchi mudofaa kuchlari bor va bizning vazifamiz mamlakatda harbiy maqsadlarda ishlatiluvchi dronlar yetishmovchiligi yuz bermasligi uchun qo‘ldan kelgan barcha narsani qilishdir» deydi Fedorov.
Ukraina mudofaa vazirligi BBC nashrining Rossiya hududiga dronlar hujumlari bo‘yicha izoh berish haqidagi so‘rovini javobsiz qoldirgan.
Mavzuga oid
23:38 / 10.11.2024
Rossiya tomonidan uchirilgan ikkita dron Moldova hududiga qulab tushdi
21:05 / 10.11.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
20:11 / 10.11.2024
Rossiya Kursk oblastiga hujum uchun 50 ming kishilik qo‘shin to‘pladi - NYT
19:02 / 10.11.2024