«Mahbuslarning mehnati sovet xalqiniki deb ko‘rsatilgan» - zulm saltanati zindoni GULagda qancha inson saqlangan?
SSSRni Stalin boshqargan 1922-1953 yillar oralig‘ida, NKVD tomonidan millionlab insonlar nohaq qatag‘on qilingan, qamoqqa tiqilgan va o‘ldirib yuborilgan. Tarixchilar qatag‘on qilinganlar soni 20 milliondan oshiq ekani haqida yozadi. Ularning barchasi GULag – Qamoqxonalar bosh boshqarmasiga bo‘ysunuvchi qamoqxona lagerlarida og‘ir sharoitda saqlangan va ishlatilgan. Mahkumlar mehnati evaziga bajarilgan ishlar esa olchoqlarcha «sovet xalqining zahmatli mehnati tufayli qilingani» aytilgan.
Bugun «covet ittifoqi» deyilganda ko‘pchilik yovuz bir saltanatni eslaydi. Bunga sabab, bu davlat Ikkinchi jahon urushida 20 milliondan oshiq qurbon bergani yetmaganday, yovuz boshqaruv tufayli o‘zining 20 milliondan ortiq aholisini qatag‘on qilgan. Qatag‘onlarning asosiy qismi mamlakatni 31 yil boshqargan Iosif Stalin davrida sodir etilgan.
Agar tarixga nazar tashlansa, o‘sha qatag‘onlar tasodifan bo‘lmagan, yovuz tuzum unga ancha avvaldan tayyorgarlik ko‘rgandi. Stalin SSSRni qamoqxonalar mamlakatiga aylantirishni 1920-yillarning ikkinchi yarmida boshlagan edi.
Qatag‘onlarning ilk yirik to‘lqini 1928-1932 yillarda aholini majburiy tarzda kolxozlarga jalb qilish paytida boshlangan. O‘shanda o‘ziga to‘q va o‘rtahollarni «boy-quloq» deb jazolash ortidan mamlakatda ko‘plab odamlarning mol-mulki tortib olinib, uzoq hududlarga surgun qilinadi. Millionlab odam qamoqqa tiqiladi. Boshqalari otib o‘ldiriladi.
Lagerlar (Qamoqxonalar) bosh boshqarmasi (GULag) maxsus bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, 1928-1931 yillarda, SSSR bo‘ylab kollektivlashtirish ishlarida 381 mingta oila quloq qilingan va 1 mln 803 ming 392 nafar kishi qamalgan.
Stalin qatag‘onlari haqida ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazgan tarixchi V.N.Zamskov bergan ma’lumotlarga ko‘ra, SSSRda 1928-1940 yillar oralig‘ida aynan kollektivlashtirish bahonasida 2,5 million kishi qamalgan.
GULag’ning tashkil etilishi
1929 yilgacha SSSRdagi qamoqxonalar va qamoqxona lagerlari ittifoqdosh respublikalarning ichki ishlar xalq komissariatlari tarkibida bo‘lgan.
Kollektivlashtirish davrida ko‘plab odamlar qamalgani uchun mamlakatda qamoqxonalar yetishmay qoladi. Shundan so‘ng qatag‘onlarda jazolanganlarni saqlash uchun qamoqxona lagerlari qurila boshlanadi.
1930 yil 1 oktyabr kuni GULag (Glavnoye upravleniye lagerey) – Qamoqxonalar bosh boshqarmasi tashkil etiladi va mamlakatdagi barcha qamoqxonalar uning tarkibiga o‘tkaziladi.
1934 yilda NKVD (Narodnyy komissariat vnutrennix del) – Ichki ishlar xalq komissariati tuziladi va GULag barcha qamoqxona lagerlari bilan uning tarkibiga kiritiladi.
Shu tariqa GULag tizimi SSSRdagi jami 53 qamoqxona boshqarmasini qamrab oladi. Boshqarmalar tarkibida minglab qamoqxona lagerlari, 425 manzil koloniya, 2000 dan oshiq maxsus komendatura bo‘lgan.
