Ukraina Patriot yordamida Rossiyaning gipertovushli raketasini urib tushirdi
Ukraina harbiylari avvalroq «Kinjal»ni urib tushirish vositalari yo‘qligini tan olgan edi.
Ukraina harbiy havo kuchlari 6 may kuni Amerikaning Patriot mudofaa tizimidan foydalangan holda Kiyev osmonida Rossiyaning gipertovushli raketasini urib tushirganini ma’lum qildi. Bu haqda AP yozdi.
Harbiy havo kuchlari qo‘mondoni Mikola Oleshchuk so‘zlariga ko‘ra, «Kinjal» ballistik raketasi Ukraina poytaxtiga tungi hujum chog‘ida urib tushirilgan. Bundan tashqari, Ukraina birinchi marta Patriot mudofaa tizimlaridan foydalangan.
«Ha, biz «noyob Kinjal»ni urib tushirdik. Bu 4 may kuni tunda Kiyev viloyati osmonida sodir etilgan hujum paytida sodir bo‘ldi», dedi u.
Oleshchukning aytishicha, X-47 raketasi MiG-31K samolyoti tomonidan Rossiya hududidan uchirilgan va Patriot raketasi bilan urib tushirilgan.
«Kinjal» - eng yangi va ilg‘or qurollardan biri. Rossiya harbiylariga ko‘ra, raketa 2 ming kilometrgacha, tovushdan 10 baravar yuqori tezlikda uchadi, bu esa uni urib tushirishni qiyinlashtiradi.
Ukraina harbiylari avvalroq «Kinjal»ni urib tushirish vositalari yo‘qligini tan olgan edi.
«Ular Patriot Amerikaning eskirgan quroli, Rossiyaniki esa dunyodagi eng zo‘r qurollar ekanini aytishdi. Xo‘sh, endi bu qurol gipertovushli raketalarga qarshi samarali ishlashi haqida dalillar mavjud», dedi Ukraina Harbiy havo kuchlari vakili Yuriy Ignat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «Kinjal»ning muvaffaqiyatli urib tushirilishi «Rossiya uchun yuzga berilgan zarba».
Ukraina aprel oyi oxirida birinchi Patriot raketalarini qabul qilib oldi. Ammo nechta tizim olingani va ular qayerda joylashtirilgani noma’lum. Ular AQSh, Germaniya va Niderlandiya tomonidan yetkazib berilgan.