Jamiyat | 12:20 / 09.05.2023
41934
14 daqiqa o‘qiladi

«Pulim ko‘payganda juda isrofchi bo‘lib ketgandim»: soxta boyning tazarrulari (Hayotiy hikoya)

«Pulim ko‘payar ekan, eng avval qishloqda o‘zimga hashamatli uy tikladim. So‘ng Toshkent markazidan uch xonali kvartira sotib oldim. Kvartira yevrota’mir qilingan edi. Uni buzdirib, boshqatdan ta’mirlatdim. O‘sha paytda birovlarning pullarini isrof qilayotganimni va keyin uning o‘rnini to‘ldirib bo‘lmasligini zinhor o‘ylamasdim».

Foto: KUN.UZ

Navbatdagi qahramonimiz bilan tuman markazidagi oshxonada tanishib qoldim. Tomarqasida yetishtirgan kartoshkani bozorda sotish uchun olib kelgan ekan.

Bozordagi narx-navo haqida gaplashib o‘tirar ekanmiz, u «Bir paytlar birovlarning puliga bo‘lsa ham bir muddat boy bo‘lib yashaganman. Toshkentdagi kvartiramda vannadagi suvni pisand qilmay, magazindan qadoqlangan suv olib kelib yuvinardim», deb qoldi.

Uning gapini eshitib «Yana qaysidir maqtanchoqqa duch keldim shekilli. O‘zing oddiy bir dehqon bo‘lsang, Toshkentdan uy olishga senga yo‘l bo‘lsin», deb o‘yladim.

U xayolimdan o‘tgan gaplarni uqib turganday «Ishonmayapsiz-a?» deb kulib qo‘ydi. So‘ng gap boshladi:

«Maktabni bitirganimdan so‘ng bir necha yil hujjat topshirib o‘qishga kira olmadim. Shundan so‘ng o‘zimni o‘tga-cho‘qqa urdim, hech ishim yurishmadi.

Bekor yurgan kunlarimning birida Rossiyaga quruq meva sotib keladigan qo‘shnimni ko‘rib qoldim. Shunda u o‘ziga Rossiyada qo‘l-oyog‘i chaqqon yordamchi kerakligini aytib qoldi.

«Xohlasang yur, yaxshi maosh to‘layman. Novosibirskdagi omborxonamga kirib chiqadigan yuklarni nazorat qilib tursang bo‘ldi. Xaridorlarga so‘rab kelgan mahsulotini berib, pulini olib qolasan. Sen qora ish qilmaysan, barchasini ishchilar qiladi. Hisob-kitobga puxta qarab tursang bo‘ldi», dedi u.

Shundan so‘ng qo‘shnim bilan Rossiyaga ketdim. Novosibirskda ishim og‘ir emas ekan. Qo‘shnim aytganday O‘zbekistondan boradigan mahsulotlarni omborga joylashtirish, kun davomida keladigan mijozlar bilan o‘zaro muomala qilish edi.

Ish menga juda ma’qul keldi. Mahsulotlarga xo‘jayin (qo‘shnimni shunday deb chaqira boshladim) narx belgilagan, xaridorlarga mahsulotlarni ishchilar olib berar, mening ishim faqat pul sanab olish edi.

Xo‘jayin yilda 2-3 marta Novosibirskka borar, mendan hisobotlarni olib ortga qaytardi. Savdo qilingan pullar bank orqali O‘zbekistonga o‘tkazilardi.

Shu zaylda 4-5 yil ishladim va Novosibirskda ko‘plab mijozlar orttirdim. Ularning aksariyati birovning qo‘lida ishlashimni bilmas, meni o‘zbekistonlik tadbirkor sifatida tanishardi.

Bir gal xo‘jayin Novosibirskka kelganda agar ruxsat bersa endi o‘zim alohida ishlamoqchi ekanimni aytdim. U rozi bo‘ldi.

«Ancha yil menga halol xizmat qilding. Xizmatingga rozi bo‘l. Men to‘lagan maoshimga roziman. Alohida joy ochsang, mahsulot kerak bo‘lsa nasiyaga berib turaman, sotib bo‘lgach pulini berasan», dedi u.

Shundan so‘ng Novosibirskning boshqa bir chekkasidan ombor uchun ijaraga joy oldim. So‘ng sobiq xo‘jayindan bir necha tonna turli navdagi quruq mevalarni olib, savdoni boshlab yubordim.

O‘zim bilan ishlagan ko‘plab mijozlarni yangi joyimga chaqirdim. Ba’zilari keldi, boshqalari mahsulotlarni avval ishlagan joyimdan olishda davom etdi.

Ko‘p o‘tmay omborimga bitta yordamchi oldim o‘zim O‘zbekistonga qaytib, mahsulot jo‘nata boshladim. Ya’ni sobiq xo‘jayinim qanday ishlagan bo‘lsa, o‘shanday ish tartibiga o‘tdim. Biroq unga o‘xshab mening pulim ko‘p emasdi. Shu sababli sobiq xo‘jayinimdan yanada ko‘proq yuk ola boshladim.

Avvaliga unga pullarni o‘z vaqtida yetkazdim. Bora-bora pullarni kechikib beradigan bo‘ldim. Biroq u ham menga berayotgan mahsulotlaridan yaxshi foyda qilayotgani uchun hech narsa demasdi.

Keyinchalik men ham boylarning safiga kirdim va boshqalar ham ishonib nasiyaga mahsulot beradigan bo‘ldi. Holat shu darajaga keldiki, pulimning hisob-kitobini ham, qarzim qanchaligini ham bilmay qoldim. Taxminimcha qarzim 200 ming dollardan oshardi.

O‘sha paytlarda boylarning davrasiga kirib, birga o‘tirib-turar ekanman, avvaliga ularga havas, so‘ng taqlid qila boshladim. Biroq taqlidni oshirib yubordim va pullarni juda isrof bilan sarflay boshladim.

Pulim ko‘payar ekan, hali uylanmagan bo‘lsam ham eng avval qishloqda o‘zimga hashamatli uy tikladim. So‘ng Toshkent markazidan uch xonali kvartira sotib oldim. Kvartira yevrota’mir qilingan edi.

Uy olganimdan so‘ng tanishlarim uyni borib ko‘rishdi va uning ta’mirini ko‘rib hayron qolishdi. Ustalar mahorat bilan ishlagani shundoq ko‘rinib turar, kvartira haqiqatan zo‘r ta’mirlangan edi.

Ana shunday holatda tanishlarim oldida maqtangim keldi. Uyni boshqatdan ta’mirlatmoqchi bo‘ldim. Buni eshitgan tanishlar hayron qolishdi. Ayrimlari tanbeh berishdi:

«Uka, sening kvartirang eng so‘nggi uslubda ta’mirlangan. Nima qilasan uni qaytadan ta’mirlatib? Qolaversa isrofni ham o‘yla. Hozirgi ko‘rinishidan ham zo‘r ta’mirlataman desang yana bitta ikki xonali uyning puli ketib qoladi. Bu isrof bo‘ladi. Undan ko‘ra puling ko‘payib ketgan bo‘lsa ta’mirga sarflamoqchi bo‘lgan pulingni beva-bechora, yetim-yesirlarga ehson qil, savob bo‘ladi».

O‘sha paytda bunday nasihatlarni qabul qiladigan holatda emasdim. Shu sababli usta qidirishga o‘tdim. Undan avval internetdan xorijiy davlatda zo‘r qilib ta’mirlangan uyni videosini ko‘rdim, so‘ng ustalar bilan uchrashib uyimni o‘shanday qilib bera olishadimi-yo‘qmi, so‘ray boshladim.

Topgan ustalarimning ba’zilari men ko‘rsatgan videoga qarab unday ta’mir qila olmasliklarini aytishar. Boshqalari esa men xohlaganday ta’mir uchun ayrim narsalar xorijdan keltirilishi lozimligini aytishardi.

Oxiri eng zo‘r deyilgan ustalardan birini qidirib topdim. U kvartirani aytganimday ta’mirlab berishga rozi bo‘ldi. Biroq u ham ayrim narsalarni Xitoydan keltirish kerakligini aytdi.

Uyni ko‘rsatish uchun ustani kvartiraga olib bordim. Eshikni ochib ichkariga kirar ekanmiz u hayron bo‘ldi. So‘ng gap boshladi:

«Bu yerga kelishdan avval uyingizning bunday ta’mirlanganini bilmagan edim. Agar xo‘p desangiz sizga do‘stona maslahat beraman, bu uyni ta’mirlatishning keragi yo‘q. Shundoq ham zo‘r ta’mirlangan ekan. O‘zim ham ustaman, lekin boshqa ustalarning sifatli ishini ko‘rsam tan beraman. Uyingizning ta’mirini o‘z ishining ustasi bo‘lgan odam qilgan. Menga farqi yo‘q, pulingizni olib aytgan ishingizni qilib beraveraman. Biroq shu ta’mirni qilgan usta ham vaqtini ketkazib ishlagan, buzib tashlasangiz unga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi. Qolaversa, isrof degan gaplar ham bor. Shu uchun fikringizdan qayting».

Ustaga aytganimni qilib beraverishini aytdim. U meni fikrimdan qaytara olmagach «mayli, o‘zingiz bilasiz» dedi.

Usta bilan xizmat haqini kelishdik. O‘zbekistonda topilmaydigan narsalarni Xitoyga buyurtma berdim. Usta bir necha nafar shogirdi bilan kelib ishni boshladi.

Ustalarga har kun tushlik olib borar ekanman, ko‘z o‘ngimda avvalgi ta’mirdan hech narsa qoldirmay buzib olishdi. O‘sha paytda ular bu ishni hafsalasiz holatda xohlar-xohlamas qilayotganini ko‘rib turardim.

Shu tariqa ustalar bir oy ishlab kvartirani boshqatdan ta’mirlab berishdi. Tanishlarim aytganday usta haqi va ta’mirga ishlatilgan pulga ikki xonali kvartira olsa bo‘lardi.

Mening isrof ishlarim shu bilan tugamadi. Ijara uydan sotib olgan uyga ko‘chib o‘tgach yangi qiliq chiqardim. Qayerdadir boylar mineral suvda cho‘milishadi degan gapni eshitib, men ham vannada oqib turgan issiq suvga yuvingim kelmay qoldi.

Har kuni do‘kondan ikkita 10 litrli idishga qadoqlangan suv olib kelaman. So‘ng uni isitib, o‘sha bilan yuvinaman.

Tanishlar har kun 20 litr suv olishimni ko‘rib hayron bo‘lishdi va sababini so‘rashdi. Ularga kvartirada oqib turgan issiq suv toza emasligi, shu sababli qadoqlangan suvni isitib yuvinayotganimni aytdim. Tanishlarning biri ajablandi, biri hayron qoldi. Yana biri, haddi sig‘adigani dakki berdi:

«Uka, Toshkentga kelguncha qishloqda qanday yashaganing esingdan chiqdimi? Uyingda hammom ham yo‘q edi. Katta ehtimol bilan qozonda suv isitib yuvinarding. «Dom»larda issiq suv bor, o‘shanda yuvinaversang ham tering shilinib tushmaydi. Tag‘in o‘zing bilasan. Seni kibr egallabdi. O‘zingdan boyvachcha yasab olibsan. Ota-bobolarimiz eski chorig‘ingni unutma, deyishgan. Senga ham shu gap».

O‘sha joyda ko‘pchilik ichida meni izza qilgani jahlimni chiqardi. Biroq tishimni tishimga qo‘yib, indamay ketdim.

Ko‘p o‘tmay Rossiyadan yordamchim yuboradigan pulning salmog‘i kamaydi. Sababini so‘rasam omborda mahsulotlar juda kam qolganini aytdi.

Shunda anchadan buyon Rossiyadan yuborilgan pullarni egalariga bermasdan qishloqda qurilgan hovliga, Toshkentdan olingan kvartiraga sarflab yuborganimni esladim.

Sobiq xo‘jayinimning oldiga yana mahsulot so‘rab bordim. U sovuqroq muomala qildi va gap boshladi:

«Uka, daftaring yoningda bo‘lmasa ham mendan qancha qarz ekaningni bilarsan. Mabodo esingda bo‘lmasa eslatib qo‘yay: 100 ming dollar qarzing bor. Yaqinda Novosibirskka borib keldim. Omboringga ham o‘tdim, mahsulotlar sotilib, bo‘shab qolibdi, lekin qarzlarni beray demaysan. Toshkentda uch xonali kvartira olib uni yana boshqatdan ta’mirlatganingdan ham xabarim bor. Bizning hamkorligimiz shu yerda tugadi. Senga ikki hafta muhlat, mening pullarimni oxirgi sentigacha olib kelib ber. Aks holda mendan yaxshilik kutma».