O‘sha paytlarda GULag qamoqxonalarida jami qancha mahbuslar saqlangani haqidagi arxiv ma’lumotlari oxirigacha oshkor etilmagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda GULag lagerlarida bir paytning o‘zida 2,5-3 million nafargacha mahbus bo‘lgan.
Umumiy hisobda esa GULag tuzilganidan boshlab Stalin vafotigacha uning tarkibidagi qamoqxona lagerlarida 20 million mahbus saqlangan.
1939 yildan boshlab, GULag tarkibida alohida ayollar va bolalar qamoqxonalari ham faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Bolalar qamoqxonalarida 12 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar saqlangan. 17 yoshga o‘tganda, ular kattalar qamoqxonasiga o‘tkazilgan.
Stalin qatag‘onlari haqida tadqiqot olib borgan professor, olim Rustambek Shamsuddinov «Qatag‘on qurbonlari» nomli kitobida o‘sha davrning mudhish hodisalari haqida batafsil ma’lumot bergan.
Ikkinchi jahon urushi paytida SSSRda qatag‘onlar birmuncha to‘xtatib turilgan. Ammo urush tugaganidan so‘ng, begunoh odamlarni qamash yana avj olgan. GULag qamoqxonalariga Sharqiy va Markaziy Yevropa mamlakatlaridan kommunistik tuzumga qarshi chiqqanlar, shuningdek ko‘plab yapon harbiy asirlari joylashtirilgan.
1946 yilda Markaziy qo‘mitaning «Zvezda» va «Leningrad» jurnallari haqida» qarori chiqadi. Bu jurnallar Anna Axmatova va Mixail Zoshenkoning «sovet real hayotiga yot bo‘lgan» asarlarini chop etgani uchun ayblangan edi. Shundan so‘ng mamlakat bo‘ylab yana adiblar, ziyolilarni qamoqqa olish boshlanadi va u Stalin vafotigacha davom etadi.
1953 yil 5 mart kuni Stalin vafot etadi. 27 mart kuni SSSR oliy soveti prezidiumi umumiy afv e’lon qiladi. Shundan so‘ng dastlabki uch oyda GULagda saqlanayotgan mahbuslardan 1,2 million nafari ozodlikka chiqadi. Qolgan mahbuslar ham keyinchalik navbati bilan ozod qilinadi.
GULag mahbuslari – tekin ishchi
1930-yillardan boshlab GULag qamoqxona lagerlarida saqlangan mahbuslardan ishchi kuchi sifatida foydalanish boshlanadi. 1930-1956 yillar oralig‘ida SSSRda qurilgan aksariyat yirik qurilishlarda mahbuslar tekin ishchi sifatida ishlatilgan.
Mahbuslarga tamaki va oziq-ovqat sotib olish uchun arzimagan pul berilgan. Ayniqsa, siyosiy mahbuslarga ish haqi to‘lashda ko‘p nohaqliklar qilingan.
1938 yilda mahbuslarni muddatidan oldin ozod qilish tartiblari haqida gapira turib shaxsan Stalinning o‘zi ularning ishchi sifatida mamlakat iqtisodiyoti uchun qanchalik muhim ekanini aytgan edi:
«Mahbuslar qamoqxonada o‘zini yaxshi tutganiga aldanib qolmaslik kerak. U yerda ular tartib bilan yashaydi. Ozodlikka chiqqach yana jinoyat yo‘liga kiradi. Shunday ekan, muddatidan oldin chiqadiganlarni ham ishlayotgan joyida olib qolish choralarini ko‘rish kerak. Ana shunda ular har doim nazoratda bo‘ladi».
Stalinning bu gapidan so‘ng ozodlikka chiqishi kerak bo‘lgan mahbuslarga ichki tartibni buzish bilan ayb qo‘yilib, qamoq muddati uzaytirilaveradi. Oqibatda, tekin ishchi sifatida ishlayotgan mahbuslarning bir qismi vafot etgancha qamoqxona lagerlarida qolib ketaveradi.
1936 yilda NKVD qoshida quyidagi boshqarmalar tashkil etiladi:
- Muhandislik-qurilish bo‘limi;
- Alohida qurilish boshqarmasi;
- Avtomobil yo‘llarini qurish boshqarmasi;
- Tog‘-metallurgiya korxonalarini qurish boshqarmasi;
- «Boshgidroqurilish»;
- «Boshsanoatqurilish»;
- «Dalstroy» (shimoli-sharqiy hududlar qurilish boshqarmasi);
NKVD mahbuslar orasidan turli kasb egalarini alohida ajratib olib, ularni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlatadi. Qo‘lida hunari bo‘lmaganlarni (ayniqsa ziyolilarni) eng og‘ir ishlarga – ko‘mir va turli rudalarni qazish ishlariga jalb qiladi.
Aksariyat qamoqxona lagerlarida siyosiy mahbuslar oddiy jinoyatchilar bilan birga saqlanadi. Oqibatda, oddiy jinoyatchilar siyosiy mahbuslarni kamsitib, ularning kiyimlari va ovqatlarini tortib oladi. Bundan tashqari, lager nazoratchilari bo‘lgan NKVDchilar ham oddiy jinoyatchilarga qaraganda siyosiy mahbuslarga ko‘proq azob berishadi.
Aksariyat qamoqxona lagerlari Sibirda yoki Uzoq Sharqning odam oyog‘i yetmaydigan joylarida topilgan konlar yaqinida tashkil etilgani uchun mahbuslar hech qayerga qochib keta olmagan.
Sovuq havoda mehnat qilishga majburlangan va og‘ir sharoitga chiday olmay vafot etgan mahbuslar qamoqxona lagerlari atrofidagi ommaviy qabristonlarga nom-nishonsiz ko‘mib yuborilgan.
GULag qamoqxona lagerlarida saqlangan mahbuslar tomonidan 1930 yildan 1953 yilgacha SSSRdagi juda ko‘plab yirik obektlar qurilgan.
Jumladan:
- 1931-1933 yillarda uzunligi 277 kilometr bo‘lgan Belomor-Boltiq kanali (250 ming mahbus ishlagan);
- 1932-1937 yillarda uzunligi 101 kilometr bo‘lgan Volga-Don kanali (Kaspiy va Qora dengizni o‘zaro bog‘lash uchun qurilgan);
- 1934 yildan boshlab Baykal-Amur magistral temiryo‘lining Transsibir qismi (500 ming mahbus ishlagan);
- 1935-1942 yillarda Moskva-Kiyev, Moskva-Minsk avtomobil yo‘llari;
- 1937 yilda 128 kilometr uzunlikdagi Moskva kanali;
- 1937 yildan boshlab Pechora magistral temiryo‘li;
- 1930-1941 yillar oralig‘ida jami 6,5 ming kilometr temiryo‘l;
- 1930-1941 yillar oralig‘ida 156 ta aerodrom qurilgan.
Shuningdek, GULag mahbuslari SSSRdagi ko‘plab zavod va fabrikalarni qurishgan. Norilsk va Nijnetegilskdagi metallurgiya kombinatlari, «Severonikel», «Amurstal» va «Pechenganikel» zavodlari mahbuslar tomonidan tiklangan.
Bundan tashqari, GULag mahbuslari tomonidan butun boshli shaharlar tiklangan. Rossiyadagi Komsomolsk, Dudinka, Vorkuta, Uxta, Inta, Pechora, Naxodka, Voljskiy va Dubna shaharlarini mahbuslar qurishgan.
Bu shaharlar Rossiyaning yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarida tiklangani uchun, og‘ir sharoitlarda ishlagan ko‘plab mahbuslar halok bo‘lgan.
Mamlakat bo‘ylab bir necha million GULag mahbuslari og‘ir sharoitlarda ishlar ekan, sovet hukumati olchoqlarcha keng miqyosdagi qurilishlar sovet xalqining mardona mehnati evaziga bunyod etilayotgani haqida dunyoga jar solardi.
Hatto atoqli sovet adiblari ham haqiqiy ahvolni bilsa ham mahbuslarning og‘ir mehnati evaziga qurilgan turli obektlar «Sovet xalqining mardona mehnati evaziga bunyod bo‘lgani» haqida asarlar yozishadi.
