Jahon | 23:41 / 01.05.2023
10672
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh dekabr oyidan beri Ukrainadagi urushda 20 ming rossiyalik halok bo‘lganini e’lon qildi 

Umumiy yo‘qotishlar soni 100 ming kishini tashkil qilgan.

Foto: AP

Oq uyning ma’lum qilishicha, Rossiya dekabr oyidan beri Ukrainadagi urushda 100 ming kishini yo‘qotgan, shu jumladan, 20 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, chunki Ukraina harbiylari sharqda Rossiyaning kuchli hujumini qaytargan. 

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi so‘zlariga ko‘ra, bu ma’lumotlar AQSh razvedkasiga asoslangan. U razvedka idoralari raqamlarni qanday aniqlagani haqida batafsil ma’lumot bermadi. 

Noyabr oyida AQSh shtablari boshliqlari qo‘mitasi raisi general Mark Milli Rossiya urushning dastlabki sakkiz oyida 100 mingdan ortiq kishini yo‘qotgani haqida xabar bergan edi. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda Rossiyaning yo‘qotishlari keskin oshgan. 

Kirbining aytishicha, dekabr oyidan beri halok bo‘lganlarning deyarli yarmi «Vagner» XHK jangchilari bo‘lib, ularning ko‘pchiligi urushda ishtirok etish uchun qamoqdan ozod qilingan mahkumlardir. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Vagner» qo‘shinlari «yetarli darajada jangovar tayyorgarliksiz jangga tashlangan». 

Kirbi janglarda qancha ukrainalik askar o‘ldirilgani yoki yaralangani haqida ma’lumot bermadi. General Milli noyabr oyida ukrainalik qurbonlar ham 100 ming atrofida bo‘lishini aytgan edi. 

Rossiya tomoni o‘z armiyasining yo‘qotishlari haqida batafsil ma’lumot bermagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid