Migratsiya agentligidagi shubhali harakatlar videoga tushib qoldi
Bu – ko‘p milliardli «biznes». Bu «biznes»ning boquvchisi – ishsizlik. Aynan yaxshi ish haqi ilinjida odamlarimiz Janubiy Koreyaga ishlashga borishga intiladi. Ammo bu yerda bir to‘siq bor – til imtihonidan o‘tish kerak bo‘ladi. Aynan shu yerda nomard «biznes» sodir bo‘ladi – imtihon jarayonini kuzatib turishga mas’ul qilinganlar talab yuqori bo‘lgani bois, «biznes» qilishadi...
Kun.uz mas’ul idoralarga shikoyatini aytish uchun Surxondaryo viloyatidan poytaxtga kelgan, migratsiya agentligi faoliyatidan norozi bo‘lgan murojaatchilarga mikrofon tutdi.
Karim Bahromov:
«2018 yil imtihonlardan o‘tganman. Nomim bazaga tushib, tanlanganimdan so‘ng, chaqiruv bo‘lavermagach, berilgan muddat o‘tib ketdi. Agentlikka qatnayverdim, «Koreya chaqirsa, ketasiz», deb javob berishadi. Koreyadagi tanishlarimdan so‘rattirdim, Koreyadagi mas’ul agentlik talablarga javob berishim, gap faqat O‘zbekistondagi agentlikda ekanini aytishdi. Keyin berilgan muddat o‘tib ketdi.
Agentlikdagilar bir-biriga qarab, «agar ishingiz hal bo‘lsa, bu mo‘jiza bo‘ladi» deya ustimdan kulib o‘tirishdi. Bu menga juda og‘ir botdi. 200 dan 156,5 ball bilan o‘tganman imtihondan. Xuddi menikidek – muddati tugagan boshqa fuqaro esa keta oldi Koreyaga».
Shohrux Ismatov:
«2022 yil imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib, Tashqi mehnat migratsiya agentligiga borib, bazaga hujjatlarimni topshirdim. Tasdiqlangandan so‘ng SPAS bazada (Koreyaga ketuvchi fuqarolar statusi) koreyslar tanlov o‘tkazishi va men u tanlovda qatnashishim mumkin bo‘ldi. Meniki tasdiqlanmay, «chegaralangan» degan yozuv chiqib qoldi.
Agentlikka 30–40 marta bordim. «Sen 2019 yil imtihondan o‘tgansan, muddating tugamasdan yana qayta imtihondan o‘tibsan, yana qayta o‘t imtihondan» dedi Aziz degan xodim. Migratsiya [agentligi]ning eshik-oynalariga «Bir marta imtihondan o‘tdingizmi, muddat tugamagunicha qayta o‘tmang!!!» deb yozib qo‘ymagan-ku? Boshqa safar «Koreyada xatoligingiz bor, jarimangiz bor» deyishdi. Keyingi safar boshqa narsani ro‘kach qilishardi. Ammo xuddi mening vaziyatimdagi «chegaralangan» belgisi chiqqanlar [muammoni] hal qilib ketishyapti Koreyaga. Migratsiya agentligi orqali «hal qilgani»ni ta’kidlashyapti.
600 dollarga Koreyadan advokat yolladim. U nomimdan Koreyadagi mas’ul idoralarga mening hujjatlarimni tekshirganda menda birorta xatolik va qarzdorlik yo‘qligini hamda Koreyaga kirishim ta’minlanganini aytdi. Faqatgina O‘zbekistondagi Tashqi mehnat migratsiya agentligiga uchrashishim kerakligini aytdi. Agentlikka borib, yuqoridagi gaplarni yetkazdim. Ular ishim hal bo‘lmasligi, qayta imtihondan o‘tishim kerakligini aytib, qaytarib yuborishdi».
Shikoyat qilganlardan yana biri imtihonlarni migratsiya agentligi xodimlari emas, koreyaliklar olishi kerakligini aytadi.
«Men 2018 yildan buyon Koreyada ishlash maqsadida o‘qib, tayyorlanaman, 2019 yil ikkita imtihondan a’lo baholar bilan o‘tdim, uchinchi – oxirgi skill test jarayonida nohaqlik bo‘ldi: Migratsiya xodimlari skill test jarayoniga kirib, vaqt 1 daqiqa berilgan bo‘lsa-da, 30–35 soniyada to‘xtatib qo‘yishdi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan imtihonda ham bir shaxs o‘rniga boshqa shaxsni kirgizishyapti. Shuning uchun, test jarayoniga migratsiya xodimlarining kirishini xohlamaymiz, koreyslarning o‘zi olishini xohlaymiz», deydi u.
Yana bir videomurojaatchi esa, agentlik hududida ro‘y bergan qing‘irliklar videoga olinganini aytib bergan.
«2023 yilda EPS-Topik imtihonlaridan o‘tdik. Shuncha yildan buyon yiqilib kelganman, bu safar imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik uchun, imtihon bo‘layotgan joylarda necha kun bo‘lsa ham muhitni o‘rganish uchun turdik. O‘zim ham kirib chiqdim, ichkarida o‘yinlar bo‘lganini ko‘rdim. Masalan, koreys tilini bilmagan odam o‘rniga boshqa odam pasport olib, kirib ketgan holatlarni ko‘rdik. Bu holatlarning videolarini yozib olganmiz, tegishli joylarga topshirdik.
Surxondaryo viloyatidan bo‘lgan yuzdan ortiq kishini rang ajrata olmadi, daltonik deb imtihondan yiqitishgandi. Biz unaqamasligimiz, ko‘zimiz rang ajratishini aytib, qayta imtihon o‘tkazishni talab qilganimizdan keyin, xatoni tan olib, yuzdan oshiq odamni o‘tkazvorishdi», deydi u.
Kun.uz’ga taqdim etilgan videoda koreys tili test imtihonlari jarayonida bo‘ladigan asosiy «o‘yinlar» aks etgan – o‘ringa kirish. Videoda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ba’zi xodimlari qay tarzda «odam o‘tkazishi» aks etgan.
Xususan, 2023 yil 14, 15 va 16 mart kunlari tasvirga olingan kadrlarda agentlikda faoliyat yurituvchi Aziz Toshtemirov va Begzod Boysariyev Jahon tillari universitetida o‘zi bilan o‘qigan tanishlarini boshqalar o‘rnidan imtihonga kiritayotgani aks etgan.
Kadrlardan birida hatto o‘ringa kirayotgan yigit tekshiruvchilar tomonidan ushlanganda ham, ratsiya orqali so‘zlashuvdan keyin imtihonga o‘tkazib yuborilganini ko‘rish mumkin. Bu holatlar suratga olinayotganini payqab qolishganidan keyin esa imtihon o‘tkazilayotgan hudud ko‘rinmas qilib o‘rab olingan.
Shokir Sharipov tayyorladi.
Mavzuga oid
15:04
Qozog‘istonda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar ogohlikka chaqirildi
18:54 / 09.11.2024
Seul: Shimoliy Koreya GPS-signallarni uzib, kemalar va aviatsiyaga xalaqit bermoqda
10:48 / 09.11.2024
O‘zbekiston va Janubiy Koreya yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni muhokama qildi
10:08 / 09.11.2024