Gazetalarda turli qurilish obektlarida «sotsialistik mehnat musobaqasi» qizg‘in davom etayotgani va ishchilar yuqori natijalar ko‘rsatayotgani haqida xabarlar beriladi. Aslida esa barcha ishlar mahbuslarning og‘ir mehnati evaziga bajarilayotgandi.
Masalan, sovet targ‘ibotchilari bo‘lgan 36 nafar adib «Stalin nomidagi Oq dengiz-Boltiq kanali» asarini hammualliflikda yozgan va ularning orasida Maksim Gorkiy ham bor edi. Bu asarda yozuvchilar mahbuslar tomonidan bajarilgan ishlarni olchoqlarcha sovet xalqiga nisbat berishadi.
Keyinchalik bu kitobga ta’rif bergan Aleksandr Soljyenitsin uni «Rus adabiyotidagi qullar mehnati ulug‘langan birinchi kitob» deb atagan edi.
SSSRdagi barcha qurilishlarda asosiy ishlar mahbuslar tomonidan bajarilayotgani barchadan qattiq sir tutilgan. Masalan, 1936 yilda «Mosvolgostroy» (Moskva kanalini qurgan tashkilot) oddiy fuqarolarni ishga olishdan avval ulardan maxsus tilxat olgan.
Tilxatda quyidagicha yozilgan:
«Men «Moskva-Volgostroy» qurilish boshqarmasidagi holat haqida hech qachon, hech kimga va har qanday sharoitda ma’lumot bermayman. NKVDga tegishli qamoqxona lagerlarida saqlanayotgan mahbus-ishchilar hayoti, ishi, kun tartibi va joylashuvi bilan bog‘liq har qanday ma’lumotlarni oshkor qilmayman. Shuningdek, men mahbuslar bilan o‘zaro aloqa qilmayman va ularning shaxsiy iltimoslarini bajarmayman. Men yuqoridagi tartib-qoidalarni buzsam jinoiy javobgarlikka tortilishim haqida ogohlantirildim».
SSSR bo‘ylab ko‘plab insonlar qatag‘on qilinar ekan, ularni sharoit birmuncha yaxshi bo‘lgan mamlakatning g‘arbiy qismida, Kavkazda yoki O‘rta Osiyoda emas, 8-9 oylab sovuq ob-havo hukm suradigan Sibirda va Uzoq Sharqdagi lagerlarda saqlashgan.
Mahbuslar oziq-ovqat bilan ta’minlanishi ham haminqadar bo‘lgan. Ularga doimiy ravishda kiyim-bosh, yotoq koykalari va boshqa zaruriy jihozlar yetishmagan.
Aksariyat qamoqxona lagerlaridagi maxsus baraklarga me’yordan oshiq mahbus joylashtirilgan va ular juda og‘ir sharoitlarda yashashga majbur bo‘lgan.
1938 yilda SSSR prokurori A.Vishinskiy Stalin va Molotovga maxsus xat bilan chiqib, GULagda saqlanayotgan mahbuslarga kiyim-kechak va boshqa jihozlar yetishmayotganini ma’lum qilgan:
«Bamlag (qamoqxona lagerining nomi)da na etik, na boshqa kiyim-kechak bor. Sovun yo‘q. Odamlar kiyimi yo‘qligi uchun hojatxonaga bora olmayapti. Shunday sharoitga qaramasdan u yerga yana yangi mahbuslar jo‘natilyapti. Ularni qabul qilishga uy-joy yo‘q. Uy-joy qurish uchun turli asboblar, arra, bolta yo‘q. O‘rtoq Dimakovning so‘zlariga ko‘ra, oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyat halokatli. Hozir 60-70 ming mahbus qor va muzlar erishidan oldin tayga ichkarisiga yuborilyapti. Ammo ularga faqat bir oylik oziq-ovqat bor. Uxtpechora lageridagi sharoitlar ham qoniqarsiz. Mahkumlarning atigi 60 foizi yotoq bilan ta’minlangan. Ularning 50 foizida issiq kiyim va poyabzal bor xolos. Qamoqda saqlash va tashishdagi qoniqarsiz sanitariya sharoitlari tufayli mahkumlar orasida sil kasalligi tarqala boshladi».
GULagdagi dahshatli azoblar
O‘sha paytda GULag qamoqxonalarida mahbuslar og‘ir sharoitda yashagani haqida hatto qamoqdan chiqib kelgan sobiq mahbuslarning o‘zlari ham hech narsa gapirmagan.
Agar ular «zona»dagi azob-uqubatlar haqida gapirishsa, «Sovet hukumatiga, uning mahbuslarga yaratib bergan zo‘r sharoitlariga» tuhmat qilishda ayblanib, yana qamalish ehtimoli bor edi. Shu uchun ham aksariyat sobiq mahbuslar jim yurishni afzal bilishgan.
«Bizlar ishlaydigan joydan biroz narida xotin-qiz mahbuslar ishlardi. Garchand biz ularni, ular esa bizni ko‘rmasalar ham, lekin vaqti-vaqti bilan nola to‘la faryoddan iborat, Xudoga yolvorib aytgan ashulalari eshitilardi. Ammo ashula oxiriga yetmasdan soqchilar ularning nafaslarini o‘chirardi.
Xudoga yolvorib faryod chekayotgan bu munis ayollar kimlar? Bular urush davrida nemislar qurshovida qolgan, shuning uchun vatan xoini yoki josuslikda ayblanganlar edi. Deyarli ko‘pchiligi Ukraina, Belarus, Boltiqbo‘yidan kelgan sho‘rlik xotin-qizlar».
Bu satrlar xalqimizning atoqli yozuvchisi Shukrulloning «Kafansiz ko‘milganlar» asaridan olingan.
Manfur tuzum o‘sha paytlarda hech kimni ayamaydi. Uning changalidan yosh bolalar, ayollar, qariyalar, hech kim omon qolmadi.
GULag qamoqxonalardagi misli ko‘rilmagan azob-uqubatlar millionlab insonlarning bevaqt vafot etishiga, mayib-majruh bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
GULag haqida asarlar
Stalin vafotidan keyin ham, garchi u Xrushchyov tomonidan qoralangan bo‘lsa-da «Xalqlar dohiysi» davridagi qatag‘onlar haqida asar yozish mumkin emasdi.
Ammo SSSRda Stalin qatag‘onlari haqidagi asarlar keyinchalik baribir yozildi. Ulardan biri Aleksandr Soljyenitsinning «GULag arxipelagi» asari edi. Soljyenitsin uni 1958-1968 yillar oralig‘ida yozgan.
Asarda muallif 257 nafar sobiq GULag mahbusining xatlari, esdaliklari, hikoyalari asosida qamoqxonalarda siyosiy mahbuslarga qanchalik yovuz munosabatda bo‘lishganini ochiqlab beradi.
Ushbu asarni SSSRda chop etishga ruxsat bermasliklarini yaxshi bilgan muallif qo‘lyozmani yashirincha yo‘llar bilan xorijga jo‘natadi. Asar ilk bor, 1973 yilda Parijda chop etiladi.
Asarning xorijda, buning ustiga kapitalistik Fransiyada chop etilishi katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. SSSRda muallifni rosa tergov qilishadi, uy qamog‘ida saqlashadi. Oradan biroz o‘tib SSSR hukumati Soljyenitsinni xalqaro tashkilotlar bosimi ostida xorijga chiqarib yuboradi. Asar qo‘lyozmasini xorijga jo‘natishda yordam bergan adibning yordamchisi va kotibini esa KGB o‘ldirtiradi.
«Gulag arxipelagi» asari SSSRda faqat 1990 yilga kelib kitob holida chop etiladi. Ungacha 1989 yilda «Novyy mir» jurnalining 7-11-sonlarida undan bir necha bob berilgan edi.
