Qilichdoro‘g‘li to‘g‘risida asosiy faktlar. Davlat xizmatidagi uzoq yillar, siyosatdan ketish va qaytish
Xalq alyansidan prezidentlikka nomzod bo‘lgan Kamol Qilichdoro‘g‘li - saylovlarda Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga xavf sola olgan ilk siyosatchidir. Quyida ushbu asosiy muxolif siyosatchi haqida asosiy faktlar keltiriladi.
Kamol Qilichdoro‘g‘li 1948 yil 17 dekabrida Turkiya sharqidagi Tunjyeli shahrida, armiya zobiti va uy bekasi oilasida tug‘ilgan.
Siyosatchi saylovoldi kampaniyasi chog‘ida e’lon qilingan videorolikda diniy ozchilikni tashkil etuvchi alaviylarga mansub ekanini aytadi. U g‘alaba qozongan taqdirda sunniy musulmonlar ustunlik qiluvchi mamlakatda alaviylardan chiqqan ilk rahbar bo‘ladi.
Iqtisodiy tahsil olgan, Turkiya moliya vazirligida ishlagan, 1983 yilda esa davlat xizmatida ilk bor yuqori lavozimga erishgan - moliya vazirligida Daromadlar bosh boshqarmasi direktori o‘rinbosariga aylangan. 1991 yilda Hunardmandlar va kichik tadbirkorlarni ijtimoiy muhofaza qilish jamg‘armasi bosh direktorligiga tayinlangan, bir yil o‘tib Ijtimoiy sug‘urta fondiga rahbar bo‘lgan. Qilichdoro‘g‘li 1999 yilda davlat xizmatini tark etgan va siyosatdan ham ketgan. 1994 yilda Ekonomik Trend jurnali tomonidan «yil amaldori» deya e’tirof etilgan.
U uch yilini dars berish va tadbirkorlik faoliyatiga bag‘ishlaydi: 1999 yildan 2002 yilga qadar bo‘lgan davrda o‘zini Anqaradagi Xojitepe Universitetida o‘qituvchi sifatida sinab ko‘radi, keyin — Turkiye Is Bankasi banki direktorlar kengashi a’zosi bo‘lib ishlaydi.
2002 yilda Jumhuriyat xalq partiyasiga («Respublika xalq partiyasi») a’zo bo‘ladi va Turkiya parlamenti - Buyuk Milliy yig‘ilish deputatiga aylanadi, shundan keyin muntazam ravishda yangi muddatlarga saylanadi, 2007 yildan 2010 yilgacha o‘z partiyasining parlamentdagi fraksiyasiga rahbar va partiya raisi o‘rinbosari bo‘ladi. Partiya 1923 yilda zamonaviy Turkiya asoschisi Mustafo Kamol Otaturk tomonidan tuzilgandi.
2010 yilda Jumhuriyat xalq partiyasi raisi bo‘ladi. Qilichdoro‘g‘lining partiya ichidagi reytingi barcha rekordlarni yangilaydi: uyushma qurultoyida 1250 kishidan 1246 kishi unga ovoz beradi. Shunga qaramay, u shu yilga qadar Turkiya prezidentlik saylovlarida partiyadan nomzodini ko‘rsatmagandi.
Qilichdoro‘g‘li faqat bir marta, 2009 yilda partiya nomidan Istanbul merligi uchun nomzodini qo‘ygan va 36,8 foiz ovoz olib, hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi nomzodidan mag‘lub bo‘lgandi. Uning raqibi Qodir To‘pbosh 44,7 foiz ovoz to‘plagandi.
Partiya boshqaruvidagi yillarda Qilichdoro‘g‘li biror marta prezidentlik saylovlarida ham, parlament saylovlarida ham Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni yenga olmadi. Eng jiddiy muvaffaqiyat 2019 yilga kelib mahalliy saylovlarda qo‘lga kiritiladi, o‘shanda Jumhuriyat xalq partiyasi nomzodlari Anqara va Istanbul merligini yutib olishadi.
Siyosatchi Xalq alyansining yagona nomzodi bo‘lishi uchun bir oydan ortiq vaqt kutdi, chunki u o‘z partiyadoshlari — Istanbul va Anqara merlari Akrom Imomo‘g‘li va Mansur Yavosh kabi saylovchilar orasida taniqli emasdi. Yagona nomzod tanlash bo‘yicha kelishmovchilik shunga olib keldiki, «Saodat» partiyasi yetakchisi (olti partiyadan iborat koalitsiyadagi ikkinchi yirik kuch) Meral Akshener keksa nomzod ko‘rsatilishiga qarshi bo‘lib, koalitsiyadan chiqishini e’lon qildi, ammo bir necha kun o‘tganidan keyin Qilichdoro‘g‘li g‘alaba qozongan taqdirda, Imomo‘g‘li va Yavosh vitse-prezidentlikka tayinlanishi sharti bilan qaytdi. Natijada Qilichdoro‘g‘li faqat 2023 yil 6 martiga kelib Xalq alyansining yagona nomzodi sifatida e’lon qilindi.
Qilichdoro‘g‘li 1974 yilda oila qurgan, ikki qizi va bir o‘g‘li bor.
Mavzuga oid
23:12 / 19.11.2024
Isroilning keyingi nishoni Turkiyami?
11:40 / 19.11.2024
Turkiyada qarindoshi tomonidan fohishalikka majburlangan qiz O‘zbekistonga qaytarildi
17:29 / 18.11.2024
Bloomberg: Erdo‘g‘an Rossiya-Ukraina urushini muzlatib qo‘yish rejasini tayyorladi
21:10 / 17.11.2024