O‘zbekiston | 22:30 / 01.05.2023
7961
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev ko‘p qirrali hamkorlikni ilgari surishda MDH ahamiyatini qayd etdi 

O‘zbekiston prezidenti MDH bosh kotibini qabul qildi. 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 may kuni Konstitutsiya bo‘yicha referendumni kuzatuvchilar missiyasi boshchiligida mamlakatimizda bo‘lib turgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bosh kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi. 

Davlat rahbari Hamdo‘stlik bosh kotibi va missiya a’zolariga mamlakatimizning barcha hududlarida faol ishlagani hamda referendumning borishi va natijalariga yuksak baho bergani uchun minnatdorlik bildirdi. 

O‘z navbatida, Lebedev O‘zbekiston yetakchisi va ko‘p millatli xalqini referendum jarayonlari yuksak xalqaro talablari va standartlariga muvofiq muvaffaqiyatli tashkil etilgani bilan qutladi. 

Uchrashuvda referendum yakunlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish va mamlakatimizda demokratik yangilanishlarni davom ettirishda muhim bosqich bo‘lishiga ishonch bildirildi. O‘zaro manfaatli, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, sanoat va transport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashda MDH muhim o‘rni qayd etildi. Hamdo‘stlik makonida investitsiyalar jadal sur’at bilan o‘sayotgani ta’kidlandi, joriy yilning mart oyida Samarqand shahrida o‘tgan Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisining samarali natijalari yuqori baholandi. 

Faol gumanitar almashinuvlarni bundan buyon ham davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi. 

Mavzuga oid