Stalin qatag‘onlari va undagi qamoqxonalar haqida asar yozganlar orasida xalqimizning atoqli yozuvchisi Shukrullo ham bor. Yozuvchi 1951 yilda nohaq qamaladi va Stalin vafotidan keyin oqlanadi. Keyinchalik yozuvchi boshidan o‘tkazgan voqealar asosida «Kafansiz ko‘milganlar» asarini yozadi.
Adib, ushbu asarda o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan voqealar asosida GULagda sodir bo‘lgan aksariyat yovuzliklarni hikoya qilgan.
GULag qamoqxonalari haqida yana bir o‘zbek adibi Said Ahmad ham bir qancha asarlar yozgan. Said Ahmad urushdan so‘ng, 1947 yilda nohaq qamaladi va bir necha yil GULagning eng dahshatli qamoqxonalaridan biri bo‘lgan Jyezqazg‘an yaqinidagi lagerda bo‘ladi.
U ham boshqalar qatori, Stalin vafotidan keyin oqlanib uyga qaytadi. Said Ahmad o‘z asarlarida qamoqxonada mahbuslar tortgan azoblarni boricha tasvirlagan. Jumladan, Qo‘rquv saltanati hikoyasida Jyezqazg‘andagi qamoqxona lageridagi holatni shunday tasvirlaydi:
«Lagerda ashaddiy kallakesarlar bilan taniqli olimlar, benderachi, vlasovchilar bilan nemis konslageridan qochib, partizanlar orasida jang qilgan va oxir-oqibat qamoqqa tushgan fidoyi frontoviklar, o‘g‘rilar bilan sobiq davlat arboblari, Turkiston legionida xizmat qilganlar bilan bir bo‘lak shokolad uchun nemis varaqasini yopishtirgan, Boltiqbo‘yi respublikasidan olib kelingan o‘smir bolalar — hammasi aralash-quralash bo‘lib ketgan. Kallakesarlar «siyosiy dushmanlar»ni mazax qiladi. «Ha, intelligentlar, Vatan xoinlari, ahvoling qalay?»
Ertalab aristonlarni besh kishi-besh kishidan qilib safga tizadi. Soqchi baland ovozda baqiradi: «Safdan ikki qadam o‘ngga, ikki qadam chapga chiqish — qochish hisoblanadi. Ogohlantirmasdan otib tashlanadi!» Saf mis koniga yo‘l oladi. Ikki tomonda soqchilar, atrofida it aylanib yuradi. Mis konida ishlash og‘ir. O‘pka sob bo‘ladi. O‘lib qolganlarni olib chiqib ketayotganlarida soqchilar har ehtimolga qarshi murdaning uch-to‘rt joyiga nayza sanchib ko‘radi. (Aldayotgan bo‘lmasin tag‘in!)»
GULag haqida keyinchalik ham boshqa adiblar va tarixchilar tomonidan ko‘plab asarlar bitildi va ularda Stalin qatag‘onlarining bor vahshiyliklari ochib berildi.
GULagning tugatilishi
Stalin vafotidan so‘ng, 1953 yil mart oyida GULag SSSR Adliya vazirligi ixtiyoriga o‘tkaziladi. Oradan bir yil o‘tib 1954 yil yanvar oyida u yana IIVga qaytarib beriladi va nomi «IIVning qamoqxonalar bo‘limi» deb o‘zgartiriladi.
1956 yilda u Axloq tuzatish mehnat koloniyalari bosh boshqarmasi deb nomlanadi. 1959 yilda yana «Qamoqxonalar bosh boshqarmasi» deb ataladi.
Shu tariqa GULag atamasi barcha yovuzliklari bilan tarix qa’riga yo‘q bo‘lib ketadi. GULag tugatilgandan so‘ng mamlakat bo‘ylab joylashgan ko‘plab qamoqxona lagerlari turli korxonalarga berib yuboriladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:39 / 21.11.2024
SSSR tarixidagi eng yirik o‘g‘rilik: qatl etilgan amakivachchalar
14:58 / 03.11.2024
G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: Britaniyaga qochgan sovet mayori
09:20 / 30.10.2024
Rossiyada va dunyoda «Ismlarni qaytarish» aksiyasi bo‘lib o‘tdi
14:21 / 20.10.2024