Qora tusga kirgan yam-yashil Bo‘zsuv - mas’ullar nima deydi? (2-qism)
Rangi qorayib qolgan yam-yashil kanal, qo‘lansa hid va pashshadan aziyat chekayotgan aholi, yillarki yechimini kutayotgan ekologik fojia... 8 may kuni Kun.uz'da “Suv fojiasi — Toshkentda qayta ishlangan kanalizatsiya suvlari Bo‘zsuv kanaliga oqizib yuborilmoqda” sarlavhali surishtiruv e’lon qilingan va unda hududdagi holat va aholi fikri o‘rganilgandi. Surishtiruvning ikkinchi qismida Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasidagi holat va mas’ullar fikrini o‘rgandik.
Aeratsiya stansiyasi rahbariyatiga beradigan savollarimiz juda ko‘p. Suv nega qora tusli? Nima uchun ayrim kunlarda suvning rangi tinib qoladiyu, ba’zan suvdan qo‘lansa hid taraladi? Sizdirilayotgan suvdagi ko‘piklar nimaning hisobiga hosil bo‘ladi? Tashkil topganiga 60 yildan oshgan inshootning bugungi kun talablariga javob berishga quvvati yetadimi? Bo‘zsuv rangini o‘zgartirayotgan suv kanal suvidagi biologik hayot va ekologiyaga qanday ta’sir etadi? Yechimlar-chi? Ular haqida bosh qotirilyaptimi? Stansiya faoliyatini o‘rganish davomida har bir savolimizga birma-bir javob olib, barcha haqiqatlarni yuzaga chiqaramiz. O‘rtaga qo‘ygan ilk savolimiz esa suv nima uchun qora?
“Bunga poytaxtda faoliyat yuritayotgan tekstil korxonalarida foydalanilayotgan bo‘yoqlar sabab”, — deydi Bo‘zsuv suv to‘yintirish inshooti rahbari Jamshid Zufarov.
“Bizning inshootimiz shahardan kelayotgan oqova suvlariga biologik ishlov berish uchun mo‘ljallangan. Suvlarni rangdan tozalash imkoniga ega emasmiz. Aslida har bir tekstil korxonalarining o‘zida mahalliy kimyoviy-fizik suv tozalash inshootlari bo‘lishi kerak. Bu biroz qimmat uskuna. Shu sababli tadbirkorlar bu uskunalardan foydalanishmaydi va rangli oqova suvlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanalizatsiya tarmoqlariga oqizib yuborishadi”, — deydi u.
Zufarov so‘zlariga isbot sifatida Yangi yil hamda Ramazon hayiti ta’tillarida oqova suvlari rangining tingani, sanoqli o‘sha kunlarda Bo‘zsuvga ham qayta ishlangan shaffof suv sizdirilgani aks etgan videolarni bizga taqdim etdi. Aynan shu kunlari Toshkent shahridagi tekstil korxonalari ham dam olgan va shuning hisobiga suv rangi tiniqlashgan.
Mas’ullar poytaxt ichidagi tekstil korxonalarini shahardan tashqariga, Toshkent viloyatida tashkil etiladigan maxsus sanoat zonasiga olib chiqish choralari ko‘rilayotgani, agar shunday qilinsa, inshootdan chiqadigan suvlar ham tabiiy tusga kirishi mumkinligini aytishmoqda. Muammo faqat suvning rangi bilan bog‘liqmi degan navbatdagi savol tug‘iladi. Yo‘q, albatta. 1963 yilda tashkil topgan Bo‘zsuv suv tozalash inshooti faqat biologik ishlov berish uchun mo‘ljallangan. Ya’ni 60 yil oldingi sanoat sharoitlari uchun moslangan. Stansiyada qattiq, yirik jismlar, qushxonalardan oqizib yuboriladigan hayvon jasadlari, terilar, yog‘ va neft qatlamlarini ushlab qolishi mumkin. Lekin u kimyoviy rang, yelim va shunga o‘xshash noorganik moddalardan suvni tozalay olish quvvatiga ega emas.
Poytaxt tobora kengayib, qurilishlar, ayniqsa, so‘nggi yillarda karrasiga oshib ketdi. Stansiyada esa yirik hovuzlar ishlamayapti. Bugungi oqimga suv tozalash inshootining quvvati qanchalik dosh beryapti? Qurilganidan beri inshoot quvvatlari shaharlashish darajasiga qanchalik mutanosib oshirilgan?
Jamshid Zufarovning ma’lum qilishicha, ayni paytda biriktirilgan hududlar bo‘yicha inshoot quvvati yetadi. Lekin yangi “siti” va turar joylarning ko‘payishi ortidan stansiya quvvati ham oshirilishi kerak va bu bo‘yicha ishlar qilinayotganini ta’kidlaydi u.
Poytaxtning bir nechta tumanini o‘zida qamrab olgan oqova suvlari inshootda biologik tozalanib, Bo‘zsuvga quyilgunga qadar bo‘lgan barcha jarayonlarni o‘rgandik. Kimyoviy tozalanmagan suv rangi o‘zgarmagan bo‘lsa-da, uning biologik tarkibi yaxshilanganining isboti sifatida kanalga tushishidan oldin qayta ishlangan namuna suvida baliqlar yashashi mumkinligini ham ko‘rdik.
Muammo shu bilan barham bo‘ldi, rang qora bo‘lsa ham, suvda jonivorlar yashayotgan ekan, u xavfsiz degan fikrdan mutlaqo yiroqmiz. Inshoot rahbari ham kanalga bunday kimyoviy suvning oqizilishidan manfaatdor emasligini, unga bog‘liq bo‘lmagan, shu o‘rinda yechilishi lozim bo‘lgan muammolarni birma-bir sanab berdi. Shuningdek, stansiyada ishlamay yotgan ba’zi hovuzlar, suv yuzida hosil bo‘ladigan ko‘piklarga izoh berdi. Bu haqda tayyorlagan lavhamizda ko‘rishingiz mumkin.
Holat 2 kun davomida o‘rganildi. 2-qismli lavhalarimizda ayanchli vaziyat o‘rtaga tashlandi. Yechimlar bo‘yicha ham takliflar bor. Masalaga birgina e’tibor qaratilib, ekologik fojiaga olib kelayotgan sabablarni bartaraf qilish qolyapti, xolos. Mavzu esa bir necha marta ko‘tarilgan. Va bu respublikadagi yagona shunday holat emas. Voqealar rivojini kuzatamiz…
Sardorbek Usmoniy
Mavzuga oid
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024
Toshkentning ikkita ko‘chasida harakat 19 kunga cheklanadi
17:26 / 21.11.2024
Toshkentda isitish quvurida avariya yuz berdi
15:44 / 21.11.2024