Sobiq boshlig‘im huzuridan kayfiyatim tamomila buzilib chiqdim. 100 ming dollarni birdaniga topib berishning iloji yo‘q edi. Shundan so‘ng boshqa tadbirkorning oldiga bordim, nasiyaga 20 tonna mahsulot berishga rozi bo‘ldi. Uning narxi o‘rtacha 50 ming dollar bo‘lardi.

Novosibirskka jo‘nadim. Borib ulgurji quruq meva sotuvchi vodiylik akaning oldiga bordim va unga 20 tonna yuk kelayotganini, uni arzonroq bo‘lsa ham naqd pulga sotishim kerakligini aytdim. U rozi bo‘ldi.

Yuk yetib borgach uni to‘g‘ri vodiylik akaning omboriga olib bordim. Mahsulotning puli yo‘lkira va boshqa xarajatlarni chiqarib tashlaganda 45 ming bo‘ldi. Yukni foyda o‘rniga 5 ming dollar zarariga sotdim.

Shundan so‘ng omborimga o‘tib yordamchining qo‘lidagi bor pullarni oldim va O‘zbekistonga qaytdim. To‘g‘ri sobiq xo‘jayinimning oldiga keldim va unga 40 ming dollar berib, qolganini ham yetkazishimni aytdim. U rozi bo‘ldi.

Shundan so‘ng firibgarlik yo‘liga o‘tib oldim. Bir tadbirkordan mahsulot olaman va Novosibirskka olib borib arzonroqqa sotaman va ikkinchisining qarzini beraman. Navbatdagi tadbirkordan mahsulot olib, avvalgisini yopaman. Shu tarzda qarzlarim ko‘payib boraverdi va 200 ming dollardan oshdi.

Shu orada sobiq boshlig‘imga qarzning qolgan qismini bera olmadim. U qilib yurgan ishimdan xabardor ekan. Bir kun oldimga keldi va qolgan puli evaziga kvartiraning kalitini tortib olib qishloqdagi uyim ham o‘ziga o‘tganini aytdi.

Keyingi voqealar tezlashib ketdi. Sobiq boshlig‘im kvartirani va qishloqdagi uyimni tortib olganini eshitgan boshqalar meni qidirishga tushishdi.

O‘shanda Toshkentdagi tanishlarimdan birinikiga yashirinishga majbur bo‘ldim. Ota-onamga qo‘ng‘iroq qilib Rossiyaga ketayotganimni, Novosibirskdagi yordamchimga esa omborda qolgan mahsulotlarni arzonroq bo‘lsa ham tezda sotishni va O‘zbekistonga qaytishini aytdim.

So‘ng telefonlarimni o‘chirib qo‘yib, tanishimnikida bir oycha yotdim. Biroq bu tarzda uzoq muddat yashirinib yurib bo‘lmasdi, uyga qaytdim. Daragimni eshitib menga yuk berganlar uyga qidirib borishdi. Ularga hammasini ro‘yi-rost aytdim va sabr qilishsa pullarini ishlab qaytarishga va’da berdim.

Meni qarz qilib qo‘ygan insonlar qiyin vaziyatda qolishdi. Pul yo‘q, shu bilan birga meni organga berib qamatib yuborishsa ham baribir pullari unmaydi. O‘ylab ko‘rib «Xudo o‘zinga insof bersin» deb ketishdi.

O‘shandan buyon oradan o‘n yildan oshiqroq vaqt o‘tdi. Qishloqda yuribman. Savdo bilan shug‘ullanay desam barchaning ishonchidan chiqib ketganman. Shu sababli uyda dehqonchilik qilib ro‘zg‘or o‘tkazib yuribman.

Endi yashash sharoitim ham haminqadar. Qarzlarimni ham qaytara olmadim. Bir paytlar o‘ylamasdan qilingan isrof ishlar jabrini chekyapman.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid