Jahon | 17:14 / 01.05.2023
25475
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston BMTning Rossiya agressiyasi qayd etilgan rezolyutsiyasiga ovoz berishda betaraf qoldi

BMT Bosh assambleyasining Rossiya agressor deya tilga olingan rezolyutsiyasini ma’qullab ovoz bergan davlatlar safida Rossiyaning «do‘st» davlatlari Armaniston, Braziliya, Qozog‘iston va Xitoy ham bor.

26 aprel kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi BMT va Yevropa Kengashi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi, unda Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi haqida so‘z boradi.

Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergey Kislitsaning yozishicha, Rossiya rezolyutsiyadan Ukrainaga qarshi tajovuz haqidagi eslatmani chiqarib tashlamoqchi bo‘lgan, ammo hujjat 122 ta ovoz bilan qabul qilingan.

Jumladan, Rossiyaning ittifoqchilari sifatida qarab kelingan BRIKS a’zolari - Xitoy, Hindiston va Braziliya, MDH mamlakatlari Qozog‘iston va Armaniston, Yevropadagi do‘stlar Vengriya va Turkiya, shuningdek qator arab davlatlari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan.

O‘z navbatida, rezolyutsiyaga Rossiya, Belarus, Nikaragua, Suriya va KXDR qarshi chiqqan. O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va yana 15 mamlakat esa betarafligini bildirgan.

Rezolyutsiyadagi quyidagi band Rossiyaning tajovuzkorligiga ishora qiladi:

«…Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga, undan oldin esa Gurjistonga qarshi tajovuzidan keyin va federatsiyaning Yevropa Kengashidagi a’zoligi to‘xtatilganini hisobga olish kerak. Bugun Yevropa duch kelayotgan misli ko‘rilmagan muammolar BMT va Yevropa Kengashi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xususan, har qanday davlatning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va siyosiy mustaqilligini hurmat qilish asosida tinchlik va xavfsizlikni zudlik bilan tiklash va qo‘llab-quvvatlash, harbiy harakatlar paytida inson huquqlari, xalqaro humanitar huquqqa rioya etishni ta’minlash uchun jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash hamda xalqaro huquqni buzgan barcha aybdorlarni javobgarlikka tortish talab qilinadi».

Mavzuga oid