Jahon | 12:07 / 12.05.2023
19913
7 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadagi saylovlar: Injye nomzodini qaytarib oldi. Bu Qilichdoro‘g‘li foydasiga ishlaydi

U bu qarorini saylovoldi tashviqoti paytida unga zarba bergan kompromatlar to‘lqini bilan izohladi.

MEMLEKET PARTY

Turkiyadagi prezidentlik saylovlariga uch kun qolganida to‘rt nomzoddan biri, muxolifatga beriladigan ovozlarning bir qismini o‘ziniki qilib, Erdo‘g‘anning g‘alabasini ta’minlashi aytilayotgan Muharram Injye poygani tark etdi.

Injye nihoyat Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni hokimiyatdan chetlatish uchun haqiqiy imkoniyat yuzaga kelganiga haqli ravishda ishonayotgan muxolifatdagi bo‘linishga sabab bo‘layotgani uchun kuchli bosim ostida qolayotgandi.

«Men o‘z nomzodimni qaytarib olaman», dedi Memleket Partisi yetakchisi jurnalistlarga.

O‘z nomzodini qaytarib olish sabablaridan biri sifatida u shahvoniy xarakterdagi soxta suratlari tarqalganini keltirib, bir yarim oy davomida tuhmat va tayziqlarga uchragani, Turkiya hukumati esa uning obro‘sini himoya qila olmaganidan shikoyat qilgan.

«Soxta akkauntlar, soxta videolar, fotosuratlar... ular Isroildagi pornosaytdan video olishgan va unga mening yuzimni montaj qilishgan. Afsuski, Turkiyadagi ayrimlar manfaati uchun bu videolarni tarqatmoqda», degan u.

Injye shuningdek agar Erdo‘g‘an hokimiyatni o‘zida saqlab qolgudek bo‘lsa, muxolif partiyalar alyansi tomonidan bosh aybdor sifatida ko‘rsatilishini istamasligini aytgan.

Injyening saylovda ishtirok etishdan bosh tortishi - amaldagi prezident Rajab Erdo‘g‘anning saylovdagi asosiy raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘li uchun ajoyib yangilik bo‘ldi. Qilichdoro‘g‘li muxolifatdagi olti partiya tuzgan alyansga yetakchilik qilmoqda va so‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, saylovlarda u 49 foiz ovoz qo‘lga kiritishi kutilmoqda.

Turkiya fond bozori ham bu yangilikka keskin o‘sish bilan reaksiya qildi.

Prezident Erdo‘g‘an mamlakatni 20 yildan buyon boshqarib kelmoqda. Uning boshqaruvidagi so‘nggi yillarda Turkiya jiddiy iqtisodiy muammolarga duch keldi, xususan, inflatsiya darajasi 44 foizga yetdi. Ko‘plab tahlilchilar bunda Turkiya Markaziy banki siyosatiga aralashgani uchun shaxsan prezidentni ayblashmoqda.

Narxlar o‘sishi Turkiya aholisi uchun asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Foto: SOPA IMAGES/LIGHTROCKET

Markaziy bank amalda mustaqillikka ega emas va prezident undan kutgan qarorlarni qabul qiladi. Prezidentning esa pul-kredit siyosati bo‘yicha o‘ziga xos qarashlari bor.

Erdo‘g‘anni fevral oyida 11 viloyatda 50 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan vayronkor zilzilaga o‘z vaqtida va yetarlicha reaksiya ko‘rsatmaslikda ham ayblashadi.

Erdo‘g‘anning avtoritarizmiga qaramay, Turkiyada saylovlar muhim rol o‘ynaydi - so‘nggi o‘n yilliklarda odamlar siyosatga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega ekanliklariga o‘rganib qolishgan va hech kim bu imkoniyat bilan xayrlashishga tayyor emas.

Injyening so‘rovnomalardagi ulushi u qadar katta bo‘lmagan bo‘lsa ham, muxolifat tarafdorlari uning poygani tark etishi (va uning tarafdorlari ovozi muxolifatda qolishi) Qilichdoro‘g‘li yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan birinchi turdayoq 50 foizdan ortiq ovoz to‘plab, g‘alaba qozonish uchun yetarli bo‘ladi deb hisoblashmoqda.

Agar nomzodlardan birortasi 50 foiz ovoz to‘play olmasa, ikki haftadan keyin ikkinchi tur o‘tkaziladi.

Besh yil muqaddam Injye muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq partiyasi nomidan saylovda qatnashib, 30 foiz ovoz to‘plagan, ammo keyingi yil partiyadan ketgandi.

2018 yilgi saylovlarda Injye hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasining «himoyachisi» bo‘lganlikda ayblangandi.

Turkiyalik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va tahlilchilari Injye bu safargi saylovda ham hukmron partiya va uning yetakchisini tanqid qilish o‘rniga asosiy e’tiborni muxolifat nomzodiga qaratganini qayd etishayotgandi. Masalan, u hukmron partiyani qo‘llab-quvvatlagan va Qilichdoro‘g‘lini FETO bilan aloqada bo‘lganlikda ayblagan.

Turkiya muxolifati

«Xalq koalitsiyasi» nomini olgan Turkiya muxolifati olti partiyadan tarkib topgan: bular kamolchilarning o‘tgan asr boshidayoq Otaturk tomonidan tuzilgan Jumhuriyat xalq partiyasi (CHP), dindorlarning «Saodat partiyasi», o‘ng qanot millatchi «Yaxshi partiya» (İYİ Parti), markazchi «Demokratik partiya», «Demokratiya va taraqqiyot partiyasi» va hukmron partiyaning sobiq raisi, sobiq bosh vazir va sobiq tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li tomonidan asos solingan «Kelajak partiyasi». Bu turlicha kuchlarning siyosiy kurashda birlashishga tayyorligi - ularning saylovchilari mamlakatda o‘zgarishlar bo‘lishini qanchalik kutayotganidan dalolatdir.

Birlashgan muxolifat uchun Jumhuriyat xalq partiyasi rahbari Kamol Qilichdoro‘g‘li mas’ul. Hamkasblari aynan uni Turkiyaning bo‘lajak prezidenti sifatida ko‘rishmoqda.

Kamol Qilichdoro‘g‘li 74 yoshda. U so‘nggi 13 yil mobaynida mamlakatning eng ko‘hna partiyasi hisoblangan Jumhuriyat xalq partiyasini boshqarib kelmoqda.

Nomzod bu saylovlarga ko‘plab va’dalar bilan bormoqda.

Ulardan asosiylari - huquq va erkinliklar uchun kurashish, korrupsiya va qarindosh-urug‘chilikdan xalos bo‘lish, NATO bo‘yicha ittifoqchilar bilan kelishmovchiliklarni bartaraf etib, tashqi siyosatni G‘arbga yo‘naltirish, Erdo‘g‘anning mamlakatni inqirozga olib kelgan noan’anaviy iqtisodiy va moliyaviy siyosatidan voz kechish hamda so‘z erkinligini ta’minlash va’dalaridir.

Ammo eng asosiysi - Turkiya yana parlamentar tizimga qaytishi va Erdo‘g‘anga maksimal darajada vakolatlar bergan 2017 yilgi tuzatishlar bekor bo‘lishi uchun konstitutsiyani o‘zgartirish va’dasidir.

photo_2023-03-03_01-29-55.jpg
photo_2023-05-12_12-04-53.jpg

Mavzuga oid