«Qanotlar parchalanmoqda, front qulamoqda». Prigojin - Baxmutdagi vaziyat haqida
«Vagner» asoschisi RF mudofaa vazirligi bo‘linmalari «qochayotgani» haqida nolishda davom etmoqda. Uning aytishicha, ruslar Baxmutda bir kunda 5 kvadrat kilometr maydonni boy bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ruslar mudofaa vazirligi ma’lum qilganiday «taktik chekinmagan», balki ochiqchasiga qochgan.
«Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojinning tasdiqlashicha, RF mudofaa vazirligi bo‘linmalari Donetsk oblastining Baxmut shahri atrofidagi pozitsiyalarini tashlab ketayotgani, bu esa Ukraina qurolli kuchlariga muhim taktik balandliklarni egallash imkonini berganini aytgan. Uning navbatdagi videomurojaati OAV so‘roviga binoan uning matbuot xizmati tomonidan tarqatildi.
Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, mudofaa vazirligi bo‘linmalari endi Baxmutdan Ukraina armiyasining ichkaridagi ta’minot nuqtasi — Chasiv Yar shahriga olib boruvchi yo‘lni bloklay olmayapti. «Biz tomonimizdan bloklangan va „Baxmutning qurshovga tushishi“ deb atalgan Chasiv Yar — Baxmut yo‘li dushman tomonidan bugunning o‘zida ozod etildi. Va dushman, birinchidan, bu yo‘ldan yana foydalanishi mumkin, ikkinchidan, u Baxmut kaftdek ko‘rinib turadigan taktik balandliklarni egalladi», — degan Prigojin.
Ayni vaqtda Baxmut — Chasiv Yar yo‘li nazorati ukrainlar tomonidan qaytarib olingani to‘g‘risidagi ma’lumotni operativ tasdiqlash imkonsiz. So‘nggi kunlarda ukrain manbalari yo‘l bloklanmagani, ammo muntazam ravishda zarbalar ostida turganini aytishayotgandi. 10 may kuni ham Ukraina qurolli kuchlarining Baxmutda bo‘lib turgan 93-brigadasi Rossiya kuchlari Baxmut — Chasiv Yar yo‘li atrofida hujum qilayotgani haqida xabar bergandi.
«Vagner» XHK asoschisi shuningdek RF mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov jurnalistlar uchun brifingda Rossiya qo‘shinlari Berxovka suv ombori yaqinidagi pozitsiyalarni egallab turganini aytganida ochiqchasiga aldaganini aytdi.
«Biz qanotlarni topshirganimizdan keyin taktik chekinish bo‘lgani yo‘q, shuning uchun o‘rtoq Konashenkov, yumshoq qilib aytganda, ayyorlik qilmoqda. Rossiya mudofaa vazirligi bo‘linmalari qanotlardan shunchaki qochmoqda», — degan Prigojin.
RF mudofaa vazirligi rasmiysi avvalroq Rossiya qo‘shinlarining «Janubiy» guruhi bo‘linmalari «mudofaa barqarorligini oshirish maqsadida» «Berxovka suv omborining qulay sharoitlarini hisobga olgan holda» mazkur hududdagi yangi chiziqni egallaganini aytgandi.
Prigojinning xabar qilishicha, Baxmutni to‘liq egallash uchun «Vagner» XHK jangchilari yana 20 ga yaqin ko‘p qavatli binolarni egallashi talab etiladi. «Ammo Baxmutning egallanishi Rossiya Federatsiyasiga hech narsa bermaydi, chunki qanotlar parchalanmoqda, front qulamoqda. Va mudofaa vazirligining axborot maydonidagi vaziyatni qandaydir tarzda yumshatishga urinishlari Rossiya uchun global fojiaga olib keladi. Shuning uchun siz darhol yolg‘on gapirishni to‘xtatishingiz kerak. Agar qochayotgan bo‘lsangiz, yangi mudofaa chiziqlarini barpo eting. Men ko‘p marta ogohlantirgan voqea sodir bo‘la boshladi. Hammasi Rossiya uchun buyuk fojiaga qarab ketmoqda», — degan Prigojin.
- Rossiyadagi harbiy telegram-kanallar 11 may kuni kechqurun Ukraina qurolli kuchlari rejalashtirilgan qarshi hujumni boshlagani haqida xabarlar berishgandi. Xususan, Baxmutni qurshovga olish bo‘yicha amaliyot boshlangani, Ukraina bo‘linmalari Soledarda ham front chizig‘ini yorib o‘tgani xabar qilingandi (Rossiya front yorib o‘tilganini rad etdi). RF mudofaa vazirligi 12 may kuni Ukraina qurolli kuchlari Soledar yo‘nalishida «tomonlar o‘rtasidagi 95 kilometrlik butun aloqa chizig‘i bo‘ylab» olg‘a siljiyotganini tasdiqladi.
- Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 11 may kuni g‘arb nashrlariga bergan intervyusida Ukraina qarshi hujumi boshlanishi uchun «yana biroz vaqt kerakligi», ukrain harbiylari g‘arbdan va’da qilingan qurollar to‘liq yetib kelishini kutayotganini aytgandi.
Mavzuga oid
13:12
Kursk oblastida yashovchi 46 kishi Ukrainadan qaytib keldi
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024