Jahon | 09:11 / 13.05.2023
6126
2 daqiqa o‘qiladi

YeI elchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalar 11-paketi bo‘yicha qaror qabul qila olmadi

Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarning 11-paketi bo‘yicha kelishuvga kelasi haftada erishilishi mumkin, dedi Polshaning YeIdagi elchisi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir qator texnik masalalar bo‘yicha ekspert tahlili zarur.

Foto: oreanda-news

12 may, juma kuni Yevropa Ittifoqi 27 davlatining Bryusseldagi elchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 11-paketi loyihasi matni bo‘yicha kelisha olmadi. Polshaning Yevropa Ittifoqidagi vakili Anjyey Sados kelasi hafta kelishuvga erishilishi mumkin deb hisoblaydi, deb xabar berdi "Polskoye radio". Texnik rejaning bir qator masalalari bo‘yicha hali ham to‘liq ekspert tahlili zarur, deb tushuntirdi Sados.

Polsha Rossiya transport kompaniyalariga qarshi sanksiyalar va Belarusga nisbatan ham xuddi shunday choralar ko‘rishni talab qilmoqda. Bundan tashqari, Varshava Rossiya Federatsiyasining yadro sektoriga qarshi zarur jazo choralarini, shuningdek, Rossiyadan olmos olib kirishni taqiqlashni ko‘rib chiqadi. “Hozirgi vaziyatda biz Rossiyaning agro-oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishni davom ettirish uchun hech qanday sabab ko‘rmayapmiz”, — deya qo‘shimcha qildi Anjyey Sados.

Varshava tashabbusi bilan ukrainalik bolalarni Rossiyaga deportatsiya qilish va ularni majburan asrab olish uchun javobgar shaxslarning qora ro‘yxatini tuzish va loyiha matniga kiritish taklif qilinmoqda.

Yevrokomissiyaning Moskvaga qarshi sanksiyalar 11-paketi bo‘yicha taklifi 5 may kuni Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga yuborilgan edi. Keyingi bosqich bu taklifning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari elchilari darajasida birinchi muhokamasi bo‘ldi.

Xususan, Moskvaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berayotgan turli sub’yektlarga nisbatan jazo choralari muhokama qilindi.

“Yangi paket sanksiyalarga rioya qilish, ularning samaradorligi va biz sanksiyalarni chetlab o‘tishdan qanday qochishimiz mumkinligi haqida bo‘ladi”, dedi Yevrokomissiya matbuot kotibi Erik Mamer 8 may kuni Bryusselda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid