O‘zbekiston | 11:20 / 09.05.2023
5191
2 daqiqa o‘qiladi

SSV: Kolumbiya universiteti bilan yaqin hamkorlik o‘rnatildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

AQShda xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning navbatdagi uchrashuvi Nyu-York shahrida joylashgan Kolumbiya universiteti rahbariyati bilan o‘tkazildi. 

«Ushbu oliy o‘quv yurti qariyb 270 yillik tarixga ega. Muassasa jahon reytingida yuqori pog‘onalarni band etib kelmoqda. Qolaversa, u Qo‘shma Shtatlardagi eng yirik tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

Bu yerda bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlari bo‘yicha 18 ta fakultetda tahsil olayotgan talabalar soni 33 ming nafardan oshadi. Ularning 11 ming nafardan ziyodi xorijiy davlatlar fuqarolaridir. 

Kolumbiya universitetining asosiy kampusi Nyu-Yorkning nufuzli tumani — Manhettenda joylashgan. Vashington-Hayts tibbiyot markazi esa asosiy tadqiqot muassasalaridan biri hisoblanadi.

O‘quv yurti bitiruvchilari orasidan 104 nafar Nobel mukofoti, 30 nafar davlat rahbari, jumladan, AQShning to‘rt prezidenti chiqqan. Jahon farmatsevtika bozorida universitet olimlarining kashfiyot va ixtirolari (artrit, glaukoma, saraton muolajasida qo‘llanadigan dorilar va nogironligi bor shaxslar uchun protezlar) nom qozongan», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Uchrashuvda to‘rtta yo‘nalish — sog‘liqni saqlash, menejment, hamshiralik ishi va stomatologiya bo‘yicha yurtimizdagi barcha tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, xususan, Toshkent davlat stomatologiya instituti bilan o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi stomatologiya sohasida ilmiy grant loyihalarini ro‘yobga chiqarish, bu yo‘nalishda ordinatura va doktorantura tahsilini yo‘lga qo‘yish, yuqori bosqich talabalarining akademik almashinuvini ta’minlash, o‘qituvchilar kasbiy malakasini oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid