«Daraxtga tekkan» - Toshkentda «garmoshka» avtobusning tom qismi ajralib tushgani bo‘yicha izoh berildi
Yunusobod tumanida harakatlanuvchi avtobus yo‘lning qatnov qismida shakl bo‘lib o‘sgan daraxtga tegishi natijasida uning tom qismidagi himoya qoplamasi qo‘porilib tushgan.
1 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Yunusobod tumanida harakatlanayotgan yangi «garmoshka» avtobuslardan ikkitasining tom qismi ajralib tushgani» haqida xabar berilgandi.
«Toshshahartransxizmat» AJ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, voqealardan biri 1 may kuni soat 9:00 da King Long rusumli 24-sonli «Yunusobod-6» – «TTZ AShB» yo‘nalishida harakatlanuvchi avtobus bilan sodir bo‘lgan.
«Yunusobod tumanida joylashgan «Billur» to‘yxonasining ro‘parasida avtobuslar uchun ajratilgan alohida yo‘lakda harakatlanib ketayotgan vaqtda, yo‘lning qatnov qismiga shakl bo‘lib o‘sgan, diametri, taxminan, 50-60 sm bo‘lgan daraxt avtobusning tom qismida joylashgan gaz ballonni himoyalab turuvchi qoplamasiga tegishi natijasida mazkur himoya qoplamasini qo‘porib yuborgan. Hodisa natijasida avtobusning tom qismi texnik shikastlanib, gaz ballonni himoyalab turuvchi qoplama shikastlangan», – deyiladi rasmiy izohda.
Ta’kidlanishicha, holat sabab tan jarohati olganlar yo‘q va bu bo‘yicha Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasiga murojaat qilinib, kamchiliklar bartaraf etilayotgani ma’lum qilingan.
Yuqoridagiga o‘xshash holat tumandagi 93-yo‘nalishdagi «garmoshka» bilan ham sodir bo‘lgani hamda bitta yengil avtomobil zarar ko‘rgani aytilgan video bo‘yicha «Toshshahartransxizmat» hozircha ma’lumot taqdim etmadi.
Mavzuga oid
18:17 / 22.11.2024
«Toshshahartransxizmat»ga yangi rais tayinlandi
21:21 / 13.11.2024
Urganchga Xitoydan 30 dona zamonaviy avtobus olib kelindi
20:17 / 13.11.2024
Pokistonda to‘y avtobusi daryoga qulashi oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi
09:26 / 13.11.2024