Jahon | 11:42 / 16.05.2023
10863
2 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda sobiq bosh vazir ozod etilganidan keyin yangi namoyishlar bo‘lib o‘tdi

Pokiston hukmron koalitsiya tarafdorlari muxolifat yetakchisi Imron Xonning ozod etilishiga qarshi chiqdi. Avvalroq uning hibsga olinishi tartibsizliklarga sabab bo‘lgan edi.

Foto: AP

Pokiston poytaxti Islomobodda 15 may, dushanba kuni hibsga olinishi tartibsizliklarga sabab bo‘lgan sobiq bosh vazir Imron Xonning ozod etilishiga qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi. Bu safar norozilik namoyishlari hukmron koalitsiya tashabbusi bilan boshlandi – rasmiylar Oliy sudning Pokiston muxolifati yetakchisini garov evaziga ozod qilish haqidagi qaroridan norozi.

Hukmron koalitsiyaning 7000 ga yaqin tarafdorlari Oliy sud binosi joylashgan Islomoboddagi o‘rab olingan hukumat qarorgohiga bostirib kirishdi, biroq hozir vaziyat “nazorat ostida”, deya xabar beradi dpa axborot agentligi. Pokiston hukumatining noroziliklarga chaqirig‘i kuzatuvchilar tomonidan bosh vazir Shehboz Sharif boshchiligidagi koalitsiyaning Imron Xon tarafdorlariga kuchini ko‘rsatishga urinishi sifatida baholanmoqda.

Pokiston muxolifati va hukumati o‘rtasidagi ziddiyat bir necha oydan beri davom etmoqda. Xon 9 may kuni hibsga olinganidan so‘ng mamlakatda tartibsizliklar boshlandi, ular davomida kamida sakkiz kishi halok bo‘ldi, 2000 ga yaqin kishi hibsga olindi.

Imron Xon 2022 yil aprelida ishonchsizlik votumi natijasida bosh vazirlikdan ketgan edi. O‘shandan beri Pokiston rasmiylari unga qarshi korrupsiya, terrorizm va pul yuvish kabi 100 ga yaqin ayblovlar qo‘ygan. Muxolifat tarafdorlari ta’qiblarda siyosiy sabablar bor, deb hisoblaydi.

Mavzuga oid