Putin Ukrainani nega yomon ko‘rib qolgan: Rossiya prezidentining urush ochish qarori sari yo‘li
Ukraina bilan urush boshlash uchun Putinda shaxsiy xafagarchilik va o‘ch olish istagi rag‘bat uyg‘otgan. Uning ukrainalik og‘aynisi Viktor Medvedchukning mediaaktivlari yopilishi esa sabr kosasini to‘ldirgan so‘nggi tomchi bo‘lgan.
Rossiya rahbari 2021 yilning fevral-mart oylaridayoq Kiyevga hujum qilish bo‘yicha bir qarorga kelgan. Bosqin uchun bir yil tayyorgarlik ko‘rilganiga qaramasdan, Kreml bu vaqt ichida noto‘g‘ri nuqtayi nazarlar va hisob-kitoblarga ko‘ra ish ko‘rgan, deyishmoqda «Vyorstka» nashri suhbatlashgan manbalar.
Onlayn nashr jurnalisti Ilya Jyegulyov RF prezidenti Vladimir Putin Ukrainani qachon va nima uchun yomon ko‘rib qolgani, urushni boshlash rejasiga nimalar asos bo‘lgani va qachon qarorga kelingani haqida Kremlga va Putinga yaqin turli anonim manbalar bilan gaplashib xronologiya tuzib chiqqan.
* * *
Rossiya prezidenti administratsiyasiga yaqin siyosiy texnologlardan biri eslashicha, Moskva oblastida 2013 yilgi gubernatorlik saylovlaridan so‘ng siyosiy texnologlarning ulkan jamoasi kuratorlaridan biri qo‘llarini bir-biriga ishqagancha shunday degandi: «Xo‘sh, yigitlar, barakalla. Endi G‘arbiy Ukrainaga mashq qilish uchun yo‘l olasizlar».
Uning aytishicha, 10 yil avval «yomon xoxollar» degan tushunchaning o‘zi bo‘lmagan: rossiyalik texnologlar Viktor Yanukovichning jamoasi bilan ham, uning yevropaparast raqiblari jamoasi bilan ham ishlayverishgan, hech kimda hech qanday savol tug‘ilmagan. Siyosiy texnologlar barcha tomonlardan buyurtma olib, pul ishlayvergan: «Rus va ukrain futbol muxlislari o‘rtasida qanchalik mustahkam aloqalar bor edi. Hattoki millatchilar ham o‘zaro do‘stlashishgandi».
Kremlning Ukrainaga munosabati 2014 yil fevralidagi sanoqli kunlar ichida o‘zgarib ketgandek tuyuladi. O‘shanda Putin Qrimni anneksiya qilish bo‘yicha yakka o‘zi qaror qabul qilgandek ko‘rinadi. Lekin aslida bunday emas: guvohlarning so‘zlashicha, Rossiya prezidenti miyasida qo‘shni davlat haqidagi fikrlar ancha avval rivojlana boshlagan.
«Bizning qanjiqvachchamiz»
2004 yilgi «zarg‘aldoq inqilob»gacha Moskva va Kiyev o‘rtasida faqat bir marta jiddiy kelishmovchilik ro‘y bergan: 2003 yili Azov dengizidagi Tuzla oroli bahs mavzusiga aylanadi. Orolda baliqchilarning 30 ta oilasi yashardi. Qandaydir onda Rossiya baliqchilar orolining qirg‘og‘ini kengaytira boshlagan, bu qattiq norozilik keltirib chiqarib, Ukraina muntazam qo‘shinlari orolni himoya qilishga ham o‘tgan. Alaloqibatda ikki davlat Azov dengizi va Kerch bo‘g‘ozida hamkorlik qilish bo‘yicha shartnoma imzolab, ziddiyatni unutib yuborishadi.
Ikki muddatdan so‘ng prezidentlik lavozimini tark etarkan, Leonid Kuchma Moskvadan o‘z vorisi Viktor Yanukovichni qo‘llab-quvvatlashni so‘raydi, Kreml jon-jon deya bu ish bilan shug‘ullana boshlaydi.
Kiyevda emas, go‘yoki Moskvada o‘tirgandek Vladimir Putin Ukrainaning uchta milliy telekanali kameralari qarshisida bir soat davomida qo‘shni davlat fuqarolari savollariga javob beradi. Bu 2004 yilning oktyabr oyi oxirlarida sodir bo‘layotgan voqea, Viktor Yanukovichning prezidentlik kampaniyasi final bosqichi edi.
Nomzodni qo‘llab-quvvatlash uchun Putin Kiyevga kelib o‘zi Moskvada o‘tkazadigan «to‘g‘ridan to‘g‘ri liniya»ga o‘xshash ko‘rsatuv tashkil qiladi. Faqat savollarni rossiyaliklar emas, ukrainaliklar berishadi (80 mingta savol yo‘llangan edi). Putin o‘shanda hatto Rossiya Ukrainadan o‘rganishi kerak, bosh vazir Yanukovich davrida Ukrainaning iqtisodiy o‘sishi Rossiyani ham ortda qoldirdi, degan edi.
Saylovni Moskva tomondan o‘sha paytda prezident administratsiyasi boshlig‘i bo‘lgan Dmitriy Medvedev, Kiyev tomondan Ukraina prezidenti administratsiyasi rahbari Viktor Medvedchuk boshqarardi. Aynan o‘sha yili Putin uning qizi Daryaning cho‘qintirgan otasi bo‘ladi. O‘shanda Ukraina prezidenti administratsiyasi vakillari rossiyalik hamkasblari bilan juda jips ishlar, o‘zining tan olishicha, ikki administratsiya o‘rtasidagi munosabatlar bo‘yicha maxsus yordamchi rossiyalik siyosiy texnolog Gleb Pavlovskiy edi. Moskvaning saylovoldi yurishlaridan biri — go‘yoki Viktor Yushchenko tomonidan yaratilgan va mamlakatni uchga bo‘lgan «Ukrainaning uch navli» xaritasi edi. Xaritaga ko‘ra, Ukraina sharqi va janubidagilar uchinchi navli odamlar hisoblanishardi.
Lekin bular yordam bermadi. Ommaviy namoyishlarga do‘ngan «zarg‘aldoq inqilob» va qayta ovoz berish natijalariga ko‘ra Viktor Yushchenko Ukraina prezidenti etib saylandi.
Moskva esa hududlarni qarama-qarshi qo‘yish, hattoki ajratib olishga dov tika boshladi. «Zarg‘aldoq inqilob» avjiga chiqqan paytda Janub va Sharqni ajratib olishga birinchi urinish sodir bo‘ladi — Severodonetskda barcha darajadagi rossiyaparast deputatlarning qurultoyi o‘tkazildi, unda Rossiyadan Moskvaning o‘sha paytdagi meri, ta’sir kuchi katta bo‘lgan siyosatchi Yuriy Lujkov ishtirok etadi. O‘z navbatida, Donetsk oblastining o‘sha paytdagi kengashi raisi Boris Kolesnikov to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainadan ajralishga chaqiradi.
«Biz quyidagilarni taklif qilamiz: qonunni buzgan oliy hukumat organlariga ishonchsizlik bildirishni. Federativ respublika shaklidagi yangi janubiy-sharqiy Ukraina davlati tuzishni. Yangi davlatning poytaxti Xarkiv shahri bo‘ladi, shunday qilib mustaqil Ukraina respublikasining ilk poytaxti qayta tiklanadi», — degan edi Kolesnikov.
Lekin bu ish amalga oshmadi. Rossiya o‘shanda suveren davlatning ishiga qurol bilan aralashishni istamadi, qo‘llovsiz ajralib chiqishga hech kim urinib o‘tirmadi (Ayni paytda Kolesnikov o‘sha gaplarni eslashni istamaydi. Uning jamoat fondi Ukraina QKni faol qo‘llab-quvvatlamoqda, uning Facebookʼdagi sahifasi yuqorisini Ukrainaning ulkan bayrog‘i bezab turibdi).
2010 yilgacha g‘arbparast prezident Viktor Yushchenko o‘z reytingining katta qismini yo‘qotadi, 2010 yil boshida o‘tgan prezidentlik saylovida Yanukovich g‘alaba qozondi — bu safar saylovchilarda ovozlar sanoqdan o‘tkazilishiga e’tirozlar bo‘lmaydi.
Prezident bo‘lib olgach, Yanukovich Moskva mo‘’tadil siyosatchi Kuchma davrida orzu ham qilmagan qarorlarni qabul qila boshladi — u Ukraina NATOga a’zo bo‘lmasligini ta’kidladi, rus tilini hududiy davlat tili qilish to‘g‘risidagi qonunni ilgari surdi, «Golodomor» («Ocharchilik») sovetlar tomonidan ukrain xalqini genotsid qilish emas, sovet tarixidagi umumiy muammo bo‘lganini aytdi.
«Bizning maxsus xizmatimiz vakillari Ukraina rahbariyatida o‘tirgan edi, uni va ayrim biznes birliklarni boshqarardi. Hammasi o‘zimizniki bo‘lgach, yana nima ham qilardik?» — degan RF prezidenti administratsiyasiga yaqin manba. Uning so‘zlariga ko‘ra, reja juda oddiy bo‘lgan — Ukrainani xuddi Belarus bilan yaqinlashilgandek Rossiyaga yaqinlashtirish. «Mamlakat tepasida bizning boquvimizdagi ideal prezident o‘tirgandi, — deydi manba. — Xuddi bir paytlar AQShning odami Fulxensio Batista Kuba tepasida o‘tirgandek, Ukrainani bizning Yanukovich boshqarayotgandi. Unga munosabat ham shunga yarasha edi. Albatta, uning so‘raganlari muhayyo qilinar, unga yordam berilardi. Lekin u bizning sodiq qanjiqvachcha edi».
Bularga parallel ravishda Rossiya diplomatik liniya bo‘yicha ishlab, Yevropani Ukraina bilan o‘yin qilmaslikka ko‘ndira boshlagan edi. «Rus diplomatlari Parijga kelib, G‘arbga qarata biz Yevropa bilan assotsiatsiya qilishga qarshimiz, bu narsa amalga oshmaydi, bu yo‘lda ishlashni bas qilinglar, derdi, — deb hikoya qiladi 2013 yildan 2019 yilgacha Kremlda Ukraina bilan bog‘liq masalalar uchun mas’ul bo‘lgan Vladislav Surkovga yaqin manba. — Bu narsa Ukraina va Rossiya o‘rtasida mavjud munosabatlarga zarba beradi, deyishgan. Hammasi mana shundan boshlangan, «rus dunyosi» haqidagi gap-so‘zlar o‘sha paytlarda umuman mavjud emas edi».
Yanukovich Yevropa Ittifoqi bilan assotsiatsiyaga kirishish bitimidan voz kechdi, Kremlning Bojxona ittifoqiga a’zo bo‘lish haqidagi taklifiga rozi bo‘ldi va bu uning hayotidagi ikkinchi «maydan» bilan yakun topdi.
«O‘shanda u biroz qo‘pollashdi»
Putinning Ukrainaga nisbatan munosabati G‘arbga bo‘lgan munosabati bilan teng buzila boshladi. Tez orada possovet mintaqasi, birinchi navbatda Ukraina va Gurjiston Kreml yetakchisi uchun qarama-qarshilik hududiga aylandi.
Putin uchun birinchi zarba Gurjistondagi «Atirgullar inqilobi» bo‘ldi va mamlakat rahbari Putin uchun tushunarsiz Mixaylo Saakashviliga almashdi, ikkinchisi — jiddiyrog‘i — Ukrainadagi «zarg‘aldoq inqilob» bo‘ldi.
«Gap Ukrainaga nisbatan munosabatda ham emas. U yerda shunchaki «maydan» yuz bergani yo‘q, Kiyevda barcha o‘yin qoidalari barbod bo‘ldi», — deya Putinning xafa bo‘lishi mantig‘ini tushuntiradi unga yaqin kishilardan biri. Fuqarolarning o‘z mamlakatida namoyishlar va saylovlar vositasida hokimiyatni almashtirish huquqi Kremlda jiddiy qabul qilinmadi, bunday chiqishlar faqatgina G‘arbning tashqi ta’siri tufayli yuzaga keladi, deya hisoblana boshladi.
Bularning bari G‘arb tomonidan qattiq tanqid ostiga olingan Putinning 2007 yilgi Myunxen nutqiga sabab bo‘ldi. «O‘shanda u biroz qo‘pollashdi, siyosiy jihatdan noto‘g‘ri chiqish qildi, — deya baholaydi Kremlga yaqin manba. — G‘arb bunga javoban taxminan shunaqa javob berdi: “yaxshi odam emas ekan-ku bu, so‘kinarkan, tur-ye, qo‘pol, randalanmagan to‘nka”. Mana, uning nutqi natijasi nimaga olib keldi».
Possovet hududidagi inqiloblar va NATOning sharq tomon kengayishidan tashqari, Vashington va Moskva o‘rtasidagi munosabatlarda boshqa jahllantiradigan narsalar paydo bo‘laverdi. RF prezidenti administratsiyasi mulozimi misol tariqasida Jahon savdo tashkilotiga a’zolikni keltiradi – JSTga Rossiya Ukrainaga nisbatan tayyorroq bo‘lsa ham, Ukraina birinchi bo‘lib qabul qilingandi.
2011 yilda esa Moskvada xalqaro moliya markazini rivojlantirish bilan shug‘ullanayotgan Aleksandr Voloshinga RFning Ukrainadagi elchisi Mixail Zurabov qo‘ng‘iroq qilgan. Elchi Kiyevda Markaziy depozitariy yaratilayotgani, loyiha kuratorlari Moskva bilan hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolashni taklif qilishganini aytgan. Voloshin bunga qarshi bo‘lmagan, lekin bitim imzolanmay qolgan. Kremldagilar buni yana AQShning aralashuvi o‘laroq baholashgan.
Yangi falsafa
G‘arbga nisbatan munosabati o‘zgarishi bilan Putinga ichki voqealar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. 2012 yilgi norozilik aksiyalarigacha va undan keyin Putin ko‘proq vaqtini ma’lum bir mazmundagi kitoblar bilan o‘tkaza boshlagan. Kremlga yaqin kishilar orasida Putin ko‘proq arxivlar bilan ishlayotgani haqida gap-so‘zlar tarqala boshlagan. Taxminan shu paytlarda Putin uchun prezident administratsiyasida maxsus ishchi guruh yig‘ilgan, ular kerakli kitoblarni tanlab, ularning mavzu bo‘yicha kerakli sahifalarini belgilab berish bilan shug‘ullangan, deya hikoya qiladi sobiq siyosiy texnolog.
Moskvadagi Bolotnaya maydonida ro‘y bergan voqealargacha Putin oq gvardiyachi faylasuf Ivan Ilin bilan qiziqib qolgan, noroziliklar muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Ilinnikiga o‘xshash qarashlarga ega mualliflarning kitoblariga sho‘ng‘ib ketgan. Unga XX asr boshlaridagi diniy faylasuf Vasiliy Rozanov ham ma’qul tushgan. Rozanov liberallar va ziyolilarga qarshi kayfiyatda bo‘lgan: «Men “ziyolilar dasturxoni” atrofida o‘tirib, “bizda hammasi dabdala”, “biz hammadan yaxshimiz” degancha o‘zlarini taqvodor, halol, “haqiqat uchun jon berishga tayyor” ko‘rsatgandan ko‘ra, politsiyachi sifatida ikki ko‘cha chorrahasida turishni —“fuqaroparvar”, foydali, inson qadr-qiymati uchun mos keluvchi vijdonan xizmat deb bilaman».
Ilin esa, o‘z navbatida Ukrainaga mustaqil davlat sifatida aslo iltifot ko‘rsatmagan. «Ukraina ajralish va egallanish nuqtayi nazaridan Rossiyaning eng tahdidli hududi hisoblanadi, — deb yozgandi faylasuf 1938 yilgi oq emigrantlar s’yezdida. — Ukraina ayirmachiligi real asoslardan xoli sun’iy hodisa. U yetakchilarning shuhratparastligi va xalqaro istilochilik intrigasidan paydo bo‘lgan».
Ilin, Rozanov va boshqa imperiyachilik kayfiyatidagi, jumladan, zamonaviy mualliflarning yozganlaridan iqtiboslar Putinning nutqlarida tez-tez ko‘rinish bera boshlaydi. Rus millatchilarining ijodi bilan tanish, avval Kremlga ishlagan texnolog Rossiya prezidentining nutqida mo‘’tadil rus millatchisi, «Nega hamma ruslarni xafa qiladi?» maqolasi muallifi Konstantin Krilovning, shuningdek, barcha rus inqiloblarida chet el ta’sirini ko‘radigan Dmitriy Galkovskiyning ta’sirini payqaydi. «Putin ularning asarlaridan butun bir iqtiboslar olib gapiradigan bo‘ldi», — deya ajablanadi mo‘’tadil millatchilar doirasida yurgan Kremlning sobiq siyosiy texnologi.
«Bu ma’budlar daxmasida hammasi kiroyi taxlangan, — deya uslublardan hikoya qiladi Kremloldi sobiq texnologlaridan biri. —Ukrainaliklardan g‘arbliklar ayyorlik, aldov, manipulyatsiya va texnologiyalar yordamida antirossiyachilar yetishtirishmoqda. Bu ishni eski dinchilar eplasholmadi, ukrainaliklar bilan o‘xshab qoldi. Ular Rossiya dushmanlari uchun ideal ruslardir. Ukraina esa davlat sifatida qo‘ldan yasalgan, aynan SSSR tarkibida ko‘p holatda rus aholisining zarariga yaratilgan».
Oqibatlarga tupurish
2014 yil yanvarida Putin Qrimni egallash niyatida bo‘lmagan. Bu haqda RF prezidenti administratsiyasi vakili, texnologlardan biri va Putinga yaqin insonlardan iborat uch manba hikoya qilib bergan. Kreml fevralga kelib Kiyev markazidagi namoyishchilar Yanukovich ustidan g‘alaba qozonayotganini anglab yetgach, qaror kutilmaganda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan. Avval Moskva deputatlar qurultoyiga tikib, Ukrainaning bir qismini ehtimolli ajratib olishni o‘ylab ko‘rgan. Rossiya texnologlari qurultoy tashkillashtirishda ishtirok etishgan, deya hikoya qiladi «Vyorstka»ga Vladislav Surkovga yaqin manbalardan biri. Ukrainaning janubi-sharqiy qismi deputatlari qurultoyini Kiyevdan qochib Xarkivga kelgan Viktor Yanukovichning o‘zi boshqarishi kerak bo‘lgan.
Biroq so‘nggi lahzada Xarkiv shahri meri Gennadiy Kernes va oblast rahbari Mixaylo Dobkin bu o‘yinda ishtirok etishdan bosh tortishgan. «Ular Rossiya mamlakatni qulatishni istayotganini anglab, kutilmaganda ukrainaparastga aylanishgan va Yanukovichga uni qo‘llamasliklarini bildirishgan», — deya guvohlik beradi qurultoyga tayyorgarlik ko‘rish jarayoniga aloqador bo‘lgan manba. 22 fevral kuni Yanukovich Xarkivga keladi, biroq g‘oya barbod bo‘lganini tushunib, to‘planganlar oldiga chiqib o‘tirmaydi. Qurultoyda ajralib chiqishga chaqiriqlar o‘rniga Kernes va Dobkin chiqish qilib, tinchlikka chorlashgan va Ukrainani yagona holda saqlashni va’da qilishgan. Shu tariqa, Rossiyaning operatsiyasi barbod bo‘ladi. Shu kuni Oliy Rada Yanukovichni hokimiyatdan chetlashtiradi.
Aynan 22 fevraldan 23 fevralga o‘tar kechasi, Yanukovich Xarkivdan qochganidan so‘ng Putin Qrimni anneksiya qilishga qaror qiladi. Bu haqda uning o‘zi so‘zlab bergan, biroq unga yaqin bo‘lgan manbalar ham buni tasdiqlashgan. Sochidagi qishki olimpiada yopilayotgan chog‘da o‘tkazilgan, Putinga eng yaqin to‘rt kuchishlatar tizimi xodimlari ishtirokidagi yig‘ilish tonggi soat 7 gacha cho‘zilib ketadi. Putinning yaqin tanishlaridan biri guvohlik berishicha, kuchishlatar tizimlar boshliqlari uni niyatidan qaytarmoqchi bo‘lishgan: Putin esa “bu bizning so‘nggi imkoniyatimiz, bizda boshqa bunday imkoniyat bo‘lmaydi, bor mas’uliyatni o‘z zimmamga olaman”, degan.
Keyinroq Putin Qrim anneksiyasi — falokat ekani, uning oqibatlari dahshatli bo‘lishini aytgan yaqinlaridan biriga qarata “oqibatlariga tupurishi”ni aytgan: «Rossiyaga ulkan tarixiy yerining bo‘lagi qon to‘kmasdan, qurbonlar bermasdan qaytarildi, bunaqasi so‘nggi 1000 yilda ham bo‘lmagan. Keyin nima bo‘lishidan qat’i nazar, Qrim baribir Rossiyaniki bo‘lib qoladi».
Avvaliga hattoki Putin ham Qrim anneksiya qilinishi mamlakat ichida bunchalik qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lishini kutmagandi.
Mart oyi boshida Qrim va Donbassning Rossiya bilan chegaradosh hududlariga rossiyalik amaldorlar bildirmasdan kelib keta boshlashgan. «Qariyb har bir vazirlikdan o‘rinbosar u yerga borib, “zaminni paypaslab” kela boshladi», — deya eslaydi hukumat apparati sobiq xodimi. Bu amaldorlar «Ukraina hududlarini Rossiyaga integratsiya qilish» bo‘yicha Putinning maxfiy topshirig‘ini bajarishayotgandi. Sobiq amaldorning so‘zlariga ko‘ra, hukumat hujjatlarida Qrimdan tashqari «Rossiya tarkibiga Donetsk, Luhansk va Xarkiv oblastlarining qo‘shilishi» bahosi tahlil qilina boshladi. O‘shanda bu g‘oyalar amalga oshmay qolgan.
Ukraina hududlarini egallash bo‘yicha hech qanday aniq reja yo‘q edi. Qo‘zg‘olonchi guruhlarni to‘plashga urinishlar, jumladan, Odessa va Dnipropetrovsk oblastlarida ham bo‘lgan. Faqat yarim kuch bilan Donetsk va Luhanskda buning uddasidan chiqishgan. «Donbass — Donetskda ham aholi Qrimdagidek ko‘tarilib ketadi, deb o‘ylangan xato edi, — deydi jarayon ishtirokchilari bilan tanish manba. — Biroq xalqni ko‘tarishga urinish ko‘p ham muvaffaqiyatli yakunlangani yo‘q».
Donbassni ajratib olish endi shaxsan Putinning tashabbusi emasdi. «U vaziyatdan foydalanib qolishga qaror qilib, ushbu mashmashalarni boshlagan FXX tashabbusi edi», — deya hikoya qiladi o‘sha paytda Putinga yaqin bo‘lgan manba. Buni RF prezidenti administratsiyasiga yaqin bo‘lgan boshqa manba ham tasdiqlaydi: «Qrim bilan maxsus operatsiyaga qo‘l urilgan edi, Donbassda maxsus operatsiya o‘tkazilmadi, bir necha o‘yinchilar bor edi, ular Putinga “keling, kirib ko‘raylik, Ukrainada rossiyaparast kuchlar bor, qarshi kampaniya o‘tkazamiz, biz ularni tashlab qo‘ymasligimiz kerak”, degan».
Bu voqeaga FXXga yaqin pravoslav tadbirkor Konstantin Konstantin Malofeyev, bir yildan buyon Rossiyani qo‘llovchi ukrainlar tarmog‘ini tuzish bilan band Sergey Glazev, Yanukovich oilasidan biznesmen Sergey Kurchenko bosh-qosh bo‘lishgan.
«Hamma o‘zi bilgan o‘yinni o‘ynar, hech kim ularning faoliyatini muvofiqlashtirmayotgan edi», — deydi Kremlga yaqin manba.
Donetsk va Luhanskda ayirmachi kuchlar paydo bo‘lgach, Putin jarayonga boshqalarni, masalan, isyonkor hududlarning boshqaruv tizimi ustida ishlab, siyosiy qismi bilan shug‘ullanish uchun Vladislav Surkovni aralashtirishga buyruq beradi.
Garchi 2014 yil avgustida Rossiya qo‘shinlarining norasmiy ishtirokiga qaramasdan, hali keng qamrovli urushga tayyorgarlik ko‘rish va rejalar yo‘q edi. Kreml Ukraina hukumatini hiyla bilan yengishni o‘ylayotgan edi: “Minsk bitimlari Putin uchun nafas rostlashga fursat bo‘ldi”, deya hikoya qiladi muzokara guruhining sobiq ishtirokchisi: «Putin shaxsan o‘zi Minsk bitimlarini yozishda tepasida turgan. Uning shaxsan o‘zi status va siyosiy tartibga solish bilan bog‘liq punktlarni tuzib bergan».
Shundan so‘ng Putin faqat Minsk bitimlariga rioya etishni talab qila boshladi.
«Minsk bitimlarini bajarish nima degani edi? Ukraina «DXR» va «LXR»ning alohida statusga ega ekani haqida qonun qabul qiladi, konstitutsiyasini shunga moslab o‘zgartiradi, «respublikalar» formal ravishda Ukraina nazoratiga qaytadi, biroq o‘z armiya korpuslari va Rossiya nazorati ostida tanlangan o‘z siyosiy tuzilmalari bilan, — deya hikoya qiladi Rossiya tomonidan bevosita bu punktlarni ishlab chiqishda qatnashgan manba. — Bularning barchasi legallashtiriladi. Ya’ni Ukrainada Kiyevga bo‘ysunmaydigan ikkita begona hudud paydo bo‘ladi. Mana, «Minsk»ka rioya qilish nima degani. Agar «Minsk» bajarilganida Donbassdan butun Ukrainani Donbass andozasida qayta qurishda foydalanilardi. Putinning rejasi ham shu edi».
RF prezidentiga yaqin boshqa bir manba fikricha, Putin o‘shanda Ukraina prezidenti Petro Poroshenkoni shunchaki ahmoq qilgan: «Avval saylovlar, so‘ngra chegaralarni qaytarish, aksincha emas — bunday saylovlarda kim g‘alaba qilishi o‘z-o‘zidan tushunarli. Bu behalovatlik ichida Poroshenko uchun urushni to‘xtatish muhimroq edi, u detallarga e’tibor qaratmagan». Kreml to‘qnashuvlarni muzlatib qo‘ydi. 2014 yil oxirlariga kelib ayirmachi «DXR» va «LXR»da eng agressiv va eng urushqoqlar yo neytrallashtirildi yoki iste’foga chiqarildi, prezident administratsiyasi harbiy ritorikadan uzoq vaqtga chekindi.
«Kreml bilan ishlayotgan insonlar «urush» so‘zini hech qachon ishlatishmasdi. Xuddi urush tugagandek taassurot uyg‘ongan edi, ular barcha rossiyaliklarga Rossiya urushni istamasligini tushuntirishardi», — deydi o‘sha paytlar Kreml bilan ishlagan siyosatchi. Lekin u majlislarda tez-tez mana bu iborani eshitgan: «Putin butun Ukrainani xohlayapti». «O‘sha paylarda bu bir devonalikdek tuyulardi. Ko‘ngil nimalarni istamaydi, degandek», — deydi u.
Boshqa bir manbaning so‘zlariga ko‘ra, «DXR» va «LXR» deb ataluvchi hududlar atrofidagi to‘qnashuvlar Rossiya uchun aynan tutab yotgan holatida foydali edi: «To‘qnashuv tutashda davom etar, hech o‘chay demasdi, uning o‘chishidan hech kim manfaatdor emasdi. U hammani boqayotgan, barchaga siyosiy istiqbol taqdim etayotgan edi».
Ukraina mavzusini shaxsan Putin qo‘yib yuborishni istamayotganini o‘sha yillardan buyon Rossiya davlat telekanallarining siyosiy dasturlari mazmuniga qarab ham bilsa bo‘ladi. «Jahonda, Rossiyada minglab muammolar, voqealar ro‘y berayotganda, bu idiotlar nuqul Ukrainani muhokama qilishardi, — deydi Putin bilan do‘stlashgan manba. — Hattoki Suriya ham tilga olinmasdi. Biz juda yomon ko‘radigan Amerika haqida ham gapirilmasdi, lekin Ukraina doimiy mavzu edi. Albatta, bu kun tartibidagi yangilik emasdi, shunchaki uni majburlab tiqishtirishardi». Manbaning so‘zlariga ko‘ra, bu RF prezidenti administratsiyasidan televideniye kuratorining shaxsiy g‘oyasi bo‘lmagan. Bu aynan eng yuqoridan belgilab berilgan vazifa bo‘lgan.
Putin qat’iyat bilan Ukraina va AQSh o‘rtasidagi aloqalarni topishda davom etardi. «Ukrainani mohiyatan NATO va AQSh boshqarayotganiga uning ishonchi komil edi. Bu borada unda aslo ikkilanish yo‘q edi», — deydi o‘sha paytlar Putinga yaqin bo‘lgan odamlardan biri. «AQShning Ukrainadagi elchixonasida 1000 kishi ishlaydi, bizda esa atigi 100 kishi, — deya Putin bilan suhbatidan iqtibos keltiradi uning yaqin oshnasi. — AQShning Ukrainadagi elchixonasi budjeti o‘n barobar ko‘proq. Putin, albatta, AQSh Ukraina bilan bog‘liq qarorlarni yakka o‘zi qabul qiladi, deb hisoblardi, uni bu fikrdan qaytarib bo‘lmasdi».
Aslida, Bloomberg nashrining ma’lum qilishicha, 2022 yil yanvarida AQShning Kiyevdagi elchixonasida 180 nafar amerikalik ishlagan, yana 560 ukrainalik yordamchi lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan.
«Urush tinchlikparvari»
2019 yilda Ukrainada prezidentlik saylovlarida kutilmaganda Volodimir Zelenskiy g‘alaba qozonadi. Ukraina tarixidagi prezidentlar ichida Zelenskiy Moskva bilan turli-tuman aloqalari eng mustahkam bo‘lgan inson bo‘lsa ajabmas. Prezidentlar ichida biroz vaqt Moskvada yashagani ham shu (KVNda ishlagan chog‘lari). 2014 yil kirib kelgan yangi yil kechasida u «Rossiya-1» telekanalida Maksim Galkin bilan yangi yil shousini olib borgan.
«Saylovoldi kampaniyasida Ukrainada tinchlik va’da qilar ekan, u Putin bilan shunchaki kelishish kerak, degan g‘oyani ilgari surdi, bu bilan u Rossiya bilan do‘stlikni istamaydigan ukrainaliklarda jiddiy shubha-gumonlar, Moskvada esa ehtiyotkorona optimizm uyg‘ota boshladi. Zelenskiy bilan ilk telefon so‘zlashuvi chog‘ida Putin o‘zini ehtirom ko‘rsatib tutdi, u yaqinlashish nuqtalarini topishga harakat qilayotgani bilinib turardi», — deya hikoya qiladi Ukraina prezidenti ofisining sobiq rahbari Andriy Bogdan.
Ana shu ilk suhbat chog‘ida Zelenskiy Donbass bo‘yicha muzokara jarayonida Ukraina tarafidan Putinning og‘aynisi Viktor Medvedchukni o‘z yordamchisi Andriy Yermakka almashtirishni taklif qiladi. RF prezidenti administratsiyasiga yaqin manbaning hikoya qilishicha, Zelenskiy Medvedchukni «pul ishlash uchun o‘z aloqalaridan foydalanib, soqqani bosayotgan odam», deb hisoblagan.
Kreml qattiq turib olmasdan, o‘shanda Medvedchukning almashtirilishiga rozi bo‘ladi. «Shubhasiz, u [Zelenskiy] o‘sha paytlarda hali ko‘p narsani o‘rganishi kerak bo‘lgan, bir iqtidorli inson edi. Hozir hamma narsani oddiy insonlardek kelishib olamiz, degan soddagina taassurotlar bilan kelgan, — deydi Rossiya hukumatiga yaqin manba. — Albatta, hech qanaqa amerikaparast emasdi, u ukrainaparvar edi va chin ko‘ngildan qandaydir yaxshi ishlarni amalga oshirmoqchi bo‘lgan».
Uchta manbaning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy chindan ham Moskva bilan munosabatlarni qayta ishga tushirishni istagan, uning jamoasi turli insonlarga maslahat so‘rab chiqishgan, jumladan Yermak Zelenskiy bilan birga RF prezidenti administratsiyasining sobiq rahbari Aleksandr Voloshinga ham qo‘ng‘iroq qilishgan. Putin ham Zelenskiy bilan kelishsa bo‘ladi, deb hisoblagan, to‘g‘ri u faqat tajribasiz siyosatchini dog‘da qoldirib, Minsk kelishuvlarini ishga tushirishdan umidvor edi, bu esa Rossiya uchun juda ulkan g‘alabaga teng bo‘lardi.
2019 yil dekabrida Putin ko‘p yillik masala nihoyat joyidan qo‘zg‘aladi, degan ishonch bilan Parijga yo‘l oladi. Lekin Zelenskiy avvalgi prezidentdan ham o‘tadigan muzokarachi ekani oydinlashdi, u chegaralar topshirilguniga qadar Donbassda saylov o‘tkazishni rad etdi, uning jamoasi a’zolari esa kelishuvlardagi asosiy abzatsni qaytadan yozish, Donbassning alohida maqomini doimiy emas, vaqtinchalik qilishga urinib ko‘rishdi. Muzokaralarda qatnashgan Surkov tinchlik muzokaralarini butunlay to‘xtatish bilan tahdid qildi, Ukraina vazirlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, u o‘z hamkasbi Andriy Yermakka musht o‘qtalib hujum qilmoqchi ham bo‘lgan, baqirgan, oyoqlari bilan tepmoqchi bo‘lgan.
Nima bo‘lganda ham, Putin umid qilgan iliqqina vanna sovuq dush bo‘lib chiqqan. «Ukrainaning kapitulyatsiyasini qabul qilish uchun tog‘dan tushib kelgan Putin o‘zini to‘yda kuyovi tashlab ketgan kelinchakdek his qilgan, — deya baholaydi bu tashrifni Zelenskiyning saylovoldi shtabida uning tashqi siyosiy strategiyasini ishlab chiqqan insonlardan biri Oleksandr Xarebin. — Putinning Parijga kelishi Zelenskiy va uning komandasining tayyorgarligiga yetarlicha baho bera olmagan Rossiya prezidentining ulkan xatosi edi. Butun Rusning buyuk poshshosidan u masxarabozga aylanib qolgandek bo‘ldi».
Zelenskiy ham bu borada unga yordam berib yuboradi: Putin matbuot anjumanida chiqish qilib, Minsk kelishuvlarini og‘ishmay bajarish haqida hujjat qabul qilinganini gapirayotgan chog‘da Zelenskiy kulimsirab, boshini sarak-sarak qilib o‘tiradi, Putin alohida status haqida gap ochganda Zelenskiy butunlay xushchaqchaq bo‘lib, kulib yubormaslik uchun og‘zini kafti bilan yopadi.
«Bu hamma uchun kutilmagan, ilk marta shunchalik yaqqol bo‘ldiki, Putin omma oldida tarsaki yegandek bo‘ldi. Aynan shu holat og‘riqli chandiq qoldirgan tajriba bo‘lgan bo‘lishi mumkin», — deydi ukrainalik maslahatchi Xarebin. Rossiya prezidentining yuz ifodasidan u birgalikdagi matbuot anjumanida zo‘rg‘a chidab o‘tirganini sezish qiyin emasdi, u Zelenskiy tomonga hatto qarab ham qo‘ygani yo‘q, qog‘ozlarini titkilab o‘tirdi. Shundan so‘ng Zelenskiy va Putin hech qachon boshqa uchrashishmadi, Surkov esa ikki oydan so‘ng Ukraina va Donbass kuratori vazifasidan bo‘shatildi. Parijdagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng Moskva qattiq kuchga tayana boshladi. Kremlning ishonchli vakili etib Viktor Medvedchuk tayinlandi.
So‘nggi nuqta
Prezident Kuchma administratsiyasining sobiq rahbari Medvedchukni u hattoki siyosatdan ketsa ham Putin unutgani yo‘q edi. 2012 yilda Putin prezident Viktor Yanukovich bilan uchrashuvga 4 soatga kech qoladi, shundan so‘ng namoyishkorona Medvedchukning uyiga borib, u bilan uchrashadi. Kechki taomlanish asnosida Medvedchuk Putinga akvadiskotekasi — musiqaga mos ravishda tusini o‘zgartiruvchi favvorasini ko‘rsatadi. «U yerda professional s’yomka olib borilgan, paparatssi tasvirga olmagan, ochiqchasiga shaxsiy operator ishlagan», — deya eslaydi teleboshlovchi Yevgeniy Kiselyov. Putinning Medvedchuk huzuriga tashrifi kadrlari Ukraina televideniyesida ham namoyish etiladi.
2014 yildan so‘ng Medvedchuk Moskva uchun eng do‘st siyosatchi sifatida uch tomonlama guruh muzokaralarni tashkillashtirish, shuningdek, asirlarni almashtirish bilan shug‘ullana boshlaydi. Petro Poroshenko boshqaruvi oxirlarida Medvedchukning maslakdoshi Taras Kozak uchta yangiliklar telekanalini sotib oladi, bu keyinchalik telekanallarning haqiqiy egasi deb hisoblanadigan Medvedchuk va Zelenskiy o‘rtasida kelishmovchiliklarga sabab bo‘ladi.
Kanallar o‘z egalarining rossiyaparast nigohlarini aks ettirardi, mediaekspert Otar Dovjyenkoga ko‘ra, ekranlarda propaganda «Ukrainaga hech kim hujum qilmagani, bu yerda fuqarolar urushi davom etayotgani, bu urush uchun Ukraina aybdor ekani, shunchaki hamma narsadan kechib, Rossiya bilan do‘stlashish kerakligi, Qrimni Rossiya anneksiya qilmagani, uni sevmaganimiz uchun o‘zi ketib qolgani, «maydan»da qurollangan davlat to‘ntarishi yuz bergani»dan so‘zlardi.
Parallel ravishda bu telekanallarda uy-joy kommunal xo‘jalik uchun narxlar oshgani, ijtimoiy muammolarga diqqat qaratilib, Zelenskiyning siyosati qattiq tanqid ostiga olinardi. Zelenskiyning reytingi pasaya boshladi, Medvedchuk rahbarlik qilayotgan «Hayot uchun» muxolifat platformasiniki esa, aksincha, o‘sa boshladi. 2020 yil oktyabrida hududiy saylovlarda OPZJ partiyasi oltita oblastda Zelenskiyning «Xalq xizmatkori» partiyasidan o‘zib ketib, birinchi o‘rinni egallaydi. Bu voqeani Zelenskiy urush boshlanganidan keyin ham yodga oldi: 2022 yil mart oyi oxirida Mariupol uchun janglar davom etayotgan paytda rossiyalik jurnalistlarga birinchi intervyusi davomida u Medvedchuk qanday qilib hududlarda g‘alaba qozonganini uzoq hikoya qilib berdi.
2021 yilning fevralida Medvedchukni neytrallashtirish uchun maxsus operatsiya o‘tkazildi. Sanksiya «112 Ukraina», NewsOne, ZIK telekanallariga hamda ularning egasi — Medvedchukning og‘aynisi Kozakka nisbatan qo‘llandi. Zelenskiyga ko‘ra, telekanallar aksilukraina propaganda bilan mashg‘ul bo‘lishgan va mamlakatning Yevropa Ittifoqiga integratsiya jarayoniga xalaqit bergan. Ularni taqiqlash to‘g‘risida Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining shoshilinch chaqirilgan yig‘ilishida qaror qilinadi. Prezident ofisi o‘shanda «112 Ukraina», NewsOne, ZiK kanallari ularning fikricha, «Ukrainada begona chet el propagandasi qurollari» sifatida foydalanilayotgani bilan tushuntirgan. Prezident ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak TV-kanallar «okkupantlar»ga ishlashini aytgan. O‘sha joyda telekanallarning moliyalashtirilishiga ham «savollar bor»ligi aytilgan.
Telekanallar yopilishidan yarim yilcha avval Zelenskiy ular qaysi mamlakatdan moliyalashtirilayotganini bilishini, Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Ivan Bakanov esa kanallar orqali «agressor-davlat aksilukraina axborot kampaniyasi» o‘tkazayotganini ta’kidlagan.
Sanksiyalar shaxsan Medvedchukni ham qamrab oldi, uni rafiqasi bilan birgalikda UXXning terrorizmni moliyalashtirish ro‘yxatiga qo‘shishdi. 2021 yilning 11 martida UXX va soliq xizmati Medvedchuk oilasi bilan bog‘liqligi aytiladigan Glusco AYoQShlar tarmog‘ida ham maxsus operatsiya o‘tkazishgan.
Rossiya prezidenti atrofidagi uch manba aynan Medvedchukning axborot resursi yo‘q qilinishi va uni «siqa» boshlashgani Putinning harbiy operatsiyani boshlash qarori uchun so‘nggi tomchi bo‘lganini tasdiqlagan. Kreml ortiq «yumshoq kuch» vositalaridan foydalanmaslikka qaror qilgan.
«Medvedchukning televideniyesi tortib olingach, partiyasini kaltaklay boshlashganidan so‘ng Putin nihoyatda achchiqlangan, — deydi RF prezidentini uzoq vaqtdan buyon taniydigan manba. — U buni o‘ziga nisbatan hamla deb qabul qilgan. Medvedchuk va uning telekanallarining mavjud bo‘lib turishi vaziyatni qandaydir siyosiy yo‘l bilan hal qilish uchun umid va ko‘prik edi. Kutilmaganda Ukraina janjalni kengaytirdi. «Ah, sizlar urushni istayapsizlarmi? Kim bilan to‘qnash kelganlaringni bilmayapsizlar chog‘i? — degan Putin».
Putinning qaroriga Medvedchukning o‘zi ham unga Ukrainadagi rossiyaparastlik kayfiyati haqida, uni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlashi haqida gapiraverib, katta ta’sir o‘tkazgan. «U ertak to‘qib yurgan, evaziga siyosiy qarama-qarshilik uchun ajratilgan pullarni olgan, kimdir qachondir tekshirib ko‘rishiga ishonmagan, — deya eslaydi RF prezidenti administratsiyasiga yaqin manba. — Hududlarning Rossiyaga moyilligi haqida gapirib, Putinni chalg‘itgan».
Kremlda ham Medvedchukning so‘zlarini shubha ostiga olishmagan. «Olingan axborotlarning adekvatligini tekshirib ko‘rish, tahlil qilish va ularni bu yerda hech kim kutmayotganini aniqlash o‘rniga, hujum qilishgan. Adovat va g‘azab ularning ko‘zini ko‘r qilib qo‘ygan», — deydi ukrainalik siyosiy maslahatchi Xarebin. Biroq Medvedchuk o‘zi yetkazgan axborotlar Kiyevda hokimiyatni almashtirish niyatida yengil maxsus harbiy amaliyot o‘tkazish uchun qaror qabul qilishda ishlatiladi, deb sira o‘ylamagan, deydi u bilan tanish manba. Putin chindan ham og‘aynisi so‘zlab berganidek, Ukrainadagi aholining qo‘llab-quvvatlashidan umid qilgan. «Medvedchuk uchun urush haqidagi qaror eng falokatli ssenariy bo‘lib chiqqan», — deya guvohlik beradi Putin atrofidagi odam.
Urushni boshlash haqida qaror qabul qilganda Putin Medvedchuk bilan maslahatlashmagan. Boshqa birorta inson bilan ham. Putin huzuriga doimo kirish uchun ruxsat etilgan yagona inson – uning do‘sti Yuriy Kovalchuk bo‘lgan. Ikki manba Kovalchuk prezident tomonidan «maxsus harbiy amaliyot»ni boshlash bo‘yicha qaror qabul qilishda muhim rol o‘ynaganini tasdiqlashgan. Pandemiya chog‘ida faqatgina Kovalchuk Putinning qarorgohini tark etmagan — karantinda o‘tirmaslik uchun. Kovalchuk o‘shanda o‘zining aksilg‘arb kayfiyatlarini yashirmagan. 2010-yillardan boshlab Putin tinmasdan o‘qiy boshlagan yozuvchilar ijodi bilan tanishishni ham aynan u uyushtirgan bo‘lishi mumkin. 2020 yil martidan boshlab ular G‘arb bilan ziddiyatlar, Rossiya tarixi haqida soatlab suhbat qurishgan, deb yozgan edi The Wall Street Journal.
Buni «Vyorstka» savolga tutgan manbalar ham tasdiqlashgan: «Putin shu da’voda adekvat insonlar bilan muloqotda cheklangan edi. U hech kim bilan uchrashmaslikka harakat qilar, agar uchrashadigan bo‘lsa ham 14 kunlik karantin ichida insonlar shu qadar yovvoyilashib ketar ediki, binoyi suhbat ham qurib bo‘lmasdi. Boz ustiga, 15 metrlik masofadan turib uchrashish ishonchli muloqot chiqishiga ham to‘sqinlik qilardi».
Aynan Kovalchuk Putinni Yevropa hozir turli ziddiyatlar bilan bo‘linib yotgani, ayni payt tezkor operatsiyaning mavridi ekaniga ishontirgan, deydi Kremlga yaqin manba.
Operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rish haqidagi qaror 2021 yil fevrali oxiri mart oyi boshlarida — urushdan roppa-rosa bir yil avval qabul qilingan. Aprel oyiga kelib Ukraina chegaralari yaqinida dastlabki tahdidli harbiy mashqlar o‘tkazila boshlangan.
Tayyorgarlikning o‘zi o‘ta maxfiylik sharoitida o‘tgan, biroq 2021 yil yozidan boshlab ehtimolli urush Kremlga yaqin insonlarning umumiy suhbati mavzusiga aylandi. 2021 yil 12 iyulida Kreml rasmiy saytida Putinning «Ruslar va ukrainlarning tarixiy birligi haqida»gi maqolasi e’lon qilindi. «Vyorstka» ma’lumotlariga ko‘ra, maqola bir necha bor o‘zgartirilgan, variantlardan birida harbiy operatsiya boshlash borasida to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid ham bo‘lgan. Biroq yakuniy variantga tahdid kiritilmagan.
Britaniya xavfsizlik va mudofaa masalalarini tadqiq etish birlashgan qirollik instituti (RUSI)ning 2023 yil 29 martda e’lon qilingan hisobotida yozilishicha, FXX Ukrainani okkupatsiya qilishga 2021 yil iyulidan boshlab tayyorgarlik ko‘ra boshlagan. Buning uchun Operativ axborot departamentining 9-boshqarmasi to‘laqonli bo‘limga aylantirilgan, shtati yigirmatadan 200 kishigacha oshirilgan. Xodimlarni hattoki Ukraina oblastlariga qarab bo‘lishgan, alohida shaxslar Ukraina parlamenti bilan bog‘liq masalalar bilan shug‘ullangan, yana boshqalari kritik infratuzilma bilan.
RF prezidenti administratsiyasiga yaqin manbaning aytishicha, 2021 yil oktyabrida «Valday» muloqot klubida ishtirok etgan kuchishlatarlardan biri o‘zaro suhbatlarda G‘arb davlatlarining Rossiya urushga tayyorlanayotgani borasidagi xavotirlari o‘rinli ekanini tasdiqlagan: «Bu haqiqat, biz Ukrainadagi rejimni o‘zgartirmoqchimiz». Rossiya bu siyosiy maqsadiga aynan kuch ishlatib erishishga tayyor ekani haqida gap borgan. Boshqa manbaning hikoya qilishicha, dekabr oyida — urushga ikki-uch oy qolganda yirik korporatsiyalar o‘rtasida Ukrainani qanday qilib bo‘lib olishni muhokama qilishgan. O‘ylab qo‘yilgan rejaga ko‘ra, har bir hududni rivojlantirish uchun davlat yoki Kremlga yaqin xususiy korporatsiyalardan biri javobgar bo‘lgan. Bosqindan bir hafta avval TIVga yaqin tashqi va mudofaa siyosati bo‘yicha yopiq ekspertlik kengashi yig‘ilgan va u yerda Kremlga yaqin siyosatchi yaqin haftalar ichida Kiyevda rejimni almashtirish bo‘yicha maxsus operatsiya boshlanishi va u uzoq davom etmasligi ochiqchasiga aytilgan.
Putin chindan ham Kiyevdagi rejimni tezgina va og‘riqsiz almashtirish mumkin, deb o‘ylagan. G‘arb davlatlari ojiz ekaniga uni Kovalchuk ishontirgan, Ukraina zaif va Rossiyaga sodiq ekaniga esa — Medvedchuk.
Oddiygina hisob-kitoblar uzoq davom etadigan urushga tayyorgarlik ko‘rilmaganini ko‘rsatadi. «Aholisi 44 million bo‘lgan davlatni 160 ming kishilik qo‘shin bilan egallab bo‘lmaydi, — deydi RF prezidenti administratsiyasining siyosiy qanotiga yaqin manba. — Agar bunday operatsiyani shunday kuchlar bilan boshlasangiz, siz Rossiyaga sodiq ukrainaliklarning ommaviy kollaboratsiyasiga tayanishingiz kerak. Operatsiya ham aynan mana shu dastlabki shart asosida qurilgan, o‘ylangan va ishlab chiqilgan».
Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Qrim anneksiyasi bilan bo‘lgan holat singari ko‘plab kuchishlatarlar vakillari bu operatsiyaga qarshi bo‘lishgan, bu haqda «Umumrossiya ofitserlik yig‘ini» raisi general-polkovnik Leonid Ivashovning xati, RF Mudofaa vazirligiga yaqin ekspertlarning chiqishlari guvohlik bermoqda.
RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu hatto bahslashib ham o‘tirmagan, qaytaga Putinning qaroridan xursand ham bo‘lgan. «U qo‘l ostidagi armiya qanday holatda ekanini ham tushunmagan, unga urush shunchaki qiziq bo‘lgan. Putin u bilmaydigan nimanidir bilishiga ishongan, Qrim anneksiyasidan jiddiyroq bo‘lmagan narsaga duch kelamiz, deb o‘ylagan», — deydi Putinning eski tanishlaridan biri. Elitaning qolgan qismi esa bosqin boshlangan kunda bu fakt bilan ro‘baro‘ bo‘lishgan.
«Bu amalda elitaning barchasi qarshi bo‘lgan g‘aroyib urush. Men Rossiyadagi rahbarlar bilan suhbatlashib turibman, hokimiyatning oliy eshelonida biror kishi bu urushni yoqlayotgani yo‘q. Lekin ular tushunib turishibdiki, bir jamoa bo‘lib ishlashlari kerak», — deydi Kremlning sobiq amaldori.
Kim tushunmasa — ularga tushunish kerakligini ko‘rsatib qo‘yishmoqda. «Vyorstka» manbasi Davlat dumasining «yirik amaldori» 2022 yilning bahorida Kremlning ichki siyosat bo‘yicha kuratori Sergey Kiriyenkoning huzuriga kelib, ortiq chiday olmasligi, ketishni istayotganini aytganidan so‘ng nimalar bo‘lganini hikoya qilib bergan. «Ertasi kuni uning rafiqasi huzuriga FXX xodimlari, biznesmen o‘g‘lining oldiga politsiya kelgan. Bir haftada boyagi amaldor Kiriyenkoning huzuriga kelib, fikridan qaytganini aytgan. «Mana bu boshqa gap», — deya jilmaygan Kiriyenko va odatiy tarzda kelgusidagi rejalardan gap ochgan...
Muallif haqida: Ilya Jyegulyov — SmartMoney, Forbes, Meduza, Reuters nashrlarining sobiq maxsus muxbiri. «Shoh bilan yurish: Zamonaviy Rossiyada hokimiyat va ta’sir uchun yashirin kurash. Yelsindan Putingacha» kitobini yozgan va unda Boris Yelsin hukmronligining so‘nggi yillarida asosiy qarorlarni qabul qilgan Kreml amaldorlari, voris sifatida Vladimir Putinning tanlanishi haqida hikoya qilgan.
Mavzuga oid
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
23:44 / 22.11.2024
Putin «Oreshnik» raketalari qurollanishga qabul qilinishi va seriyali ishlab chiqarilishini e’lon qildi
21:54 / 22.11.2024
«Krepkiy oreshnik»: Putin tutib qolish imkonsiz ekanini aytgan yangi raketa haqida nimalar ma’lum?
20:12 / 22.11.2024