O‘zbekiston | 18:52 / 15.05.2023
11448
5 daqiqa o‘qiladi

“OTMning mingtalik, besh yuztalik reytingga kirishi qog‘ozda bo‘ladigan jarayon emas” – ekspert

Oliy ta’lim bo‘yicha mutaxassis Azamat Akbarovning aytishicha, oliygohlarning xalqaro reytinglarga kirishida 3 ta asosiy jihat inobatga olinadi. Bular – OTMning akademik hamda ish beruvchilar orasidagi nufuzi, undan yetishib chiqayotgan kadrlar va xodimlarning maqolalariga berilgan iqtiboslar.

Kun.uz oliy ta’lim muammolariga bag‘ishlab rasmiylar va shu yo‘nalishdagi ekspert bilan intervyu tashkil qildi. Suhbatda ta’lim bo‘yicha ekspert, professor Azamat Akbarov ham qatnashib, top reytinglar masalasida o‘z fikrlarini bildirdi.

“Har bir universitetni tashkil etishdan maqsad bo‘ladi. Masalan, oliygohlar joylashgan hududini, davlatini rivojlantirishi kerak bo‘ladi. Yevropa, Amerika tajribasidan kelib chiqsak, har bir universitetga bog‘liq shartlar bor. Hozirgi davr universitetlari — birinchi avlod universitetlari, ya’ni 1970-80-yillardagi OTMlardan farqli ravishda faqatgina internetdagi bor ma’lumotni olib, auditoriyaga yetkazish emas, balki o‘sha ma’lumotni tahlil qilib, yangi qo‘shilgan qiymat bilan mahsulotni yarata oladigan kadrni chiqarish kerak bozorga. Bu bilan birga chiqadigan kadrlar bozorda ish beruvchilarning ishonchini qozonadigan bo‘lsa, bu o‘sha davlatning YaIMga katta hissa qo‘shgan bo‘ladi. Demak, biz bor bo‘lgan vatandoshlarni chet elga emas, ularni O‘zbekistonning o‘zida saqlab, viloyatlarning turli xil burchaklarida ish bilan ta’minlashimiz, bu O‘zbekistonni iqtisodiy reytinglarda ilg‘or davlatlar qatoriga qo‘sha oladigan omil hisoblanishi kerak.

Agar top 500 talikka kirgan universitetlarni olsak, ular ham qandaydir statistika uchun kirishmagan, ular aynan o‘sha davlatning iqtisodiy drayverlari hisoblangan mahsulotlarni yetkazib beroladigan 3.0, 4.0 universitetlar sanaladi. Demak, OTMning mingtalik, besh yuztalikka kirishi qog‘ozda bo‘ladigan jarayon emas. Hozir YaIM bo‘yicha nechanchidir o‘rinda turgan bo‘lsak, universitetlarni 500 talikka kiritsak, bu bilan biz iqtisodiy natijani yana oshirib, kuchli 50 talikka kirishimiz mumkin bo‘ladi.

Reytinglarga biroz nazar tashlasak, 2019 yilda qo‘yilgan vazifa mana 2023 yil keldiki, biror universitetimiz top mingtalikka kirmagan. Nima uchun top mingtalikka kirmagan? Buning o‘ziga yarasha omillari bor. Agar ilg‘or reytinglar shartlariga qaraydigan bo‘lsak, buning juda ko‘p mezonlari bor. Shularning asosiy 3tasini aytib o‘tsam, bular: akademik nufuz, ish beruvchilar orasidagi nufuz hamda maqolalarga berilgan iqtiboslar.

Akademik nufuz nimani anglatadi? Hozir ko‘p universitetlar haqiqatan ham Scopus jurnallarida maqola chiqarishga harakat qilishmoqda. Bu yaxshi, albatta. Lekin Scopus jurnalida chiqadigan maqola bor va o‘sha maqolaning boshqalar tomonidan e’tirof etilishi bor. Ikkinchisi eng muhim element hisoblanadi. Biz milliardlab to‘lab, jurnallarda ko‘r-ko‘rona maqola chiqaryapmiz, ammo o‘sha maqolaga hech kim qiziqmaydi. Bu – bizning eng katta muammoyimiz. Akademik nufuz deganda, chiqarilgan maqolaga dunyo bo‘yicha munosabat, ta’sir bo‘lishi kerak. Amerikada bir maqola chiqsa, uning ta’sirini O‘zbekiston, Xitoy yoki dunyoning boshqa davlatlaridan turib biz his qilamiz. Demak, agar biz faqatgina bor bo‘lgan KPI reytinglarini to‘ldirish uchun maqola chiqaradigan bo‘lsak, lekin uning dunyo miqyosida ta’siri bo‘lmaydigan bo‘lsa, universitetlar shu yerning o‘zida 40 foizni yo‘qotyapti. Ya’ni bizda nomigagina Scopus'da maqola bor, lekin uning ishlab chiqarish, dunyoning rivojlanishiga yoki boshqa iqtisodiy drayverlarga hissasi qo‘shilmaydi. Bu birinchisi.

Ikkinchisi, chiqarilgan maqolalarga havola berish. Bu muhim hisoblanadi. Afsuski, bizda maqolalarning ko‘pchiligi dolzarb bo‘lmagani, nafaqat dunyodagi, balki Scopus'dagi maqola qaysi shahardan chiqqan bo‘lsa, o‘sha hududdagi muammolarga yechim berolmagani uchun aktualligini yo‘qotgan. Bu maqolalar qog‘ozda bor, ammo xalqaro universitetlar reytingiga ta’siri yo‘q. Mana shunga akademik nufuz deyiladi. Chiqarilgan ilmiy maqola dunyoga qanchalik ta’sir o‘tkaza oladi.

Shuningdek, uchinchisi, ish beruvchilar orasidagi nufuzi hisoblanadi. Sir emas, hozirda globalizatsiya davrida insonlar dunyoning istalgan davlatiga borib ishlash imkoniyatiga ega. Yaqinda xorijda yashab, ishlaydigan vatandoshlar haqidagi filmni ham tomosha qildik. Bizning hamyurtlarimiz dunyoning nufuzli universitetlari, banklarida ishlashmoqda. Bu ularga ish bergan kompaniyalar vatandoshlarimiz tamomlagan OTMga minnatdorlik bildirishi mumkin degani. Bu juda ham yaxshi narsa. Lekin raqamlarda olib qarasak, bunday holatlar juda kam. Ba’zan o‘zimizdagi ma’lum bir universitet bitiruvchilari ham xususiy sektorda ishlay olmasliklari mumkin”,– deydi u.

To‘liq videoni shu yerda ko‘rishingiz mumkin.

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid